Bir ish yuzasidan “Sayyor sud“da qatnashishga toʼgʼri keldi. Xojiboy Tojiboev taʼbiri bilan aytganda: “Odam - undan ham koʼp“. It egasini tanimaydi. Bir kichkinagina xonaga (erinmay sanadim) qirq beshta odam kirib olgan (sud, maslahatchilar va kotibdan tashqari).
Janob sudya tez-tez ishlarni koʼrib chiqyapti. Eng koʼp sudlanuvchilar taksistlar ekan. Litsenziyasiz odam tashigani uchun jarimaga tortilgan, mashinasi jarima maydonchasiga olib kirib qoʼyilgan “jinoyatchilar“. Sudya har biri bilan savol javob qilyapti:
Sudya: “Nima uchun litsenziya olmadingiz?”
Sudlanuvchi: “Sharoitim yoʼq edi. Oilada yolgʼiz boquvchiman. Mashina arenda. Ham arendaga, ham litsenziyaga pul orttira olmayman”.
Sudya: “Yaxshi. Sizga qonun boʼyicha eng kam ish haqini yigirma barobaridan yuz barobarigacha jarima qoʼyishim kerak. Sizga EKIHni oʼn barobari miqdorida jarima qoʼllayman. Eʼtirozlar bormi?”
Sudlanuvchi: “Sharoitim...”
Sudya: “Sharoitingizni hisobga olgan holda shu jarimani aytdim. Keyingisi”.
Navbat keyingi “jinoyatchiga“ yetdi.
Sudya: “Nimaga litsenziyasiz odam tashidingiz?”
Sudlanuvchi: “Rossiyaga ketmaslik uchun”.
Sudya: “Savolimga buni nima daxli bor?”
Sudlanuvchi: “Daxli bor. Rossiyada koʼp yil umrim oʼtdi. Singlimni chiqardim. Uy oldim. Uylandim. Birovdan bir tiyin yordam olganim yoʼq. Endi Rossiyaga ketishdan bezor boʼlib, arendaga mashina olib, taksi qilib oilamni boqmoqchi edim. Boshqa ish yoʼq, nima qilay?”
Sudya: “Yaxshi. Sizga EKIHni oʼn barobari miqdorida jarima qoʼllayman”.
Sudlanuvchi: “Sizga vaziyatni tushuntirsam ham, siz menga jarima qoʼllaysizmi?”
Sudya: “Siz qonunni buzgansiz. Men sizni tushunyapman. Lekin qonun doirasidan tashqari chiqa olmayman”.
Sudlanuvchi: “Qonunlar oddiy xalqni qaqshatish uchun chiqarilganmi? Mening uyimda nogiron ukam bor. Uni boqish mening zimmamda. Otam yetti yoshligimdayoq oʼtib ketgan. Shu yoshimgacha oʼgʼirlik qilmadim, harom yemadim, birovning mulkini tortib olmadim. Shumi senlarni qonunlaring? Qonunlaring jinoyat qilmay, oʼz aravasini oʼzi tortib yurgan odamni jinoyat qilishga, oʼgʼirlikka va Vatandan haydashga xizmat qiladimi?”
Yigitni oxirgi soʼzlari boʼgʼiq ovozda, yigʼi aralash chiqayotgan edi. Zalga biroz sukunat choʼmdi. Jimlikni sudya buzdi: “Uka, men sizni yaxshi tushunib turibman. Bu gaplardan foyda yoʼq. Qonunda yigirma barobardan yuqori deb belgilangan. Men shunda ham taksistlarni holatini bilganim uchun oʼn barobar qilib belgilayapman. Bu hukmimni har biri uchun men ham hali javob beraman.”
Jabrlanuvchi yigit bir oz jim turdi-da, “Bilganingizni qiling. Hammasini Аlloh koʼrib turibdi. Hammangni Аllohga soldim” deb, chiqib ketdi.
Davom etishga na mening, na atrofdagilarning, na sudyaning holi qolgan edi. Sudya “Oʼn besh daqiqa tanaffus” deb chiqib ketdi.
Sud zalida arzimagan “jinoyati“ sabab qon-qaqshayotgan yigitlarni koʼrib, ichim ezilib tashqariga chiqaman. Osmon musaffo, kelajak buyuk. Poraxoʼr porasini olyapti. Аmaldor qonunni xohlagan koʼyiga solib oʼynayapti. Hokim buva oʼziga moslab qonunlar chiqartiryapti. Kursilarda amaldor “tiltopdievlar” ayshini suryapti.
Yuz yildirki, vaziyat oʼsha-oʼsha: “Tovuq oʼgʼirlagan - jinoyatchi, milliard oʼgʼirlagan - uddaburon”.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев