Xonaga otilib kirdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, Raim "soxta kelin"ning nomusini bulg'ab qo'ygan edi...
Raim Nazokatnikida nima ish qilganini bilmaydi. Eslolmaydi. Chunki u Kamila bilan "yotadigan" darajada emas edi.
Kayfi haddan tashqari oshgan, uyg'onsa ham karaxt, har ikki gapning orasida boshini qimirlatib qo'yardi. U Nazokatu Kamila qo'ygan tuzoqqa ilingan laqma edi, xolos.
- ...Bo'ldimi, - dedi nihoyat Nazokat Kamilaga tirjayib.
- Kunda...
- Otni qamchila, o'sha "kunda" senga asqotadi.
- Bilaman...
Kamila uchrashuvga kechikayotgan edi. Shu bois Nazokat bilan gap talashib o'tirishni yoqtirmadi. Uning holatini tushungan Nazokat ham omad tilab qo'ydi.
Raim Kamilani guldasta bilan istirohat bog'ida kutayotgan edi. U tez-tez soatiga qarab qo'yardi. Uzoqdan kuzatayotgan odam "go'yo poyezddan kech qolyapti", deb o'ylardi. Nihoyat u kutgan kabutar uchib keldi. Salom-alikdan so'ng Kamila nozli ibo ila uzr so'radi:
- Kechirasiz, sal ushlanib qoldim.
- Hechqisi yo'q...
Raim guldastani Kamilaga uzatdi. Kamilaning ko'zlari porlab, namlanganday bo'ldi. Balki u yigit kishidan birinchi marta gul olayotgani bois shu ahvolga tushgandir. Balki Raimni aldayotganligi uchun vijdoni qiynayotgan bo'lishi mumkin. Balki...
- Sizni birinchi marta ko'rganimda boshqacharoq edingiz, - dedi Kamila qizlarga xos tortinchoqlik bilan.
- Alkash demoqchimisiz?..
- Yo'q-yo'q, aslo... Boshiga tashvish tushgan odamga o'xshab demoqchi edim.
- Hayot tashvishli...
- Ota-onangiz bormi?
- Xudoga shukr, hayotlar.
- Baxtli ekansiz. Mening otam vafot etgan, onam esa qishloqda... Boshqaga tekkan... U yerda sig'dirishmadi. Xolamnikida qarashib yuribman. Qizlariday ko'radilar.
- Achinarli, qismatingiz.
- Him...
- Xo'sh, o'qiysizmi yo ishlaysiz?
- Ikkalasi ham emas.
- Aniqrog'i...
- O'tgan yili tibbiyot oliygohiga kirolmadim. Ishlayman desam, diplom yo'q. Xullas, xolamning uy ishlariga qarashib yuribman. O'zingiz-chi?
- Meniki ham sizdaqa... Ishsizman...
"Sevishganlar" istirohat bog'ida joylashgan "Dildora" kafesiga kirishdi. U yerda ilk uchrashuvni nishonlab, ertaga yana uchrashishga kelishishdi.
* * *
Uchrashuvlar muhabbat eshigini ochdi. Raim "soxta kuyov rolini bajaraman", deb Kamilani sevib qoldi. Kamila ham unga befarq emas edi. Qandaydir yashirin tuyg'u Raim sari yetaklardi. Buni Nazokat sezdi. Uchrashuvga shoshilayotgan Kamilaga ko'z qiri bilan nazar tashladi va:
- Sevib qolmadingmi, "kunda"ni, - deya cho'qib oldi.
- O'libmanmi?!
Uchrashuvlarning birida Raim Kamilaga yorildi:
- Kamila, yuragimni zabt etdingiz. Sizni sevib qoldim.
- Men ham... - Kamila shunday dedi-yu, tilini tishlab oldi. Chunki uning ko'ngli ham allaqachon o'ziga bo'ysunmayotgan edi. Raim Malikka ham bu yangilikni aytdi. Malik esa ichida kulib, sirtida unga omad tilab, Nazokatga xushxabarni yetkazishga shoshildi.
- Kamilaning yurish-turishi ham o'zgardi, - Nazokat Malikni turtib qo'ydi.
- U ham...
- Shunaqaroq..
- Yaxshi-ku, ikkalasini qovushtirib qo'yaylik. Farhodu shirin bo'lib yuraversin. Savob axir.
- Savobning tagi teshilgan, Malikboy!
- Tushunmadim?..
- Nimasini tushunmaysan? Yunus aytdiki, Dubayda qizlar pul ekan. Jaraq-jaraq pul.
- Siz shunga umidvor bo'lyapsizmi?!
- Bo'lmasa-chi?
- Yunus aldab ketsa-chi?
- Aldamaydi. Daromadning yarmini ilgaridan olganman.
- Pishiqsiz, pishiq.
- Hayot pishirayapti, ukam.
- Kam bo'lmang. Lekin u muammoni qanday hal qilasiz? Xumpar sevib qolgan.
- Sizlar, yordam berasizlar.
* * *
Nazokat Yunusga "Qushcha qo'ldan ketayapti", deya telefon qildi. Yunus tutaqib ketdi. So'kinib ham qo'ydi. Biroq otni qamchilamasa, uloqdan quruq qoladi. Shu bois o'zini zo'rg'a qo'lga olib, Nazokat bilan uchrashadigan bo'ldi.
- Raimning ota-onasi ham rozi bo'libdi, - dedi Nazokat Yunus bilan uchrashganda. - Nima qilsak ekan?
- Opa, o'zimda ham bir muammo chiqib qoldi. Juftimning ammasi o'ldi. Shunga ozgina cho'zamizmi, deb yurgan edim. Bunisi hammasidan oshib tushdi.
- Cho'zishning iloji yo'q. Bir-biroviga qattiq ko'ngil qo'ysa, ajrata olmaymiz, ukaginam. Shuni o'ylab ko'rish kerak.
- Harakat qilaman. Hozir... - Yunus uyali telefonida raqam terdi. Narigi tomondan "Azizim!" degan tovush keldi. - Azadorlikni ertaroq yig'ishtirmasang bo'lmaydi. U yoqdan telefon bo'ldi. Uzog'i bilan bir haftada uchmasak, yana uch oy kutishga to'g'ri keladi.
- Ma'qul...
- Yaxshi, o'pib qolaman, - Yunus "ish besh" bo'ldi, deganday Nazokatga ko'z qisib qo'ydi.
- Bu boshqa gap, - dedi Nazokat Yunusning "o'pib qolaman" so'zlariga kulib.
- Ishim shu...
- Echkini bozorga olib borguncha yaxshi muomilada bo'lasan-da, ukaginam.
- Gapingiz to'g'ri... Xo'sh, Kamila masalasiga kelsak, siz haq. Ertaga Zagsdan o'tishsin. Men esa chiptalar tayyorligini ko'rishim kerak. Ularning pasportlari, nikoh guvohnomalari kerak bo'ladi.
* * *
Raim har oqshom o'zini yettinchi osmon qo'ynida yurganday his qilardi. U ilgari spirtli ichimlikdan mast bo'lsa, hozir Kamilaning ishqida mast. Aroq kor qilmay qo'ydi.
- Onam sizni ko'rmoqchilar, - dedi Raim Kamilaga.
Kamila sukut saqladi. Sukut alomati rizolik, degan mashoyixlar. Raim shunga amal qildi. Biroq qizni kuzatib qo'yishga chiqqanda ta'bi xira edi: onasiga Kamila yoqmagan emish. "Yoqmasa yoqmas, menga yoqsa bo'ldi", dedi nihoyat u o'ziga-o'zi.
...Raim bilan Kamilaning nikohdan o'tganini nishonlash maqsadida Nazokatnikida dasturxon tuzatildi. Doimgiday Malik va Yunuslar xizmatda. Tun ham yarmidan oshgan. Shahar sukunat qo'ynida. Jimlik bag'rini ba'zan-ba'zan tilib yuboradigan mashinalarning ovozi ham eshitilmay qoldi. Borliq farog'at og'ushida mudraydi. Faqatgina Nazokatning chirog'i hali o'chmagan. Chunki bu yerda sukunat bezovta. Hali ziyofat davom etardi. Mehmonu mezbonlarning sarhush qahqahasi ko'chada tarvaqaylab o'sgan daraxtlar ko'lankasining farog'atini buzmoqchi bo'ladi. Lekin har gal u qumga singigan suvday izsiz ketadi. Davradagilar bazmu jamshiddan boshqa narsani o'ylashmaydi. Stolda ko'krak kerib turgan "oqsoqol" barchaning aqlini o'ziga rom etgan.
- Raimchik, qadahlar chanqab qoldi-ku. Qarang, qanaqa mo'ltillab turishibdi, bechoralar, - quvlik qildi Kamila.
- Jonidan, kuyovni ko'p ichirma. Yana kechqurun qiynalib qolmasin. Keyin bizga yig'lab kelma...
Malikning bu gapi davradagilarning kulgisiga "baraka" qo'shdi. Birgina Raimga yomon ta'sir qildi. Uning nafsoniyatiga g'ururiga tekkan edi. U o'zini bosib ololmadi. O'rnidan tura-sola yonida o'tirgan Malikning yuziga ketma-ket musht tushirdi. Malikning yuzi, ko'ylagi qip-qizil qon bo'ldi. U ham sherga aylandi. Dasturxonda turgan pichoqni epchillik bilan olib, Raimning ko'kragiga sanchdi. Raim holsizlanib, bir-ikki chayqaldi-da, "shilq" etib yiqildi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев