Mamlakatning turli joylarida qadimiy, tarixiy yodgorliklarni uchratish mumkin. Ulardan biri Sin Shixuan yodgorligidir. Bu tarixiy obidani hatto dunyoning sakkizinchi mo'jizasi, deb ham atashadi.
1974 yilda bir guruh arxeologlarning Sin imperatori qabrini axtarish maqsadida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida kutilmaganda ulkan haykallar qabri topildi. Olimlar ushbu qabrda 8 mingdan ziyod loydan yasalgan harbiy askar va otlarning saf tortib turgan haykallarini ko'rib, hayratda qoldilar. Mazkur me'moriy yodgorlik miloddan avvalgi 221 yilda birinchi Butunxitoy imperatori Sin Shixuan davriga taalluqlidir.
Ayrim taxminlarga qaraganda, imperator 40 yoshlarga yetganda ruhiy xastalikka duchor bo'ladi. Hukmdorning nazarida, yovuz ruhlar uni ta'qib qilayotganday tuyulaveradi. Shu sababdan, imperator o'zini himoyalab turuvchi haykal harbiy qo'shinlari bo'lishini istaydi. Ushbu haykallarni yasab, o'lganidan so'ng o'zi bilan birga ko'milishini vasiyat qiladi. Imperator 50 yoshlarida vafot etadi va katta maydonda o'zini va go'yo uni himoyalab turuvchi haykallarni dafn etadilar. Shu bois, ushbu me'moriy yodgorlik ham imperatorning nomi bilan ataladi. Eng qizig'i shundaki, oradan shuncha asr o'tsa ham, haykallar asl holida saqlanib qolgan. Ular shunday mohirona yasalganki, yuz tuzilishlari xuddi tirik insonga o'xshab, turli ishoralar bilan tasvirlangan, sira bir-birini takrorlamaydi. Ular o'z lavozimlariga ko'ra safga tizilgan. Ayrimlarini otga mingan, ba'zilarini kamon, nayza va boshqa turli qurol-aslahalar bilan jang maydonida dushmanga qarshi kurashga otlanayotgan holda ko'rish mumkin. Askarlarning bo'yi 1,8-2 m.gacha, otlarniki esa 1,5 m., uzunligi 2 m.ga teng. Ayrim haykallarga hatto turli xil bo'yoqlar berilgan va hozirgi kungacha ularning rangi yo'qolmagan.
Ammo arxeologlar hamon imperatorning qabrini topa olganlari yo'q. Taxminlarga qaraganda, imperator qabri ushbu haykallar topilgan qabrdan 1 km. atrofida ulkan piramida ko'rinishdagi maqbarada bo'lib, uning atrofi simob suyuqligi bilan o'ralgan. Shuning uchun qabrni ochish xavfli. Yana shunga o'xshash bir qancha haykalli qabrlar mavjudligi bashorat qilinayapti. Olimlarning tadqiqot va qidiruv ishlari keng ko'lamda olib borilmoqda.
Topilgan haykallar joyi hozirgi kunda katta muzeyga aylantirilgan. Dunyoning turli chekkalaridan Xitoyga kelgan sayyohlar ushbu noyob inshootni ko'rishga oshiqadilar.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1