Oldin ham aytganimdek, biz o`ylayotgan narsamizdan iboratmiz. Albatta, ko`pchilik o`zini o`rab turgan narsalarini o`zining Menidan alohida tasavvur qiladi. Masalan, oddiygina kompyuterni olaylik. U haqda o`ylasam biror narsa o`zgarib qoladimi? Men u haqda o`ylay yoki o`ylamay unga biribirday. Lekin haqiqatda unaqa emas. Men uni sotib olib, uyga keltirganimda hali ko`pchilik uyga kompyuter olish mumkinligi haqida o`ylamas ham edi. To`g`ri u zamonaviy tizimlarda ishlay olmaydi. Kuchi kamlik qiladi. Lekin men u bilan kechayu-kunduz ishlaganman. Mening har bitta harakatimga uning qanday javob berishini bilaman. U yordamida bir nechta elektron darsliklar yaratganman. Juda ko`pchilik odamlarning xojatini chiqarganman. Juda ko`pchilik bilimlarga ega bo`lishimga u sabab bo`lgan. Men hozir undan foydalanmayman, lekin u uyning to`rida, mening o`tmishimdan yodgorlik sifatida turibdi.
Agar atrofingizga e`tibor bilan qarasangiz, undagi hamma anrsalarni siz o`z xotiralarinigiz, hissiyotlaringiz bilan bog`lashingiz ma`lum bo`ladi. Har bitta buyum sizga men yoki boshqa birovga ko`ringanidan boshqacharoq ko`rinadi.
Biz yashayotgan dunyo uni qanday qabul qilishimiz asosida shakllangan. Kim uchundir bo`sh maydon bo`lib ko`ringan narsa boshqa kishi uchun haydash kerak bo`lgan daladir. Biz optimist yoki pessimist bo`lib tug`ilmaymiz. Lekin kimdir ayni sharoitda xavf-xatarni ko`rishni o`rgansa, boshqa kishi imkoniyatni ko`radi. Insonga tabiat tomonidan o`rganish qobiliyati berilgan. Biz hammamiz dunyoni aniqroq va tiniqroq ko`rishni o`rganishimiz mumkin.
O`zimizga ishonch – bu ma`lum dunyoqarash asosida biz dunyoni ko`radigan maslak yoki e`tiqoddir. Bu bizning barcha tajribamiz o`tkaziladigan filtrdir. Bu filtr bizning birinchi harakatlarimizdanoq paydo bo`la boshlagan. Nimaga ayrimlar dadil biror ishni boshlay oladiyu, boshqalar butun umr o`zining biror narsaga yarashiga ikkilanib yuradi? Har qanday tirik organizm unga bir necha marta xuzur bag`ishlagan harakatni hatto bu harakatlar kutilayotgan xuzurni bermay qo`yganda ham davom ettiraveradi.
Bu qoida eng oddiy organizmlardan tortib tabiatning gultoji bo`lgan odamga ham taaluqli. Maktabda Pavlovning tajribalari haqida hammamiz o`qiganmiz. Unda itlarga ovqat berish vaqtida qo`ng`iroq jiringlaydi. Vaqt o`tishi bilan ovqat bermasdan faqat qo`ng`iroq jiringlatiladi. Bunda itlarda xuddi ovqatlanish paytidagidek so`lak ajrala boshlaydi.
Biz o`zimiz qandaymiz?
Siz o`zini bolalardek tutmaydigan hech bo`lmasa birorta katta kishini ko`rganmisiz? Biz doimiy ravishda bolaligimizda orttirgan o`zini tutish stereotiplarini qaytaramiz.
Hozirgi mavjud fikrlash uslubingiz sizning shaxsiyatingiz bilan qay darajada chatishib ketganligini bilasizmi? Bolaligingizda sizga necha marta “Tegma! Qo`y! U erga borma! Buni yutma! To`xta! Indama!” deyishgan? Bu bilan birga aytilishi kerak bo`lgan “Faqat mening aytganimni qil!” degan gap ko`pincha aytilmay qolgan. Eslaysizmi?
Albatta, bularning hammasini ota-onangiz sizga yaxshi bo`lishi uchun qilishgan. Lekin siz eslayotgan narsalaringizning ko`pchiligi sizni ezishga, mustaqil ravishda harakat qilishingizga qarshi yo`naltirilganligini anglashingiz kerak. Chunki kattalar aqlli va kuchlida.
Men bitta oilani bilaman. Ota va ona juda kuchli, aqlli va o`z yo`lini o`zi topgan kishilar. Ularning hayotlarini yo`lga qo`yishlariga hech kim yordam bermagan. Ularning bolalari ham maktabda faqat a`lo va yaxshi baholarga o`qishgan, aqlli bolalar bo`lishgan. Lekin bolalarning birortasi ham hayotda biror ko`zga ko`rinarli ish qilishmagan. Yanayam to`g`riroq aytadigan bo`lsak o`z yo`llarini topa olishmagan. Bir amallab kun ko`rishyapti. To`rtta odam yig`ilgan joyda ota ham ona ham bolalarining no`noqligidan, hech bir ishni qoyillatib bajara olmasligidan, boshqalarning bolalariga o`xshab o`z yo`lini topib keta olmayotganidan va haligacha ulardan yordam so`rashlaridan nolishadi.
Juda qiziqib qolganimdan bolalar bilan gaplashib ko`rdim. Ikkita o`g`il, biri 38 ikkinchisi 40 yoshda, yoshlikda faqat ota-onalarining chizgan chizig`idan yurishganini va hech qachon mustaqil ravishda biror ishga qo`l urishmaganligini, agar o`z bilganlaricha ish qilishsa, hamisha kamsitishga uchraganliklarini aytishdi. Haligacha faqat hamma qiladigan ishlarnigina qilib yurishibdi. Qiz 31 yoshda, hozirda ajrashgan. Har qanday holatda ham onasi to`g`ri gapni gapirishi va haq ekanligini aytdi.
Ota-ona bolalarini o`z avtoriteti bilan bosib qo`yganligini va bolalar shu yoshlarida ham avtoritar kompleksdan qutula olmayotganliklarini na ota-ona, na bolalar tushunishadi.
Albatta, har qanday ota-ona o`zini qobiliyatli, bolalarini yaxshi ko`radigan ota yoki ona sifatida biladi. Lekin bolalarini yaxshi ko`rish ota-onani xatolardan xoli qilmaydi. Masalan, ota o`zining bir qator komplekslarini o`zi ham sezmagan holda bolasiga o`tkazadi. Shuning uchun u bolasini katta xavf-xatardan himoyalamoqchi bo`ladi va barcha e`tiborini imkoniyatlarga emas, xavf-xatarga, kuchga emas, kuchsizlikka qaratadi. Nimaga? Chunki u o`z bolasini o`zicha juda yaxshi ko`radi, uning xavfsizligi, kelajagi uchun qayg`uradi.
Ayrim hollarda xavotirlarimiz aqlimizdan ustun chiqadi va biz, ota-onalar o`z farzandlarimizga o`zimiz ham bilmagan holda zarar keltiramiz. Shuning uchun ham siz ota-onalaringizning hatti-harakatlarini, o`zini tutishlarini tanqid qilmasdan o`zingizga o`zingizning kimligingizni bilishingizga va o`zingizga ishonch hosil qilishingizga yordam beradigan savollarni bering.
Ikkinchi bir holat – ko`pchilik o`zining nimalarga erishganligini boshqalar bilan taqqoslab, aniqlaydi. Albatta, o`zingizni boshqalar bilan taqqoslash, o`zingizga tashqaridan qarash tabiiy holat. Lekin ularning erishgan yutuqlari ularning natijaga erishish qobiliyatlarini ko`rsatadi, siznikinimas. Har bitta muvaffaqiyatga erishgan sportchi o`z natijalarini yaxshilashning eng yaxshi yo`li o`zidan kuchliroq bo`lgan sportchi bilan bellashish ekanligini yaxshi biladi. Ikkinchi tomondan siz faqat boshqalardan tezroq, yaxshiroq, boyroq va hokazo bo`lishni istaydigan bo`lsangiz, tez orada umidsizlikka tushib qolishingiz hech gap emas. Chunki doimo sizdan bu sohada yuqoriroq turadigan biror kimsaning topilishi aniq. Bellashuv usuli faqat bitta holatda, o`z oldingizga o`z natijalaringizni yaxshilash maqsadini qo`yganingizdagina yordam berishi mumkin.
Yaxshi natijalarga erishayotgan kishilar, odatda, bitta natija olganlaridan keyin oldingisidan sal yuqoriroqni mo`ljallashadi. Ular oldiga yanada yuqoriroq natija olish maqsadini qo`yganliklari sababli yanada ko`proq natijalarga erisha borishadi.
Siz o`zingizga “Men kimman?” deb savol berasiz va shu kundan boshlab oldinga qarab harakatlana boshlaysiz. Bu yo`l sizni kamolotga etaklaydi.
Biz qanday katta bo`lamiz
Bola katta bo`lishi jarayonida shunday kun keladiki, u xuddi tuxumdan yangi chiqqan jo`jaday atrofdagi yangi dunyoni ko`radi. Bola birdaniga o`zgarib qoladi. U jizzaki, hech narsaga chidamsiz, mag`rur, maqtanchoq, dag`al, har narsaga bahslashaveradigan bo`lib qoladi. Bu davrni uning o`zi yoshlik deb ataydi, ota-onalari bo`lsa qo`rqinchli tushga o`xshatishadi.
Kechagina kattalarning yordamiga va ma`qullashiga muxtoj bo`lgan bola o`smirlik davrida jizzakilashib qoladi. U o`zining qandayligiga ham shubha bilan qaray boshlaydi: yaxshimi yoki yomonmi, kuchlimi yoki kuchsizmi, bolami yoki erkakmi, qizchami yoki ayolmi? Ko`pincha mag`rurlik va maqtanchoqlik bilan o`ziga ishonmasligini yashirmoqchi bo`ladi. O`zini yo`qotib qo`ygan, ezilgan va ko`pincha qo`rqib qolgan o`smir noholis, shoshilinch va xato harakatlar qiladi. Unga hayot bir tomondan xursandchilikka to`la bo`lib tuyulsa, ikkinchi tomondan uni qo`rqitadi. Yuziga turli toshmalar chiqadi, ovozi o`zgaradi, yashirin joylarda tuklar paydo bo`ladi, erotik tushlar ko`ra boshlaydi. U o`zi bilan bo`layotgan voqealarni nazoratga olishni xohlaydi va “Men kimman?” deb savol bera boshlaydi.
Albatta, bu savol har bir kishining oldida butun umri davomida turadi. Lekin biz boshqa hech qachon bu savolning javobini bu darajada qiziqish bilan qidirmaymiz. Boshqa hech qachon bu javob bizdan bu darajada uzoq bo`lib tuyulmaydi. Yu
Bolalar ishonishni o`rganishadi, o`smirlar bo`lsa o`zlarini qidirishadi. Aynan o`smirlik davrimizda biz o`zimizning kim va nima ekanligimizni tushunishga harakat qila boshlaymiz va hayotning hech qanday tartibi yo`qday bo`lib tuyuladi. O`zimiz boshqara olmaydigan sharoitlarga o`zimizni uramiz, bitta noxushlikdan ikkinchisiga uchraymiz. Biz yo u tomon yo bu tomon bo`lishimiz kerak bo`ladi. Oraliq natijalar bizni qoniqtirmaydi. Albatta, siz bu davrni yaxshi eslaysiz.
O`smirlik davrida boshimizdan katta o`zgarishlarni kechiramiz. Ko`pchilik hollarda shunday gaplarni aytib qo`yamizki, ular bizning ichki holatimizni, o`zimiz haqimizdagi ikkilanishlarimizni foy qilib qo`yadi.
O`zimiz yolg`iz qolganimizad “Menga nima bo`lyapti?” deb qichqirgimiz keladi. Biz katta bo`lyapmiz. Bu holat ayrimlarda 30 yoshgacha, boshqalarda esa undan keyin ham davom etadi. Biz ko`pincha o`z qo`rquvlarini yashirish maqsadida tavakkalchilik qiladigan, doimo bahslashuvchi, pul va hokimiyatga ochko`zlik bilan harakat qiluvchi, hech narsadan lazzat topmaydigan, o`ziga nisbatan yaxshi munosabatda bo`la olmaydigan, lekin otashin muhabbat izhor qiladigan, o`zining tajribasida ham o`rganmaydigan katta kishilarni uchratamiz.
Bu o`smirlarga hos xususiyatdir. Katta kishiga o`zini bolaga o`xshab tutayotganligini gapirishgan haqiqatda u o`zini o`smirga o`xshab tutayotganligini ko`zda tutishadi. Bu farqni farqlay olish kerak. Inson hayotida uch davr bor: bolalik, o`smirlik va katta kishi.
Bolalar ishonishga o`rganishadi, o`smirlar o`zlarini qidirishadi, kattalar esa o`zlaridan tashqariga qarashadi.
Xira ko`zguni tasavvur qiling. Uni artsangiz, o`z aksingizni ko`rasiz. Endi bo`lsa uni shu darajada qattiq artingki, uning qaytaruvchi qoplami sidirilib tushsin. Endi siz shaffof oynada o`z aksingizning orqasida turgan narsalarni ham ko`ra olasiz. Biz o`zimizdan tashqarida bo`lgan narsalarni ko`ra boshlaganimizda va ular haqida qayg`ara boshlaganimizdagina katta kishiga aylanamiz. Bola ishonishni o`rganayotgani, bu uning ko`zguni artayotganidir. O`smir o`zini izlayotganda o`z aksini ko`rayotgan bo`ladi. Biz katta bo`lganimizda o`zimizni anglaymiz va o`z kamchiliklarimizni ham ko`ra boshlashimiz qaytariuvchi qoplamni sidirishimizga imkon beradi. Faqat “Men o`zimni qanday bo`lsam, shundayligimcha qabul qilaman!” deb ishonch bilan ayta olishimizgina xuddi kattalardik o`zimizdan tashqariga qarashga, sharoitni aniq tushunishga yordam beradi.
O`zimizni ochishimiz dadillashishimizga olib keladi. Lekin bu holat boshqalar bizni o`zimiz qanday bo`lsak, shundayligimizcha qabul qila boshlagandagina bo`lishi mumkin. Lekin biz haqiqatda qandaymiz? Bu “Men kimman?” degan savolga har birimiz berishimiz kerak bo`ladigan javobdir.
O`zingizni bilishning uchta usuli
1. Biz yolg`iz qolganimizda “Men kimman?” degan savolning javobi – bu bizning tabiatan berilgan yoki o`rgangan qobiliyatlarimiz, hissiyotlarimiz, hayollarimiz, xohishlarimizdan iborat bo`ladi. Bu bizning borlig`imizdir.
Bu savolning ma`nosini ko`rsatib beradigan bitta rivoyatnamo voqeani eshitganman. Dzen ustasi KKennedi aeroportidan uchayotgan bo`ladi. Shu erda bitta jurnalist har bitta yo`lovchidan “Dunyodagi eng yomon narsa nima?” deb so`rayotgan bo`ladi. Kimdir yadro urushi deb javob bersa, yana kimdir xotinimning menga xiyonat qilishi deb javob beradi. Shu erda o`tirgan monaxni ko`rib qolgan reporter unga ham shu savolni beradi. Shunda monax undan “Sizning o`zingiz kimsiz?” deya so`raydi. Reporter “Men Djon Smitman, falon gazeta muxbiri” deb javob beradi. Monax yana “Tushundim, lekin siz o`zingiz kimsiz?”, reporter “Odamman”, monax “Bu ma`lum narsa, lekin siz kimsiz?”. Shundagina reporterga gapning ma`nosi etib boradi va hech nima deb javob bera olmay qoladi. Shunda monax “O`zingining kimligingni bilmasligin dunyodagi eng yomon narsadir” deb javob bergan ekan.
2. Menga tegishli bo`lgan hamma narsalar – menikidir. Lekin men egalik qilayotgan narsalarning o`zi nima? Kiyimlar 1-2 yildan ko`pga chidamaydi, uy eskiradi, mashina chirib ketadi, omad yo keladi, yo ketadi, hatto tanamiz ham vaqti kelib eskiradi.
Biz o`zimizniki deb hisoblaydigan narsalarning qay darajada o`tkinchi ekanligini quyidagi latifa ko`rsatib beradi. Taniqli xudojo`y kishining yashash turzi juda oddiyligidan hayron qolgan turist undan “Bor narsangizning hammasi shumi?” deb so`raydi. Xudojo`y kishi ham kulib turistning chamadonini ko`rsatadi va “Sening ham bor-yo`q narsang shumi?” deb so`raydi. “Albatta – deydi turist – axir men hozir yo`ldamanku”. Xudojo`y kishi bosh irg`ab “Men ham” deydi.
3. Men qanday ko`rinaman – bu atrofdagilarning biz haqimizdagi fikrlaridir. Nimalarga egaligimizni ko`rib, sanab chiqishimiz mumkin. Lekin atrofdagilarning nazarida biz qanday odammiz? Odatda biz bu haqda o`ylamaymiz ham. Farzandlarimiz bizni qanday qabul qilishadi? Hamkasblarimiz bizni qanday qabul qilishadi? Yaxshi, yomon, ishchan, axmoq, mag`rur, kirishimli yoki johil debmi? Rahbarimizning nazdida biz qanday odammiz: ishbilarmonmi, engiltakmi, ko`ngilchanmi, soddami, ayyormi yoki zo`ravonmi? Juda oddiy savollar-a? Oddiy ko`ringani bilan bilan bular eng murakkab savollardir. Bu savollarning siz uchun haqiqiy javoblarini topish uchun mag`rurlik, o`zibilarmonlik, komplekslar va qo`rquvlaringizni engib o`tishingiz kerak bo`ladi. O`zingizdan va ongingizdan tashqariga chiqishingiz kerak bo`ladi. “Men kimman?” degan savolga javob berish uchun o`zingizga tashqaridan qarashingiz va sizni boshqalar qanday qabul qilishlarini ko`rishingiz, shundan keyingina ichingizda o`zingizni topishingiz kerak. Bu engil vazifa emas. Bu hatto qolgan butun umringizga beriladigan vazifadir. Bu vazifani qanday bajarganingizni sizdan boshqa hech kim tekshirmaydi ham. Bu sizning ishingiz.
1 topshiriq. Uchishni o`rganamiz
Hozir o`zingiz o`tirgan xonani yaxshilab ko`zdan kechiring. Devorlari, shipi, poli, undagi mebellar, har bir mayda-chuydani e`tibordan qochirmaslikka harakat qiling. Bu narsalarning hammasini har xil joylardan kuzating.
Endi bo`lsa bo`shashing va o`zingizga o`ng`ay holatda osmonga qarab yoting. Ko`zingizni yuming va ko`z oldingizda oppoq va hech nima yo`q joyni tasavvur qiling. Endi mana shu oppoqlikda asta-sekin hozirgina o`zingiz ko`rgan narsalar paydo bo`la boshlaydi. Oldin buyumlar xira-shira, keyin esa aniqroq ko`rina boshlaydi. O`zingizcha tasavvur qilishga urinmang. Siz narsalarni aniq ko`rishingiz kerak.
Buni kimdadir darhol, yana kimlardir ma`lum mashqlardan keyin bajara olishadi. Buni bajarish mumkin bo`lgan ish. Buyumlarni aniq ko`ra boshlaganingizdan keyin qarash nuqtasini o`zgartirib, boshqa joydan ularni ko`rishga o`tish kerak. Hamma narsa, hatto, sizning tanangiz ham o`z joyida qoladi. Sizning ko`zingiz fotoapparat misoli bir joydan ikkinchi joyga ko`chishi mumkin. Bu apparat yordamida deraza oldidan yoki eshik yonidan turib xonani rasmga tushirasiz. Hamma buyumlar bunda boshqacha ko`rinadi. Unga sizning tanangizning bir qismi tushishi mumkin. Uni yaxshilab tomosha qiling. Endi bo`lsa fotoapparat shipning tagiga o`rnatiladi. Xuddi uchayotgandek bo`lasiz. Pastga qaraysiz va o`z tanangizni ko`rasiz. O`zingizni tashqaridan ko`rasiz. Tanangiz o`zingiz tasavvur qilganingizdan boshqacha ekanligini ko`rib daxshatga tushasiz. Agar bu ishni to`g`ri amalga oshirsangiz va haqiqiy ko`rinishni o`z fantaziyalaringiz bilan almashtirmasangiz, o`zingizga notanish odamni ko`rasiz. Ana shu begona kishi – sizsiz. Klinik o`lim paytida tanadan ajralgan rux taxminan shunday hissiyotlarni boshdan kechiradi. Lekin biz hali ko`p yashashimiz kerakligi sababli, fotoapparatni joyiga qaytaramiz. Hozircha ko`rganingiz etarli. Endi o`rningizdan turing ozroq jimoniy harakatlar qiling.
Uchish u darajada qiyin ish emasligiga amin bo`ldingizmi? Ko`rganingizdek buning uchun qanot chiqarish ham, samolyot sotib olish ham kerak emas. Bu bilan biz o`zimizga tashqaridan qarashni va nimalarga ega ekanligimizni bilishni o`rganamiz. Siz “Tanamni chetdan ko`rdim, lekin men ega bo`lgan narsalar qani?” deb so`rarsiz. Tanangizni ko`rdingizmi? Uni ko`rayotganda o`zingiz qaerda edingiz? Demak, tanangiz – bu siz emassiz. U sizga tegishli bo`lgan narsa. U xuddi uyingiz, mashinangiz. Turmush o`rtog`ingiz va boshqa narsalaringizga o`xshab sizga tegishli bo`lgan buyumdir. Bu narsalarning hech biridan ayrilgingiz kelmaydi. Lekin biror kuch bilan sizdan ajratib olish mumkin bo`lgan narsalarning barchasi – bu siz emassiz. Siz – o`ta noyob va bo`linmaydigan narsasiz.
Qanday qilib baxtli bo`lish mumkin?
Odamlar baxtli bo`lishni istashadi. Lekin o`zlari nimani xohlayotganliklarini unchalik ham tushunishavermaydi. Baxt, odatda, lazzat tushunchasi bilan bog`lanadi. Agar eguliklar to`la stol atrofida do`stlar bilan o`tirsangiz, ular sizni maqtashsa – bu baxt holati bo`ladi. Lekin ertasiga bu holat o`tib ketadi. Odamlar haqiqatda izlaydigan, hatto o`zidan ham yashiradigan narsalari – bu amalga oshganlikdir.
Oldingizga to`g`ri vazifalar qo`yishingiz hayotda o`z o`rningizni topishingiz va amalga oshishingizga olib keladi. Agar siz yuksak g`oyalarga intilsangiz, hali natijalarni ko`rmay turiboq muvaffaqiyatga erishasiz. Sizning hayotingiz unda yuksak ma`no bo`lishiga munosibdir.
Bu dunyoda yomon odamlar yo`q, faqat o`z hayotini maqsadga nomuvofiq yashayotgan kishilar mavjud. Odam o`z tabiatiga ko`ra bo`sh idishga o`xshashi mumkin emas. Odam miyasi shu qadar qudratliki, hatto shu paytgacha uning qancha axborotni o`zlashtira olishini ham fan aniq aytib bera olmaydi. Miya bir vaqtning o`zida sizning har bir harakatingizni, tana haroratingizni, til simvollarini, alfavit belgilarini qayta ishlaydi, atrof-muhitni kuzatib turadi, energiya ishlab chiqarish va sarflanishini nazorat qiladi, bir vaqtning o`zida butun organizmni holatini boshqarib turadi. Bularning hammasi millisekundlar davomida amalga oshiriladi.
Tabiat tomonidan bizga berilgan bu qurol yuqori samara bilan ishlashi kerak. Lekin ko`pchilik bunday o`ylamaydi. Ayrimlar bo`sh bo`lishlari mumkin yoki umuman hech narsaga ishonmasliklari mumkin deb hisoblashadi. Albatta, ular adashishadi. Shu erda Georgiy Gurjievning bitta o`xshatishini eslasak. Unga ko`ra odam ot-aravaga o`xshaydi. Bunda tana arava, ot- hissiyotlar, ong – aravakash. Lekin bularning hammasi siz egalik qilayotgan narsalar. Bu erda sizning o`zingiz qaerdasiz? Siz bu aravada ketayotgan yo`lovchisiz. Agar siz uxlab qolib, aravakashga qaerga borishingizni aytmasangiz, nima bo`ladi? Unda aravakash qaerga qarab yuradi? “Qaerga xohlasam shu tomonga yuraman. Xo`jayin baribir uxlayaptiku, unga baribir”. Bu esa sizga xuddi hech qanday tanlash imkoniyatingiz yo`qday bo`lib ko`rinishiga olib keladi. Ya`ni siz hayotni emas, hayot sizni yashayotganday. Hozirgi kunda ong o`z izidan chiqib ketishi hech gap emas. Faqat sizgina o`z aravakashingizni siz tanlagan yo`ldan yurishga majbur qilishingiz mumkin.
Shunday qilib, yo`lovchini uyg`otish talab qilinadi. Uning uchun mayda-chuydalar, jismoniy yutuqlar, aqlni ishlatadigan masalalar, har xil hissiyotlar hech nima emas. U bularning hammasini aravaga, otga yoki aravakashga ag`darishi mumkin. Uni faqat yuksak g`oyalargina uyg`ota olishi mumkin. Agar sizda yuksak maqsad bo`lsa, yo`lovchi uyg`onadi va aravakashga buyruq beradi. Aravakash otni qistaydi va arava tegishli yo`nalishda harakatga keladi. Buni boshqaradigan kishi borligi sababli (mana “men kimman?” degan savolga ham javob berdingiz) hali manzilga etmasdanoq yo`lda turli g`aroyibotlar ro`y bera boshlaydi va ko`p narsalarga erishasiz.
Men va Biz
Men yuksak g`oyalar haqida gapirganimda ichimda bir ovoz astagina “Men kichkinaginaman, buni qila olmayman” deydi. Bu narsa har birimiz bilan sodir bo`ladi. Bu kichik odam kompleksidir. Uni engib o`tish uchun “Biz” jamiyatiga kirishimiz kerak bo`ladi. Odam bitta o`zi yashay olmaydi. U albatta o`zini jamiyat a`zosi deb bilishi kerak. Bu qaysi jamiyat? Millatmi, elatmi, oilami, mahallami, sandiqchimi, jangchimi, ishchimi yoki dehqonmi? Har kim o`zini yaxshi sezadigan jamoani tanlaydi. Lekin biz o`zimizga nisbatan ustunroq deb biladigan jamoaga yaqinlashishga ham qo`rqamiz.
Alisher Navoiy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Beruniy, Ibn Sino va boshqalar. Ular bizga juda ulkan va hammadan boshqacha bo`lib tuyulishadi. Lekin bu odamlar haqiqatda qanday bo`lishgan? Ular bizga o`xshab qo`l-oyoqqa ega bo`lishgan, eyishgan, ichishgan, xojatga borishgan. Ular ayrim bilimlar va ko`nikmalarga ega bo`lishgan. Ular ayrim narsalarni boshqalarga nisbatan yaxshiroq qilishgan. Albatta, ular tarixga o`z hissalarini qo`shishgan. Lekin ular xudo bo`lishmagan, balki oddiy odamlar bo`lishgan. Xuddi shu narsa bizga umid bag`ishlaydi.
Biz o`zimiz qanday bo`lishimiz kerakligini tanlaymiz va o`zimizni yaratamiz. Biz – o`ylayotgan narsamizdir. Bu idish hech qachon bo`sh bo`lmaydi. Hech bir kishi hech qachon ateist bo`lmagan. Har birimiz nimagadir ishonamiz. Kimdir – Xudoga, kimdir esa uning yo`qligiga. Kimdir pulga, kimdir hokimiyatga, kimdir jamiyatga, do`stlariga, oilasiga, fanga, tabiatga va boshqalarga.
Siz nimaga ishonasiz? Bolalar ishonishni o`rganishadi, o`smirlar o`zlarini qidirishadi, kattalar o`zlaridan tashqariga qarashadi. Katta bo`lishingiz uchun o`zingizdan katta bo`lgan nimagadir o`zingizni yo`naltirishingiz kerak. Chunki sizning hayotingiz unda yuksak ma`no bo`lishiga loyiqdir. Siz Insoniyat deb ataladigan jamiyatning a`zosisiz.
2 topshiriq. Jamoaga qo`shilamiz
Hozirda hayot bo`lgan yoki dunyodan o`tib ketgan hamda hayotlari va qilgan ishlari bilan sizni qoyil qoldirgan kishilarning ro`yxatini tuzib chiqing. Bular kino qahramaonlari, mohir ishchilar, taniqli kishilar, oilangiz a`zolari bo`lishlari mumkin. Ro`yxatni shoshilib tuzish kerak emas. Juda chuqur o`ylab ko`rib, bir necha kun davomida tuzsangiz ham bo`ladi. Bu siz a`zo bo`lishni xohlaydigan jamoadir. Ro`yxatdagi har bir kishining nomi to`g`risiga uning qilgan ishlarini ko`rsatib beruvchi so`z yoki gapni yozib chiqing.
Ro`yxat tuzish tamom bo`lgandan keyin bu odamlarning hammasini nima bog`lab turganligini o`ylab ko`ring. Qanday so`z yoki gap ularning hammasi uchun to`g`ri keladi. Bu sizning bu dunyodagi eng oliy maqsadingizdir. Shu paytgacha bunga siz e`tibor bermagan bo`lishingiz mumkin. Lekin endi siz uni tanladingiz. Endi unga amal qiling. Aytaylik siz boylik, hokimiyat yoki kuch so`zlarini topdingiz. Endi bu so`z sizning printsipingizga aylanishi kerak va uni siz amalga oshirishingiz kerak. Mana shu so`z qatnashgan biror shior o`ylab topishingiz ham mumkin. Eng asosiysi – bu printsip sizning hayotingizda o`z aksini topishi kerak. UzEXCLUSIV
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 2