Предыдущая публикация
Do'stman, deya senga qo'lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni kutarlar.
Xato qilsang, ularga bayram,
Yo'qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo'lsa ham,
Xato qilishingni kutarlar.
Xatolaring kerak ularga,
Shox novdangni darhol butarlar.
Tag'in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni kutarlar.
Axtarurlar hamisha illat,
Etti pushting go'rin titarlar.
Faqat unma, ulg'ayma faqat,
Xato qilishingni kutarlar.
Ular senga bir umr yo'ldosh,
Sodiq hamroh kabi o'tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni kutarlar.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев