Deyarli barcha muvaffaqiyatlar muvaffaqiyatsizlikdan boshlangan. Siz hayotda muvaffaqiyatlimisiz? Muvaffaqiyat deganda siz nimani tushunasiz? Men biladigan juda ko`pchilik odamlar uchun muvaffaqiyat – bu alohida uy, yaxshi turmush o`rtog`i va mashinadan iboratdir. Hatto, bu narsalar uchun jonini berishga tayyor kishilarni ham bilaman.
Albatta, sizga bunga nisbatan ancha ko`proq narsalar kerak. Aks holda siz hozir ushbu maqolani o`qimayotgan bo`lar edingiz. Dunyoda juda ko`plagan narsalar mavjud va ularni qo`lga kiritish usullari ham bir talay. Ammo hozir bu narsalarni qo`lga kiritish haqida emas, balki qanday qo`lga kiritish haqida gaplashamiz.
Agar biror narsani engilgina bajarsak yoki qo`lga kiritsak, o`zimizni omadli va baxtli deb his qilamiz. Agar biror narsani qo`lga kiritish uchun 10-20 marta urinishga to`g`ri kelsachi? Unda maqsadimizni qo`lga kiritganimizdan xursand bo`lishga ham holimiz qolmaydi. Shunday emasmi? Bunda biz o`zimizni baxtsiz, kallavaram, o`z vaqti va sog`ligini bekorga sovuradigan, hatto nima uchun urinayotganligini ham bilmaydigan, qisqasi, muvaffaqiyatsiz odam deb his qilamiz.
O`zimizga va kelajakka ishonmasligimiz muvaffaqiyatga erishishimizga juda kuchli to`siqlar yaratadi. Shundan keyin biz o`z hayotimizni doimiy yiqilishlar, qulashlar, tushunmovchiliklar, yo`qotishlar va hokazolar zanjiri sifatida qaray boshlaymiz. Hatto muvaffaqiyatli bo`lish qandayligi, omadlilar o`zini qanday his qilishini unutib qo`yamiz. Shu bilan birgalikda muvaffaqiyatsizlikni bizning peshanamizga bitib qo`ymaganligini ham esdan chiqaramiz. Eleonora Ruzvelt aytganiday – “Agar o`zimiz bunga ruxsat bermasak, hech kim bizda to`liqmaslik hissini paydo qila olmaydi”. Demak, o`z muvaffaqyaitsizliklarimizga bizning o`zimiz ruxsat beramiz va keng yo`l ochamiz. Tabiatan hech kim muvaffaqiyatsiz emasdir. Shu jumladan siz ham. Hayot quvonchlarga to`ladir. Bu quvonchlardan bahramand bo`lish mumkinligi juda ko`pchilikning hayoliga ham kelmaydi, faqat ayrimlargina o`zlariga tegishli quvonch dozasini ola olishadi.
Shunday ekan muvaffaqiyatsizlar qanday paydo bo`lishini ko`rib chiqsak. Chunki atrofimizdagi odamlarning 90 foizidan ko`prog`ini muvaffaqiyatsizlar tashkil qiladi. Hech kim ham birdanigag muvaffaqiyatsiz bo`lib qolmaydi. Uni shunday tarbiyalashadi. Yoshligingizda kattalar, ota-onangiz, o`qituvchilaringizning sizga aytgan gaplarini bir eslang-a:
- Toshmat qo`rqoq! Uning ustidan sinfdoshlari qancha kulishsa ham g`ing deyolmaydi!
- Mening bechora qizginamni kim xafa qildi? Seni hech kim yaxshi ko`rmaydi. Sen chiroyli ham emassan, qobiliyatlaring ham yo`q. Mayli bir kuningni ko`rarsan
- O`g`lim tishlaringni yuvdingmi? Yo`qmi? Endi tishlaringi sarg`ayadi, keyin chiriydi. Keyin hech narsa eya olmaysan.
- Masalani kimdan ko`chirding? Shuniyam o`zing echa olmaysana?
- Hech narsani o`z vaqtida qila olmaysana? Qoningga tortibsanda, sening ota-onang kim ediyu, sen kim bo`lasan.
Xuddi shu yo`l bilan muvaffaqiyatsizlarni yaratuvchi zavod ketma-ket brak mahsulotlarni chiqaraveradi. Kattalar o`z komplekslarini bolalarga iloji boricha to`liqligicha va hatto, ortig`i bilan etkazib berishga harakat qilishadi. Yoshligidanoq bolalarga sen buni qila olmaysan, kuchsizsan, aqling etmaydi, omadsizsan kabi dasturlar tiqishtiriladi.
Endi siz o`nta mahsulotidan to`qqiztasi brak chiquvchi korxonani ko`z oldingizga keltiring. Bunday korxona qancha vaqt ishlay olgan bo`lar edi? Lekin jamiyatimizda har o`n kishidan to`qqiztasi baxtsiz yoki omadsiz ekanligi jamoatchiligimizni unchalik ham to`lqinlantirayotgani yo`q. Bunga qarshi keskin choralar ham ko`rilayotgani yo`q. Demak, cho`kayotganlarni qutqarish cho`kayotganlarning ishi qabilida ish ko`rishimizga to`g`ri keladi.
Agar siz muvaffaqiyatsizlik girdobiga tushib qolgan bo`lsangiz, sizning shioringiz “Оrqaga, muvaffaqiyat sari!” bo`lishi kerak. Hech qachon esdan chiqarmang, siz atrofingizdagi omadsizlar toifasidan emassiz! Siz – butunlay boshqa odamsiz. Sizning qobiliyatingiz bor, imkoniyatlaringiz cheksiz va siz boshqa davrda yashayapsiz! Sizning birinchi qiladigan ishingiz – bu bo`yningizga tashlangan muvaffaqiyatsizlik sirtmog`idan holos bo`lishdir.
Ko`zingizni yuming, o`zingizning umringiz bitilgan kalendarni ko`z oldingizga keltiring. Uni orqaga qarab ocha boshlang. Besh yil oldin sodir bo`lgan eng yorqin va esda qolarli voqeani eslang. O`sha paytdagi o`zingizning ahvolingizni, kiygan kiyimlaringizni, nimalarni his qilganingizni, atrofingizdagi odamlarni va ularning ko`rinishlarini eslang.
Yana kalendarni varaqlang va o`n yil oldingi eng yorqin voqeani eslang.
Shunday varaqlashda davom eting va o`zingiz besh yoshda bo`lgan vaqtingizni oching. Uyingiz va o`yinchoqlaringizni eslang. O`sha besh yoshli bolakay vaqtingizni butun quvonchlari, qayg`ulari va o`ziga hosliklari bilan eslang.
Siz hozirgi katta kishi o`sha bolakay yoniga boring, uning boshini silang, ko`zlariga qarang, oldingizga olib o`tiring va besh yoshli vaqtingizda kattalardan eshitishni xohlagan barcha gaplaringizni unga ayting.
Undan nima haqida orzu qilishi va nimalardan qo`rqishini so`rang. Bolalik vaqtingizda boshingizdan kechirgan uchta eng qayg`uli voqeani qayta boshdan kechiring. Faqat bunda orqangizda hamma narsani tushunadigan va xohlagan paytda yordam bera oladigan, kuchli va ishonchli katta kishi turganligini his qiling. Bolakay o`zini g`olib deb his qilishiga erishing. Bu voqealarni yangichasiga boshdan kechiring.
Bolakayning qo`lidan tuting va u bilan birgalikda kalendarni ochqilagancha kelajakka tomon boring.
Bizning hayotimizning ko`pgina tomonlari o`tmishimiz bilan bog`liqdir. Ko`pincha bu bog`liqlik negativ tus olgan bo`ladi. Chunki har birimizda xatoliklar, yanglishishlar bo`lgan. Agar biz ularni esdan chiqarish qobiliyatiga ega bo`lmaganimizda hayotimiz do`zaxga aylangan bo`lardi.
Ko`pchilik kishilar o`z hayotlari haqida gapirayotib, uni yaxshi va ayrim hollarda hatto ideal qilib ko`rsatishga urinishadi. Bunga ishonch hosil qilish uchun o`z tanishlaringizning hikoyalariga quloq tuting yoki mashhur kishilarning memuarlarini o`qib chiqing. Bu narsa, hatto, butun boshli xalqlarning tarixida ham kuzatiladi. Har birimizda o`tmishdagi negativ tajribalarimizni tashlab yuboradigan filtr mavjuddir. U bizning hayotimiz tinch va osuda bo`lishi uchun o`tmishimizni filtrlab turadi. Agar bu himoya mexanizmi ishdan chiqsa, inson o`zining o`tmishdagi muvaffaqiyatsizliklari va xatolari qurshovida qolib ketadi. Bunda xotiralar iskanjasi borgan sari kuchayib boraveradi va inson o`tmishi bilan yashay boshlaydi. Bu holatdan chiqish yo`lini bilmagan kishilar uchun bu halokatdir.
Biz miyamizni negativ fikrlashdan pozitiv fikrlashga o`tkaza olamiz. Buning uchun dastlab muvaffaqiyatsizlik degan so`zning o`zini unutishimiz kerak bo`ladi. Agar uni ishlatish kerak bo`lib qolsa ham uning o`rniga xato, yanglishish, adashish kabi so`zlarni ishlatish kerak. Ha, dunyo bizning xohishimiz bo`yicha yaralmagan. Lekin u biz uchun yaralgan. Buni esdan chiqarmang va muvaffaqiyatli bo`lish imkoniyatingizdan foydalaning. Buning uchun bo`lsa, odin o`z muvaffaqiyatsizliklaringiz bilan ishlashni o`rganing. Muvaffaqiyatsizlik holatini yo`qotuvchi va uni ijobiy tajribaga aylantiruvchi bir nechta texnikalar mavjud. Ularni egallab olsangiz, sodir bo`lgan noxushliklarni yangi hayotga, kelajakka tomon ochilgan eshik sifatida qabul qila boshlaysiz.
To`siqlarga xursand bo`lish. Har qanday muvaffaqiyatsizlikni yangi imkoniyat sifatida qabul qilish kerak. Agar baxtsizlik bo`lmaganida baxt nimaligini hech kim bilmagan ham bo`lardi. Bitta kursdoshimni o`qishdan haydashgan edi. Lekin oradan uch yil o`tgandan keyin uning sakkizta magazini bor edi. Bu paytda biz endigina o`qishni tugatayotgan edik.
Muvaffaqiyatsizlik darslari. O`z hayotingizdagi eng jiddiy deb hisoblaydigan uchta muvaffaqiyatsizligingizni eslang. Ularni tahlil qiling. Bundan siz o`zingizga qanday ma’no chiqargansiz? Bu haqda donishmandlar shunday deyishadi – “juda ko`p atirgul barglaridan bir tomchi atirgul moyi olingandek, bir qancha muvaffaqiyatsizlik va qiyinchiliklardan bir tomchi donishmandlik paydo bo`ladi”. Hozir siz o`tmishdagi omadsizliklaringizni qanday qabul qilasiz, bu haqdagi fikrlaringiz qanday va ular haqida o`ylaganda o`zingizni qanday his qilasiz? O`zingizni qurbon deb bilasizmi yoki taqdirning darslaridan juda ajoyib tajriba orttirgan kishi debmi? Taqdirning sizga bergan darslari uchun unga minnatdorchilik bildirishga urinib ko`ring. O`tmishdagi muvaffaqiyatsizliklaringiz sizga yangi imkoniyatlar ochgan va siz umuman shug`ullanishingiz kerak bo`lmagan ishlardan sizni asrab qolgan.
Endi bo`lsa o`zingizga – “O`tmishda boshqa hayot edi va men boshqacha edim, bugungi menning o`tmishida mag`lubiyatlar yo`q, faqat g`alabalar bo`lgan, chunki salbiy tajriba g`alabaga erishish uchun rag`batlantiradi”. Ho`sh, endi o`zingizni qanday his qilyapsiz? O`zingizni qahramon deb bilyapsizmi?
Negativga qarshi og`riq. Chap qo`lingiz bilagiga rezinka kiying. Bu pulni bog`lash uchun ishlatiladigan rezinka bo`lishi mumkin. Har safar muvaffaqiyatsizlik haqida o`ylaganingizda, yo`l qo`ygan xatoyingiz sizni qiynay boshlaganda yoki boshqa negativ fikrlar kela boshlaganda rezinkani torting va birdan qo`yib yuboring. Bu shartli refleks paydo bo`lishiga olib keladi. Har qanday muvaffaqiyatsizlik va xato og`riq bilan assotsiatsiyalana boshlaydi. Bunday og`riqlar qancha ko`p bo`lgani sari qalb og`riqlari shunchalik kamaya boradi. Vaqt o`tishi bilan negativ fikrlar va hislardan qutulishingiz mumkin.
Muvaffaqiyat tarozisi. Tarozining bir pallasiga eng katta uchta muvaffaqiyatsizligingizni, ikkinchi pallasiga eng katta uchta muvaffaqiyatingizni qo`ying. Ularni o`zaro muvozanatlashtiring. Bunda siz hayotingiz o`z muvozanatini saqlayotganiga guvoh bo`lasiz.
O`zingizdagi muvaffaqiyatsizlik holatidan butunlay qutulish uchun ichki aktivlik talab qilinadi. Ichki ishni qanchalik ko`p bajarsangiz, tanglikdan qutulish imkoniyatingiz shunchalik oshadi.
Buni tanga tashlash bilan qiyoslash mumkin. Tanganing old tomoni tushishining imkoniyati qanchaligini bilasizmi? Bu 50 foizni tashkil qiladi. Lekin tangani tashlash sonini oshirsakchi? Aytaylik 10 marta tashlaganingizda 6 marta old tomoni bilan tushishi mumkin. Agar tashlashlar sonini yuzga etkazsangiz, nima bo`ladi? Albatta old tomoni bilan tushish imkoniyati ham oshadi.
Endi siz o`z muvaffaqiyatsizliklaringizni nazorat ostida ushlashni bilasiz. Chohga qulash uyat emas, undan chiqmaslik uyatdir.


Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев