Bahlul Dono hazratlari bozorda, xalq ichida kezib yurar ekan, odamlarga pand nasihat qilar, noto‘g‘ri hatti-harakatlardan saqlanishlari uchun ularga tanbeh berardi. Uning tanbehlari ba’zi odamlarning g‘ashiga tegardi. Ular Bahluldan norozi edilar.
Bir kuni Bahlulning tanbehlaridan bezor bo‘lgan ba’zi kishilar uning ustidan shikoyat qilib, xalifa Horun ar-Rashid oldiga kelishdi.
— Sultonim, bizning qilayotgan ishlarimizdan unga nima zarar bor? Bizni o‘z holimizga qo‘ysin. Bizga nasihat qilmasin. Har bir qo‘y o‘z oyog‘idan osiladi, — deyishdi ular.
Xalifa bu shikoyatlarni eshitib, Bahlulni huzuriga chaqirdi va odamlarning istagini unga bildirdi. Bahlul bir og‘iz gapirmay saroydan chiqib ketdi. Keyin bozordan bir nechta qo‘y sotib oldi va ularni so‘ydi. Har bir qo‘yni o‘z oyog‘idan mahallalarning chorrahalariga osib chiqdi. Bahlulning bu ishini ko‘rib turgan odamlar:
— Telbadan boshqa nima kutish mumkin, doim shunaqa g‘alati ishlar qilib yuradi, — deyishdi.
Bir necha kun o‘tgach, osilgan qo‘ylar sasib, o‘zidan badbo‘y hid tarata boshladi. Bundan mahalla odamlarining hammasi zarar ko‘rdi. Aynigan go‘shtning hidiga chidab bo‘lmasdi. Odamlar yana xalifani oldiga borib, shikoyat qila boshlashdi:
— Ey Amiral Mo‘minin! Bahlul osgan qo‘ylarning hididan mahallada turib bo‘lmayabdi. Bizni juda behuzur qilyapti. Unga ayting osgan qo‘ylarini olib tashlasin!
Xalifa Bahlulning qilgan bu ishiga qiziqib, hayron bo‘ldi. Devonani saroyga chaqirtirib, sababini so‘radi.
— Ey Bahlul, osgan qo‘ylaringni hidiga odamlar chidolmay, yana sening ustingdan shikoyat qilishyabdi. Bu nima qilganing?
Bahlul Dono shunday javob berdi:
— Ey Mo‘minlarning amiri. Men noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q. Faqat har bir qo‘yni o‘z oyog‘idan osdim, xolos. Lekin ko‘ryapsizki, har bir qo‘y o‘z oyog‘idan osilsa ham atrofidagi hamma bundan zarar ko‘ryapti. Bir yomon ishning zarari ham faqat o‘ziga emas, hammaga bo‘ladi. Odamlar buni tushunsin, deb shu ishni qildim.
Shikoyatchilar xatolarini tushunib, qaytib Bahlulning tanbehlariga e’tiroz bildirmaydigan bo‘lishdi.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев