Ukrainaning Donetsk viloyatida 2014-yilning 14-mart sanasi motam kuni, deya e’lon qilindi. Bunga sabab – 13-mart kuni viloyat markazidagi Lenin maydonida yuzaga kelgan to‘qnashuvlarda bir kishi halok bo‘lganligidir. Gubernator Sergey Taruta shu haqdagi farmoyishni imzoladi, deya xabar qilinadi Donetsk ma’muriyati saytida. Juma kuni viloyat hududida bayroqlar tushirildi, muassasa va tashkilotlarga ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazmaslik tavsiya etildi.
13-mart kuni kechki payt Donetskda Rossiya tarafdorlari hamda Ukraina yaxlitligi uchun mitingga chiqqanlar orasida to‘qnashuv ro‘y berdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, viloyatning Rossiya tarkibini talab qilib namoyishga chiqqan faollar “Yagona Ukraina uchun” shiori ostida miting o‘tkazayotgan kishilarga qarata turli buyumlarni otganlar. Keyin esa mitingchilarni o‘rab olgan militsiya qatorini yorib kirib, janjal chiqishiga sabab bo‘lganlar.
To‘qnashuvda yuzlab kishilar ishtirok etgan. Viloyat ma’muriyati saytida rasman e’lon qilinishicha, tartibsizliklar natijasida bir kishi pichoqdan yaralanib hayotdan ko‘z yumgan. Shifoxonalarga esa 26 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat etgan, davolanayotgan to‘rt kishidan bir nafari ham og‘ir ahvolda ekanligi xabar qilingan.
“Ostrov” axborot agentligi ma’lum qilishicha, halok bo‘lgan kishi “Svoboda” millatchi partiyasi viloyat bo‘limining sobiq matbuot kotibi Dmitriy Chernyavskiydir. Ammo mazkur partiyadan ta’kidlashlaricha, to‘qnashuvlarda undan tashqari yana ikki kishi qurbon bo‘lgan.
Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov ommaviy to‘polon tashkilotchilaridan to‘rt nafari qo‘lga olinganligi haqida 14-mart tongida o‘z Facebook sahifasida xabar bergan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Donetskdagi bu voqeada Ukraina hukumatini ayblagan va rasmiy Kiyev mamlakatdagi vaziyatni nazorat qila olmayotganligini ta’kidlagan. Vazirlik saytida 14-mart kuni e’lon qilingan bayonotda ham bu holat eslanib, Rossiya kishilarni o‘z himoyasi ostiga olishi mumkinligiga urg‘u berilgan.
Aytish kerakki, keyingi paytlarda Ukrainaning bir nechta viloyat markazlarida Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchilar miting uyushtirib, Ukrainaning yangi hukumatidan noroziliklarini ifodalamoqdalar. Hatto ayrim hollarda mitingga chiqqanlar ma’muriy binolarni qamal qilib yoki egallab olish hollari ham kuzatilmoqda.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев