O‘shanda qishning qorli-qirovli kunlari tugab,
bahorning iliq havosidan sovuqdan junjikkan
vujudlarimiz yayrab, ko‘ngillarda yangi-yangi
umidlar, orzular tug‘ilgandi. Go‘yo yerga nurlarini
bir qadar bisyorroq socha boshlagan quyosh qalbimizda mudrab yotgan tuyg‘ularni uyg‘otib
yuborgandek edi. Shubhasiz, tabiat ham bu
o‘zgarishlardan chetda qolmagandi. Hamma yoq
ko‘m-ko‘k. O‘rik daraxtlari qiyg‘os gullagan. Xullas,
bahoriy kayfiyat har bir narsada, har bir jonzotda
aks etib turardi. Sinfdosh bolalar bilan kelishib, qizlarga ziyofat qilib bermoqchi bo‘ldik. Bundan
men juda xursand edim. Chunki... Chunki bu
ziyofatda uni ko‘rishimni bilardim. Aynan shu
kechada men unga dilimdagi bor gapni aytishim
kerak. "Shuncha payt sir saqlaganim ham yetar.
Sevishimni bilib olsin!” deb o‘yladim...Farida bilan men bir sinfda o‘qib, bir partada o‘tirganmiz. Men
shu qizni sevardim. Avvaliga, ya’ni boshlang‘ich
sinflarda, aniqrog‘i, yettinchi sinfga qadar unga
shunchaki oddiy sinfdosh sifatida qarardim. Lekin
keyinroq... Faridani ko‘rmasam, sog‘inadigan,
uzoq-uzoq o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Yonimda bo‘lganida esa termulib o‘tiraverardim. Uning
chehrasi menga endi boshqacha, juda ham
boshqacha tuyila boshlagandi. Ilgarigi qo‘pol
hazillarimni yig‘ishtirib qo‘ydim. Faridaga zarracha
ozor yetishini xohlamasdim. O‘sha paytlarda bu
tuyg‘uning sevgi ekanini tasavvur ham qilmagandim, qilolmasdim ham. Chunki men
unda endigina o‘n uch yoshda edim. Lekin his-
tuyg‘ularim yildan-yilga chuqurlashib boraverdi va
men Faridani juda-juda qattiq sevishimni
tushundim.Unga ishqimni izhor qilishga
chog‘lana-chog‘lana maktabni bitirish vaqti kelib qolganini ham sezmay qolibman. "Oqshom”da
dilimdagini to‘kib-solishga qaror qilib, bir necha
bor og‘iz juftladim. Ammo... Qaniydi, bu soqov til
aylana qolsa!.. Maktabni bitirib shahodatnoma
oldim hamki, Faridaga sevishimni
aytolmadim.Ko‘pgina sinfdoshlarimiz oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘lishdi. Jumladan, men va
Farida ham. Turgan gapki, uni endi har kuni emas,
haftada bir yoki ikki marta ko‘radigan bo‘ldim.
Ammo hamon sevgimdan so‘z ocholmayman.
Vaholanki, maktabni bitirganiimzga ham ikki
yildan oshdi...Ertalabdan yog‘a boshlagan yomg‘ir o‘n birlarga borib qorga aylanib ketdi. Havo ham
shunga yarasha — sovuq. Endigina uyg‘ona
boshlagan tabiat ham uyquga ketgan kabi hissiz,
madorsiz. Osmon esa qovoqlarini uyib olgancha
qor yog‘dirishdan charchamasdi. Kunning
bunchalik "tundligi” ko‘nglimni biroz g‘am qilsa- da, Faridani ko‘rish umidi bu g‘ashlikni tumandek
tarqatib yubordi. "Bugun, albatta, aytaman!
Aytmasam bo‘lmaydi. Qachongacha ichimda
saqlayman? Balki... Nima bo‘lganda ham, unga
aytishim kerak hammasini”.Ziyofat Ziyodullanikida
bo‘lishiga kelishganimiz uchun o‘sha yoqqa bordim. Belgilangan vaqtdan biroz ertaroq kirib
borganimga qaramay, deyarli hamma jam bo‘lgan
edi. Faqat... Faqat Farida va uning yaqin dugonasi
Gulnora yo‘q edi. Ko‘nglim yana g‘ashlandi.—
Farida nega kelmadi? — sabrsizlanib so‘radim
Ziyodulladan. Ovozim g‘alati, titrab chiqdi.— Kelib qoladi, — beparvo javob berdi u. — Hali vaqtli-
ku!..Dasturxon juda to‘kin edi. Hamma yeyish-
ichish bilan ovora. Lekin mening tomog‘imdan suv
ham o‘tmasdi. Faridaning nega kelmayotganini
bilolmay hayron edim.— Farida ziyofatga
kelmoqchimidi? — so‘radim yonimda o‘tirgan Muniradan.— Albatta. Bir hafta avval ko‘rganimda,
"Zo‘r ish bo‘pti, boraman”, degandi. —
Kelmayapti-ku! — dedim zarda bilan go‘yo
Faridaning kelmayotganiga Munira aybdordek.—
Qiziqsan-a? — to‘ng‘illadi u. — Men qayoqdan
bilay?! Ehtimol, ota-onasi...Munira gapini tugatmagan ham ediki, "zal” eshigi oldida Gulnora
ko‘rindi. Qizlar bir zumda chuvillashib uning
atrofini o‘rab olishdi.— Namuncha kech qolding?
— Kelmasang kerak, deb o‘ylayotgandik.— Farida-
chi?! Qani u?!Gulnora sirli jilmayib hammamizga
bir-bir qarab chiqdi.— Suyunchi berlaring! — dedi kutilmaganda qarsak chalib. — Faridani erga
beramiz.Boshimga kimdir musht tushirgandek
butun vujudim zirqirab, ko‘zlarim tinib ketdi. Bir
lahza qaerda, kimlar orasida ekanligimni unutib
qo‘ydim. Es-hushimni yig‘ishtirib olganimda,
Gulnoraning berilib aytayotgan gaplarini eshitdim. — Bugun fotiha bo‘lyapti. Farida rosa xursand.
O‘ziyam ikki yildan beri uchrashib
yurishardi...Gulnoraning qolgan gaplari
qulog‘imga kirmadi. Ko‘zlarimni derazaga
qadadim. Tashqarida o‘rikning chiroylikkina bo‘lib
ochilib turgan nim pushti gullarini oppoq qor oplab olgandi. Xuddi mening sevgim singari.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев