Davlatlar aholisi tarkibi islom dinida
e'tiqod qiluvchi 10 %
Yashil: sunniy mintaqalar, Qizil: shiya
mintaqalar, Ko'k : Ibodiy (Ummon)
Islom (arab . — boʻysunish, itoat etish, oʻzini
Alloh irodasiga topshirish) — jahonda keng
tarqalgan uch dindan ( buddizm va xristianlik
bilan bir qatorda) biri. Islom diniga eʼtiqod
qiluvchilar arabcha "muslim" ("sadoqatli";
koʻpligi "muslimun") deb ataladi. "Muslim",
"muslimun" soʻzining boshqa xalqlar orasida
oʻzgacha talaffuz etish (mas, forslarda —
musalmon, oʻzbeklarda — musulmon, qirgʻiz
va qozoqlarda — musurmon, Ukraina va
Rossiyada — basurman) natijasida bu dinga
eʼtiqod qiluvchilar turli nom b-n ataladi. Lekin
bularning ichida hozir musulmon iborasi keng
tapqalgan.
Jahonda qariyb 1,2 mlrd. kishi Islomga eʼtiqod
qiladi. Musulmonlarning 2/3 qismidan koʻprogʻi
Osiyoda yashaydi va bu qitʼa aholisining 20%
idan ortiqrogʻini tashkil etadi. Qariyb 30%
musulmonlar Afrikaga toʻgʻri keladi (qitʼa
aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon
jamoalari mavjud boʻlgan 120 dan ortiq
mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar
aholining koʻpchiligini tashkil qiladi — Shim.
Afrika, Gʻarbiy Osiyoning barcha
mamlakatlarida ( Kipr , Livan, Isroil mustasno),
Senegal , Gambiya , Niger, Somali , Afgʻoniston ,
Pokiston , Bangladesh, Indoneziya va b. baʼzi
mamlakatlarda aholining 80% dan ortigʻi
musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda
musulmonlar aholining yarmidan 80% igacha
tashkil qiladi ( Gvineya, Mali, Livan , Chad ,
Sudan ). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi,
baʼzi bir mamlakatlar ( Gvineya-Bisau,
Kamerun, Burkina-faso , Syerra-Leone va b.)
da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham,
taʼsir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni
jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya,
Hindiston , Pokiston va Bangladesh;
musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo
mamlakatlari, Xitoy , Tailand, Efiopiya ,
Tanzaniya , Kiprda, Yevropaning ayrim
mamlakatlari (Yugoslaviya, Albaniya , Buyuk
Britaniya , GFR, Fransiya va b.), Shim. va Jan.
Amerika qitʼasi mamlakatlari (AQSH, Kanada,
Argentina , Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad
va Tobago)da, Avstraliyada , Fiji orollarida
yashaydi.
I. 7-a.da Hijoz (Gʻarbiy Arabiston) da paydo
boʻldi. Uning asoschisi Muhammad (s a v)dir.
Islom dinining paydo boʻlishi xususida Islom
manbalariga asoslangan diniy anʼanada u ilohiy
hodisa, insonlarni toʻgʻri yoʻlga solish uchun
Alloh tomonidan yuborilgan oxirgi taʼlimot deb
uqtiriladi. Islom talqinida dastlab yahudiy va
xristianlar ham aynan musulmonlar eʼtiqod
qilgan xudoga ishonganlar. Shu xudo, yaʼni
Alloh odamlarga paygʻambar-elchilar yuborgan.
Ammo insonlar paygʻambarlar taʼlimotini
buzganlar. Shuning uchun Alloh insonlarga
oxirgi rasul etib Muhammad (s a v)ni tanladi,
unga oʻzining kalomi — Qurʼon nozil qildi.
Muhammad (sav) oldin oʻz ham shaharlarini,
soʻng barcha arablarni koʻplab qabila
xudolariga sigʻinishdan voz kechish va yagona
xudo — Allohga eʼtiqod qilish, solih hayot
kechirish, u dunyoda jannatga tushish uchun
bu dunyoda ezgu ishlar qilishga daʼvat etdi.
Qurʼonga koʻra, arablar va yahudiylarning
umumiy bobokaloni Ibrohim. (a s) Allohga
birinchi boʻlib imon keltirgan. Demak, Islom
batamom yangi eʼtiqod emas, balki Ibrohim (a
s) ga nozil bo'lgan dinidir.
Muhammad (s a v) 610 y., 40 yoshida vahiy
(ilohiy koʻrsatma) kelishni boshladi. Ammo, bir
necha nufuzli yaqin qarindoshlarini hisobga
olmaganda, Makkaning koʻpchilik aholisi,
ayniqsa, quraysh qabilasining zodagonlari
uning targʻibotlariga ochiqdan-ochiq qarshi
chiqdilar. Muhammad (s a v) ni yolg'onchiga
chiqarib judda katta zulim ko'rsatildi. Dastlab
bir guruh musulmonlar Habashistonga hijrat
qilishdi, Yasribdagi banu Avs va banu Xazraj
qabilalarining vakillari 622 y. musulmon
jamoasini oʻziga qabul qilish, Muhammad (s a
v)ni payg'ambar va Allohni yagona deb tan
olishdi. Hijra nomini olgan bu voqea Islom
tarixida burilish yasadi. Koʻchib oʻtgan kishilar
muxojirlar (koʻchib kelganlar), Madinada
Islomni qabul qilganlar ansorlar (tarafdorlar)
deb ataldilar. Madina va Makka oʻrtasida
boshlangan kurash 8 y. davom etdi (q. Badr
jangi , Uxud jangi , Xandaq jangi va b.). 628 y.
Makka zodagonlari Muhammad (s a v) b-n
kelishishga majbur boʻldilar (q. Hudaybiya
sulhi ). 630 y. musulmonlar qoʻshini hech
qanday qarshiliksiz Makkaga kirib bordi. Makka
aholisi yoppasiga I. dinini qabul qildi va
Muhammad (sav)ni Allohning elchisi (rasuli)
deb eʼtirof etdi. Ana shundan boshlab Makka I.
dini markaziga, Kaʼba musulmonlarning
muqaddas ziyoratgohiga aylangan. Muhammad
(sav) vafot etgan 632 y.da Arabiston ya. o.
toʻla birlashtirilgan, uning aksariyat aholisi
Islom dinini qabul qilgan edi. Arabistonning
siyosiy, iqtisodiy, etnik va madaniy jihatlardan
birlashishida Islom dini muhim omil boʻlib
xizmat qildi.
Muhammad (sav) vafotidan soʻng Abu Bakr (r
a), Umar ibn Xattob (r a), Usmon ibn Affon (r
a), Ali ibn Abu Tolib (r a) paygʻambarning
oʻrinbosari (xalifa ) sifatida hukmronlik qildilar.
Ular va ulardan keyingi xalifalar 7—8-a.larda
Iroq , Falastin , Suriya , Eron , Movarounnahr,
Misr , Shim. Afrika, Pireney ya. o., Shim.
Hindistonni fath qilishdi. Bir asrdan kamroq
vaqt davomida Shim. Xitoydan Ispaniyagacha,
Kavkaz ortidan Hind okeanigacha boʻlgan katta
hududni zabt etdilar va Islom dinini yoydilar
(q. Arab xalifaligi).
I.ning muqaddas kitobi Qurʼondir.
Musulmonchilikda bu kitobning butun mazmuni
Allohning vahiy qilingan soʻzi deb tushuniladi.
I.ning aqidalari, eʼtiqod talablari, huquqiy va
axloqiy meʼyorlari, cheklash va taqiklari Qurʼon
b-n birga uning tafsirlarida, hadis toʻplamlari
va shariat qoʻllanmalarida, shuningdek, 8—12-
a.larda vujudga kelgan ilohiyot adabiyotlarida
oʻz ifodasini topgan.
I.ning asosiy aqidasi — "Allohdan boshqa iloh
yoʻq va Muhammad uning rasuli". I.
ilohiyotining ilk shakli — kalom boʻlib, 8-a.da arab xalifaligida vujudga kelgan. Mutakallimlar
I. dini aqidalarini ishlab chiqqanlar.
I. dini 5 "asos" yoki "ustun" (arkon ad-din al-
islomiy)ga ega: 1) kalima keltirish; 2) namoz
oʻqish; 3) roʻza tutish; 4) zakot berish; 5)
imkoniyat topilsa haj qilish. Shulardan
birinchisi imon va qolganlari ibodat deb eʼtirof
etilgan. Imon 7 aqidani — Allohga, uning
farishtalariga, muqad-das kitoblariga,
paygʻambarlariga, oxirat kuniga, taqdir
(yaxshilik va yomonlik Allohning irodasi b-n
boʻlishi)ga va oʻlgandan keyin tirilishga
ishonishni oʻz ichiga oladi. I.da xatna, roʻza
hayiti, qurbonlik va qurbon hayiti, aqiqa,
mavlid, xudoyi, ashuro kabi oʻziga xos diniy
marosimchilik tarkib topgan. Bundan tashqari,
mahalliy xalqlarda I.gacha mavjud boʻlgan
urfodatlar, jumladan, fol ochirish, dam
soldirish, aziz-avliyolarga, muqaddas joylarga
sigʻinish ham I. marosimchiligiga moslashib
ketgan. I.da ilk davrdan paydo boʻlgan eng birinchi
yirik muammo — oliy hokimiyatni egallashga
paygʻambardan keyin kim haqliroq, degan
masala boʻldi. Ali tarafdorlari "shia" nomini
olib, I.da birinchi boʻlinishni boshlab berdilar.
Uchinchi xalifa Usmon aynan shu boʻlinishning
qurboni sifatida jon taslim qildi. Ikki taraf —
sunniylik va shialik oʻrtasidagi kurash asnosida
xorijiylar deb atalgan uchinchi yoʻnalish ham
paydo boʻldi. Ammo I. tarixi uzra sunniylik
asosiy yoʻnalish boʻlib keldi. Oʻrta asrlarda
hukmronlik qilgan abbosiylar, saljuqiylar,
ayyubiylar, mamluklar, usmonli turklar,
temuriylar sulolalari sunniylikda edilar. Hoz.
kunda ham sunniylar musulmonlarning mutlaq
koʻpchiligi (93%)ni tashkil etadi. Birdan-bir
davlat — Eronda shialik rasmiy diniy yoʻnalish
sifatida qabul qilingan. Iroq, Livan, Shim.
Yaman, Ozar-bayjon va Afgʻonistonda
shialarning yirik jamoalari mavjud. Ummon va
Shim. Afrikada xorijiylarning baʼ-zi toifalari
saklanib qolgan. Musulmon huquqshunosligi —
fiqhda 4 sunniy (hanafiylik, shofiʼiylik,
molikiylik, hanbaliylik) va 1 shia (jafariylik)
mazhablari shakllangan. Mazhablar diniy
firqalardan farq qiladi. Firqalar, asosan,
geografik va iqlimiy omillar hamda I.ni qabul
qilgan xalqlarning oldingi madaniyati, anʼanalari
va diniy tasavvurlari taʼsirida vujudga kelgan.
Ularning aksariyati shia yoʻnalishiga mansub
boʻlib, eng yiriklari — imomiylar, ismoiliylar va
zaydiylardir. I.da ilk davrlardan shariat (barcha
toʻla rioya kdpishi kerak boʻlgan qonunchilik)
b-n tariqat (faqat ayrimlar Alloh. xayrixoxligiga
muyassar boʻlishi mumkinligi) yonma-yon
rivojlanib kelgan. Tariqat asoschilari —
murshidlarning "valineʼmati" asrlar osha hoz.
avlodgacha yetib keladi, degan tushuncha bor.
8—9-a.larda I.da diniyfalsafiy oqim —
tasavvuf paydo boʻldi. Sharqda eng mashhur
boʻlgan tasavvuf tariqatlari — naqshbandiylik,
qodiriylar, shoziliylarpmr.
I. dinining muhim xususiyatlaridan biri — uni
qabul qilgan xalqlar vakillari uchun I. aqidalarini
ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatini
berganidadir. U oʻziga xos 3 taraqqiyot
bosqichi yoki davrni oʻtadi. Birinchisini, shartli
ravishda, Qurʼon davri deb atash mumkin.
Qurʼoni karimda oʻz aksini topgan Arabiston
aholisining diniy ongi darajasini ifoda etuvchi
diniy-siyosiy va ijtimoiy qarashlar, huquqiy va
axloqiy mezonlar butun musulmon olami
uchun xrzirgacha shak-shubhasiz umumiy
qadriyat hisoblanadi. Deyarli 4 a. davom etgan
ikkinchi davr I.da umumislomiy ahkomlar
hukmronligi ostida turli fikrlar yoʻl qoʻyilgani
b-n ajralib turadi. I.dagi yoʻnalishlar,
mazhablar va firqalar ana shu davrda paydo
boʻldi. Musulmonlarning diniy birligi hal qilib
boʻlmaydigan muammo boʻlib qoldi . 10—11-
a.larda anʼanaga sodiq sunniylar b-n imomiy
shialar, muʼtaziliylar hamda ashʼariylar oʻrtasida
munosabatlar, ayniqsa, keskinlashib ketdi.
Xalifa Qodir (991 — 1031) anʼanaviy I.ni qonun
asosida barcha uchun majburiy boʻlgan davlat
dini deb qaror toptirishga urinib koʻrdi. Shu
maqsadda anʼanaga sodiq ilohiyotchilar
imzolagan "Dinning qodiriy ramzi" eʼlon qilindi.
Unda "haq din" deb eʼlon qilingan anʼanaviy
diniy taʼlimotning asosiy qoidalari mufassal
bayon qilib berildi, undan chetga chiqish
jazolashga loyiq eʼtiqodsizlik deb qaraldi. Biroq
bu tadbir ham I.da diniy birlik oʻrnatilishiga
olib kelmadi. Gʻoyaviy kurash keyingi asrlarda
ham davom etdi. Bu kurashda sunniylar
ilohiyotchisi Ibn Taymiya ayniqsa ajralib turdi.
U ilk islomni tiklashga, "haq din" asosida diniy
birlikni oʻrnatishga astoydil harakat qildi. I.dagi
uchinchi taraqqiyot bosqichi musulmon
dunyosi "chekka" oʻlkalarining ahamiyati va
oʻrni ortganligi b-n bogʻliqdir. Batamom oʻzga
madaniy anʼanalarga ega boʻlgan xalqlar
musulmon dunyosining maʼnaviy hayotiga
qoʻshilgach, I.ga oʻz diniy-axloqiy tasavvurlari,
huquqiy meʼyorlari va odatlarini olib kirdilar.
Movarounnahr, Eron, Shim. Afrika, Hindiston,
Indoneziya kabi yirik tarixiymadaniy
mintaqalarda I. oʻziga xos xususiyatlar kasb
etadi.
I.ning rivojlanishiga Movarounnahrda yetishib
chiqqan allomalar kat-ta hissa qoʻshdi. Imom
Buxoriy kitob holiga keltirgan hadislar toʻplami
— "Al-Jomiʼ as-Sahih" I. dinida Qurʼ-oni
karimdan keyingi ikkinchi man-ba hisoblanadi.
Buxoriy va uning safdoshlari I. ilohiyotining
barcha yoʻnalishlari boʻyicha muhim tadqiqotlar
qildilar. Jumladan, I. nazariyotchiligida yuqori
baholanadigan "Ilal ashshariat va Xatm ul-
Asliyot" risolasini taʼlif etgan Hakim Termiziy,
I. huquqshunosligini oʻrganishning asosiy
qoʻllanmasi hisoblangan "Hidoya"ning muallifi
Burhoniddin Margʻinoniy, I. aqidasi asoslarini
muayyan tartibga solgan, kalom ilmida maktab
yaratgan Imom Moturidiy (q. Moturidiylik),
buyuk faqih Abu Lays Samarqandiy, musulmon
dunyosining eng eʼzozli muxaddislaridan Iso
Termiziy, qomusiy ilmlar sohibi, xususan,
tafsir, hadis, shariat qonunshunosligida
salmoqli asarlar bitgan Zamaxshariy,
tasavvufda oʻziga xos iz qoldirgan Ahmad
Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mahdumi
Aʼzam, Najmiddin Kubro, Soʻfi Olloyor, Xoʻja
Ahror, Abduxoliq Gʻijduvoniy va b.ni misol qilib
keltirish mumkin. Ular musulmon eʼtiqodini
xalq dunyoqarashi b-n uygʻunlashtirganliklari
tufayli Oʻrta Osiyoda madaniy hayotning
adabiyot, meʼmorlik, musiqa kabi sohalarida
taraqqiyot yuzaga keldi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев