Ichra pinhon o`zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o`zbegim.
So`ylasin Afrosiyobu
So`ylasin O`rxun xati,
Ko`hna tarix shodasida
Bitta marjon, o`zbegim.
Al-Beruniy, Al-Xorazmiy,
Al-Farob avlodidan,
Asli nasli balki O`zluq,
Balki Tarxon, o`zbegim.
Qaysari Rum nayzasidan
Bag`rida dog` uzra dog`,
Chingizu Botu tig`iga
Ko`ksi qalqon, o`zbegim.
Tuzdiyu Mirzo Ulug`bek
Ko`ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk —
Qo`ydi narvon, o`zbegim.
Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo`ldi
Shohu sulton, o`zbegim.
Mirzo Bobur - sen, fig`oning
Soldi olam uzra o`t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug`yon, o`zbegim.
Ortda qoldi qo`hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o`zbegim.
Qayga bormay, boshda do`ppim,
G`oz yurarman gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O`zbekiston, o`zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko`ksim osmon, o`zbegim.
Bo`ldi osmoning charog`on
Tole xurshidi bilan,
Bo`ldi asriy tiyra shoming
Shu'laafshon, o'zbegim.
Madh etarman, ona xalqim,
Ko`kragimni tog` qilib,
Ko`ksida tog`lar ko`targan
Tanti dehqon, o`zbegim.
O`zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O`zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o`zbegim.
Men buyuk yurt o`g`lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo`lsam
Sodiq o`g`lon, o'zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o`g`lingman, qabul et,
O`zbegim, jon o`zbegim.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1