Alloh taolo aytadi:
«Xotinlaringizning itoatsizligidan
qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat
qilinglar, so‘ng (ya'ni, nasihatlaring kor
qilmasa), ularni yotoqlarda tark qilingiz, (ular
bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang)
so‘ngra (ya'ni, shunda ham sizlarga
bo‘yinsunmasalar), uringlar! Ammo sizlarga
itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l
axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va
buyuk bo‘lgan zotdir» (Niso surasi, 34).
Vohidiy rahimahulloh aytganlarki: «Bu oyatdagi
«itoatsizlik»dan murod - erga osiylik qilish, ya'ni,
takabburlik bilan erining buyruqlariga xilof ish
yuritishdir».
Ato rahmatullohi alayh aytadilar: «U (ya'ni,
itoatsizlik) - eri uchun o‘ziga oro bermaslik
(xushbo‘ylik sepmaslik), o‘zi bilan huzurlanishiga
yo‘l qo‘ymaslik va ilgarigi mute'lik holati o‘zgarib
qolishidir. Unday xotinlarga Alloh Kitobi ila
«pand-nasihat qilinglar», Alloh ularga buyurgan
ishlarni eslatinglar».
Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ularni yotoqlarda
tark qilish - to‘shakda xotiniga orqasini o‘girib,
gapirmay yotishidir», degan bo‘lsalar, Sha'biy va
Mujohidlar: «Xotini bilan bir joyda yotmaslik,
yaqinlashmaslik», deyishgan.
Ularni urishdan murod qattiq, biron a'zosiga
jarohat yetkazadigan qilib emas, bilaks sekin
urishdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Odob berish
uchun kafti bilan ko‘ksiga turtish kabi»,
deganlar.
Er xotinining itoatsizligini ushbu oyatda zikr
qilinganiday, Alloh izn bergan suratda tuzatishi,
bartaraf etishi lozim.
«Agar sizlarga (talab qilgan narsalaringizda) itoat
qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l
axtarmanglar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Er xotinini to‘shagiga chorlagan vaqtda (xotini)
kelmasa va eri undan norozi bo‘lib tunasa, to
tong otguncha farishtalar u ayolni
la'natlaydilar» (Muttafaqun alayh).
Boshqa bir rivoyatda «Allohga qasamki, qaysi bir
kishi xotinini to‘shagiga chorlasa-yu, xotini bosh
tortsa, to eri undan rozi bo‘lmaguncha,
osmondagi Zot undan rozi bo‘lmaydi», deyilgan
(Muttafaqun alayh).
Yana bir rivoyatda esa: «Agar ayol erining
to‘shagini tark etgan holda tunaydigan bo‘lsa, to
tong otguncha, farishtalar u ayolni
la'natlaydilar», deyilgan (Buxoriy, Muslim,
Nasoiy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Uch toifa odamning namozi maqbul bo‘lmaydi
va bironta yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi:
qochoq qulning, to xo‘jayinlariga qaytib, qo‘lini
ularning qo‘llariga qo‘ymagunicha; erini
g‘azablantirgan - norozi qilgan ayolning, to eri
undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga
kelmagunicha» (Ibn Hibbon, Ibn Huzayma
rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Eri hozir bo‘lgan (safarda bo‘lmagan) ayolga
erining ruxsatisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz
birovni uyiga kirishiga izn berishi halol
emas» (Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdagi hukm ixtiyoriy-nafl
ro‘zalarga taalluqli bo‘lib, erning haqi ulug‘ va
itoati vojib bo‘lgani bois, undan izn so‘ramay
turib xotini ro‘za tutishi mumkin emas.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Agar biron bandani boshqa bir bandaga sajda
qilishga buyurgan bo‘lganimda, shubhasiz,
xotinni eriga sajda qilishga buyurgan
bo‘lardim» (Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat
qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Alloh taboraka va taolo eriga
noshukrlik qiladigan xotinga qaramaydi. Holbuki,
u eridan behojat emas» (Nasoiy, Bazzor
rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat
qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Qaysi ayol vafot etsa-yu eri undan rozi
bo‘lsa, jannatga kiradi» (Ibn Moja, Termiziy
rivoyati).
Rivoyat qilinadiki, ayol qiyomat kuni birinchi
bo‘lib namozi va eridan so‘raladi.
Rivoyat qilinishicha, ayol uyidan chiqsa-yu, eri
norozi bo‘lsa, to (uyiga) qaytgunicha,
osmondagi barcha farishtalar hamda insu jindan
tashqari, u yonidan o‘tgan har bir narsa unga
la'nat aytadi.
Ayol erini norozi qilishdan, g‘azablantirishdan
saqlanishi va eri uni xohlagan vaqtida bosh
tortmasligi lozim. Zero, Payg‘ambar sollallohu
alayhi vasallam aytganlarki: «Agar er hojati
uchun chorlasa, garchi (xotini) o‘choq boshida
bo‘lsa ham kelsin» (Termiziy, Nasoiy, Ibn Hibbon
rivoyati).
Ulamolar aytadilarki: «Magar ayol uzrli (hayz
yoki nifos ko‘rgan) bo‘lsa, erining chaqirig‘iga
javob bermasligi lozim. Shuningdek, er ham
ayoli uzrli bo‘lgan vaqtda bu ishni talab
qilmasligi va uzrli holati tugab, g‘usl
qilmagunicha unga yaqinlik qilmasligi darkor.
Zotan, Alloh taolo aytganki:
«Bas, hayz paytida ayollaringizdan
chetlaningiz va to poklanmagunlaricha
ularga yaqinlashmangiz!» (Baqara surasi,
222).
Rivoyat qilinadiki: «Kimda-kim hayzli ayolga yoki
xotinining orqasiga yaqinlik qilsa yoxud folbinga
borib, gapini tasdiqlasa, batahqiq, u
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil
qilingan narsaga kufr keltiribdi».
Boshqa bir hadisda: «Ayollarining orqalariga
yaqinlik qiladigan kimsalarni Alloh la'natlaydi»,
deyilgan (Tabaroniy rivoyati).
Xullas, xotin uzrli holatida eri yaqinlik qilishni
xohlasa, bo‘ysunmasligi, bundan boshqa barcha
holatda itoat etishi lozim.
Yana ayol bilib olishi lozimki, u o‘z nafsida va
erining molida undan izn so‘ramay turib,
tasarruf qila olmaydi. Erining haqqi o‘zining
haqqidan, eri qarindoshlarining haqqi o‘z
qarindoshlari haqqidan muqaddam turadi. Eri u
bilan huzurlanishi uchun, poklik-tozalikka e'tibor
bergan holda tayyor bo‘lishi lozim. Husn-jamoli
bilan eriga takabburlik qilmasligi, mabodo eri
xunuk bo‘lsa, uni ayblamasligi darkor.
Asma'iy aytadilar: «Sahroyi arablar makoniga
borgan edim. U yerda bir er-xotinni uchratdim.
Xotin go‘zal, eri esa xunuk edi. Xotindan: «Mana
shunday kishining qo‘l ostida yashashga qanday
rozi bo‘lding?» deb so‘ragan edim, u: «Yaxshilab
eshitib ol, ehtimol erim o‘zi bilan Yaratuvchisi -
Alloh orasini yaxshi qilgandir-u, meni unga
mukofot qilib bergandir. Ehtimol, men osiylik
qilgandirman-u, uni menga jazo qilib
bergandir», dedi.
Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Ey ayollar
jamoasi, agar erlaringizning sizlarning
ustingizdagi haqlarini bilganingizda edi, sizlardan
har bir ayol erining oyoqlaridagi changni
yuzining yonoqlari bilan artib qo‘ygan bo‘lardi».
Rivoyat qilinadiki: «Sizlarning jannatdagi
ayollaringiz - har bir suyuvchiyu bolajon
(serfarzand) ayollardir. Mabodo g‘azablansa,
yoki unga yomon muomala qilinsa va yo eri
g‘azablansa: «Qo‘lim qo‘lingizda, to rozi
bo‘lmaguningizcha, kiprik qoqmayman», deydi».
Shuningdek, ayol eridan doimo hayo qilishi,
uning huzurida yerga boqib turishi, buyrug‘iga
itoat qilib, gapirayotganda sukut saqlashi, kirib
kelganida yoki chiqib ketayotganida o‘rnidan
turishi, unga yoqmaydigan barcha narsalardan
uzoq bo‘lishi, uxlashi oldidan unga o‘zini arz
qilishi, unga to‘shagi va mol-mulkida xiyonat
qilmasligi, doimo pokiza bo‘lishi, misvok
ishlatishga odatlanishi, u hozir bo‘lganda o‘ziga
zeb berib, xushbo‘yliklar sepib, yo‘qligida
ziynatni tark etishi, uning ahli va qarindoshlarini
izzat-ikrom qilishi, ozgina narsasini ko‘p o‘rnida
ko‘rishi vojib bo‘ladi.
Fasl
Mute' ayolning fazilati va osiy ayolning
uqubati xususida
Alloh taolodan qo‘rquvchi ayol Allohga va eriga
astoydil itoat qilishi, roziligini qozonishga jiddu
jahd bilan harakat qilishi lozim. Zero, er ayolning
jannati yoki do‘zaxidir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam
aytganlarki: «Qaysi ayol vafot etsa-yu, eri undan
rozi bo‘lsa, jannatga kiradi» (Termiziy, Hokim
rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda: «Agar ayol besh vaqt
namozini o‘qisa, farjini - iffatini saqlasa va eriga
itoat qilsa, jannatning istagan eshigidan kiradi»,
deyilgan (Ibn Hibbon rivoyati).
Rivoyat qilinadiki, eriga itoatkor ayol haqiga,
modomiki eri undan rozi bo‘lar ekan, havodagi
qushlar, suvdagi baliqlar, osmondagi farishtalar
hamda quyosh va oy istig‘for aytadi.
Qaysi bir ayol eriga osiylik qilsa, unga Allohning,
farishtalarning va barcha insonlarning la'nati
yog‘iladi.
Qaysi bir ayol erining yuziga xo‘mrayib qarasa,
to eriga tabassum qilib, ko‘nglini olmagunicha,
Alloh undan norozi bo‘ladi.
Qaysi bir ayol uyidan erining ruxsatisiz chiqsa, to
qaytgunicha, unga farishtalar la'nat aytishadi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam
aytganlarki: «Do‘zaxga boqib, uning ko‘pchilik
ahli ayollar ekanini ko‘rdim».
Buning sababi ayollar Alloh va rasuliga hamda
erlariga kam itoat qilib, ko‘p yasan-tusan
qilishlaridir. Ya'ni, ular ko‘chaga chiqqanlarida
pardoz-andoz qilib, o‘zlariga zeb berib, chiroyli,
yaltir-yultir kiyimlarini kiyib, begona erkaklarni
fitnaga solib yuradilar. Shuning uchun ham
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ayol
kishi avratdir. Agar u uyidan chiqsa, shayton
unga ko‘z tikadi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).
Ayol qanchalik uyida muqim bo‘lsa, shunchalik
Allohga yaqin bo‘ladi.
Boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan:
«Ayollar avratdir. Bir ayol uyidan chiqadi va
uning xayolida yomonlik bo‘lmaydi. Biroq
shayton unga ko‘z tikadi va: «Sen qaysi
erkakning oldidan o‘tsang, uni ajablantirding»,
deydi. Aniqki, bir ayol kiyimlarini kiyib oladi.
Unga: «Qayoqqa ketyapsan?» deyilsa, u:
«Kasalni ko‘rib kelaman» yoki «Janozaga
qatnashaman» va yo «Masjidda namoz
o‘qiyman», deydi. Holbuki, hech bir ayol
Rabbiga uyda ibodat qilganidek ibodat qilgan
emas» (Tabaroniy rivoyati).
Shayton ayolning yelkasiga minib olishining
sababi - u uyidan tashqariga chiqqan va shayton
o‘ziga hokim bo‘lib olishiga yo‘l ochib bergan.
Hech bir ayol Rabbiga ibodat qilib, eriga itoat
qilib, uyida o‘tirganichalik, Alloh roziligini
qozonishga intilmagan.
Ali roziyallohu anhu ayollari Fotimadan: «Ey
Fotima, ayol kishi uchun eng yaxshi narsa
nima?» deb so‘raganlarida, u zoti sharifa: «U
(begona) erkaklarni ko‘rmasligi va (begona)
erkaklar uni ko‘rmasligi», deya javob berganlar.
Ali roziyallohu anhu: «Uyalmaysizlarmi?
Rashkingiz kelmaydimi?! Xotiningiz erkaklar
orasiga chiqib yurishiga imkon berasizlar-da,
yana u ularga qaraydi, ular unga qaraydi,
deysizlar», der edilar.
Ummu Salama roziyallohu anho aytadilar:
«Maymuna ikkimiz (bular Payg‘ambarimiz
sollallohu alayhi vasallamning ayollardir)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida
edik. Bir payt Ibn Ummu Maktum kela boshladi.
Bu voqea hijobga buyurilganimizdan keyin
bo‘layotgan edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam: «Undan hijoblaninglar (o‘zingizni
parda ortiga olinglar)» dedilar. Biz: «Yo
Rasululloh, u kishi ko‘r emasmi? Bizni
ko‘rmaydilar-ku», degan edik, u zot: «Nima,
sizlar ham ko‘rmaysizlarmi? Uni
ko‘rmayapsizlarmi?» dedilar» (Abu Dovud,
Termiziy rivoyati).
Erkaklar nomahram ayollardan ko‘zlarini tiyishga
buyurilganlaridek, ayollar ham nomahram
erkaklardan ko‘zlarini tiyishga buyurilganlar.
Mabodo, ayol kishi ota-onasini yoki
qarindoshlarini ziyorat qilish, hammomga borish
kabi zaruriy ishlar uchun tashqariga chiqishga
majbur bo‘lsa, yasan-tusan qilmasdan, o‘ziga
oro bermasdan, keng, qalin kiyim kiyib, erining
ruxsati bilan chiqsin. Yo‘lda ketayotganida u
yoq-bu yoqqa alanglamasdan, yerga qarab, yo‘l
chetidan yurishi lozim. Illo, osiy bo‘ladi.
Hikoya qilishlaricha, bir ayol uyidan tashqariga
chiqqanda yasan-tusan qilib yurar edi. U vafot
etgach, qarindoshlaridan biri tushida uni
ko‘ribdi. U Alloh azza va jalla huzuriga yupqa
kiyimda boribdi. Shu payt birdan shamol esib,
ayol ochilib qolibdi. Alloh taolo undan yuz
o‘giribdi-da: «Uni chap tomonidan ushlab
do‘zaxga tashlanglar. U dunyoda yasan-tusan
qiluvchilardan edi», debdi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Bironta ayol dunyoda eriga ozor bersa, u
(kishi)ning hurul iynlardan bo‘lgan xotini: «Alloh
halok qilgur, unga ozor berma. U sening
oldingda vaqtincha mehmon xolos. U yaqinda
sendan ajrab, bizga keladi», deydi» (Termiziy
rivoyati).
Fasl
Ayol eriga itoat etishga, roziligini qozonishga
buyurilganidek, er ham xotiniga ehson qilishga,
lutf-marhamat ko‘rsatishga, uning ayrim nojo‘ya
harakatlariga sabr qilishga, yaxshi, tinch-totuv
yashash, yedirib-ichirish va kiydirish kabi
haqlarini ado etishga buyurilgan. Alloh taolo
aytadiki:
«Ular bilan xushmuomala bo‘lib, tinch-totuv
yashanglar» (Niso surasi, 19).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Ogoh bo‘linglar, ayollarga doimo yaxshi
munosabatda bo‘linglar. Ular sizlarning qo‘l
ostingizdagi asirlar, xolos. Bundan boshqa
ularning biron narsasiga egalik qila olmaysizlar.
Magar ular ochiq fahsh ishni qilsalar (unda
haqqingiz bor). Agar itoatsizlik qilsalar, ularni
yotoqlarida tark etinglar, so‘ngra jarohat
yetkazmaydigan qilib uringlar. Agar itoat qilsalar,
ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar.
Ogoh bo‘linglarki, ayollaringiz ustida sizlarning
haqqingiz bor va sizlarning ustingizda
ayollaringizning haqqi bor. Ular ustidagi
haqlaringiz - to‘shagingizni siz yoqtirmaydigan
kimsaga bostirmasligi va siz yoqtirmaydigan
kimsani uyingizga kiritmasligidir. Sizning
ustingizdagi haqlari - ularga kiyimlari va
taomlarini ehson qilishingiz» (Ibn Moja, Termiziy
rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Yaxshilaringiz ahliga yaxshi bo‘lganlaringizdir»,
dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Mo‘minlarning iymoni eng mukammali xulqi
go‘zalroq bo‘lganidir. Yaxshilaringiz xotinlariga
yaxshi bo‘lganlaringizdir» (Termiziy, Ibn Hibbon
rivoyati).
Asarda kelganki: «Qaysi erkak xotinining yomon
xulqiga sabr qilsa, Alloh unga Ayyubga (a.s.)
balolari evaziga berilgan miqdorda ajr beradi.
Qaysi ayol erining yomon xulqiga sabr qilsa,
Alloh unga Fir'avn xotini Osiyo binti Muzoximga
berilgan miqdorda ajr beradi».
Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Umar ibn Xattob
roziyallohu anhuga xotinining xulqi
yomonligidan shikoyat qilish uchun keldi.
Umarning eshigi yoniga kelib, chiqishini kutib
turdi. Shu payt Umarga xotini qattiq-qattiq
gapirayotganini eshitdi. U kishi esa hech bir so‘z
qaytarmay, jim turardi. Haligi kishi: «Amiral
mo‘minin bo‘laturib, yana shunchalik shiddati va
salobati bilan Umarning holi shu bo‘lsa, mening
ahvolim nima bo‘lardi?» deb iziga qaytdi. Shu
vaqt Hazrati Umar uyidan chiqdilar va haligi
kishining qaytib ketayotganini ko‘rib yoniga
chorladilar-da: «Nima ehtiyojing bor?» deb
so‘radilar. U «Ey amiral mo‘minin, xotinimning
xulqi yomonligidan, tili uzunligidan sizga
shikoyat qilish uchun kelgan edim. Qarasam,
sizning xotiningiz ham shunday ekan. O‘zimcha,
amiral mo‘mininning holi shu bo‘lsa, mening
ahvolim nima bo‘lardi, dedim», deya javob
berdi. Shunda Umar: «Ey birodar, xotinimning
menda bir qancha haqlari bo‘lgani bois bu
qilig‘iga sabr qildim. Zero, u ovqatimni pishiradi,
nonimni yopadi, kiyimlarimni yuvadi, bolamni
emizadi. Holbuki, bularning barchasi ham unga
vojib emas. U sababli qalbim taskin topadi,
haromdan saqlanaman. Shu bois sabr qildim»,
dedilar. U: «Ey amiral mo‘minin, mening
xotinim ham shunday», degan edi, Umar
roziyallohu anhu: «Ey birodar, sabr qil. Bu ozgina
muddat, xolos», dedilar.
Hikoyat
Hikoya qilishlaricha, bir solih kishining Alloh
yo‘lida solih do‘sti bo‘lib, uni har yili bir marta
ziyorat qilar edi. Bir kuni birodarini ziyorat qilish
uchun kelib, eshigini taqillatdi. Xotini: «Kim?»
deb so‘radi. U: «Eringning Alloh yo‘lidagi
birodariman. Uni ziyorat qilish uchun keldim»,
dedi. Shunda xotini: «O‘tin terishga ketgandi.
Alloh uni sog‘ qaytarmasin, salomat qilmasin,
undoq qilsin, bundoq qilsin», deya qarg‘ay ketdi.
U kishi eshik oldida turgan vaqtda tog‘ tarafdan
birodari sherga bir quchoq o‘tin ortib kelib qoldi.
Birodari bilan salomlashib, xush kelibsiz deb,
o‘tinni ichkariga kirgizdi-da, sherga: «Barakalloh,
endi boraqol», dedi So‘ng birodarini ichkariga
taklif qildi. Xotini hanuz qarg‘anar, tili bilan ozor
berar, eri esa bir so‘z qaytarmay, sukut saqlar
edi. Solih kishi birodari bilan bir oz tamaddi
qilgan bo‘ldi. So‘ng uyiga qaytdi. U birodarining
shunday bema'ni xotiniga sabr qilib
yashayotganiga ajablangan edi.
Oradan bir yil o‘tgach, u kishi odatiga binoan,
birodarini ziyorat qilish uchun kelib eshigini
taqillatdi. Xotini: «Kim?» dedi. U: «Eringizning
Alloh yo‘lidagi birodari, falonchiman», degan
edi, xotini: «Marhabo, xush kelibsiz. O‘tira
turing, u kishi, inshaalloh, sog‘-salomat kelib
qoladilar», dedi. Kishi xotinining shirinsuxan va
odobliligidan ajablandi. Shu payt birodari o‘tin
orqalab kelib qoldi. Kishi bundan ham hayratga
tushdi. Birodari kelib u bilan salomlashib,
ichkariga taklif qildi. Xotini ularga taom hozirladi
va ularni shirinsuxanlik bilan taomga taklif qildi.
Kishi ketishi oldidan birodariga: «Sizdan bir narsa
so‘ramoqchi edim», dedi. Birodari: «Nima?»
degan edi, u kishi: «O‘tgan yili kelganimda
xotiningiz beodob, ko‘p qarg‘anar edi, siz esa
o‘tinni sherga ortib keldingiz. Vahshiy hayvon
amringizga muntazir edi. Bu yil esa, xotiningiz
shirinsuxan, qarg‘anmaydi. Biroq o‘tinni o‘zingiz
orqalab keldingiz. Buning boisi nima?» deb
so‘radi. Shunda birodari javoban: «Ey birodar,
o‘sha bema'ni xotinim vafot etdi. Uning
axloqsizligi va qiliqlariga sabr qilar edim. U bilan
yashash behuzurlik bersa-da, chidaganim bois
shekilli, Alloh taolo menga o‘sha sherni
bo‘ysundirib qo‘ygan, u og‘irimni yengil qilar
edi. Xotinim vafot etgach, mana shu soliha
ayolga uylandim. Bu muborak, mute' ayol bilan
rohat-farog‘atda yashayapman. Shu bois, sher
kelmay qo‘ydi va o‘zim o‘tinni orqalab kelishga
majbur bo‘ldim», dedi.
Alloh taolodan O‘zi yaxshi ko‘rgan va rozi
bo‘lgan narsalarga sabr-bardoshli etmog‘ini
so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, saxovatli
zotdir.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 19