Ingliz tili grammatikasida bosh (katta) harflarning ishlatilishi boshqa har qanday tilda bo’lgani kabi juda muhim ahamiyatga ega. Sizga ma’lumki, atoqli otlar bosh harf bilan yoziladi. Bunga kishilar yoki joylarning, ma’lum bir narsalarning atab qo’yilgan nomlari misol bo’lishi mumkni. Quyida ingliz tili grammatikasiga asosan har doim katta harflar bilan yoziladigan holatlarni ko’rib chiqamiz:
1. ODAMLARNING ISMLARI. Birinchi raqamli qoida – kishi ismlari va familiyalari har doim, gapning boshida, o’rtasida yoki oxirida kelishidan qat’iy nazar katta (bosh) harf bilan yoziladi.
2. SUVLIKLAR NOMLARI. Suvlik, deganda daryolar, ko’llar, irmoqlar, dengizlar, kanallar, okeanlar va boshqa narsa qanday suvlikka oid joy nomlari kiradi. Ularga atab qo’yilgan otlar har doim katta harf bilan ishlatiladi.
3. TOG’LAR, TEPALIKLAR VA VULQONLAR. Har qanday tog’ va unga aloqador bo’lgan joylar (masalan, tog’ tizmalari, adirlar, o’tloqlar va h.k.) nomlari doim katta harf bilan yoziladi. Bundan tashqari vulqon nomlari ham katta harf bilan yoziladi.
4. BINOLAR, HAYKALLAR, KO’PRIK VA TUNELLAR. Har qanday inshootga atab qo’yilgan nomlar katta harf bilan yoziladi. Yer osti o’tish yo’laklari nomlarini ham doim katta harf bilan yozishni unutmang.
5. KO’CHA VA YO’L NOMLARI. Odatda ko’chalar u yoki bu shaxs, yohud boshqa bir atoqli ot nomiga qo’yilgan bo’ladi. Shu sababli ko’chalar nomlari katta harf bilan yoziladi. Yo’l nomlari ham shu jumladandir. Ingliz tilida ikki tomoni binolar bilan o’ralgan o’tish joyi ko’cha (street) deyilsa, ikki tomonidan uylar, binolar bo’magan, faqat tekislikdan iborat o’tish yo’li yo’l (road) deyiladi.
6. MAKTAB, KOLLEJ VA UNIVERSITET NOMLARI. O’quv dargohlari va odamlarning jamoa bo’lib yig’iladigan, ma’lum maqsadli faoliyatlar amalga oshiriladigan binolar nomlari har doim katta harf bilan yoziladi.
7. HUDUDNING SIYOSIY BO’LINGAN QISMLARI NOMLARI. Bularga viloyatlar, respublikalar, tumanlar, mahallalar, hududlar, shahar va qishloqlar nomlari misol bo’la oladi.
8. AQLIY MEHNAT NATIJASI NOMLARI. Har qanday qo’shiq, she’r, chizilgan surat, haykaltaroshlik namunasi, boshqa turdagi san’at asari, gazeta maqolasi sarlavhasi, jurnal va gazetalarning nomlari katta harf bilan yoziladi.
9. GAPDAGI BIRINCHI SO’ZNING BIRINCHI HARFI. Gap har doim bosh harf bilan boshlanadi. Bir gap tugagandan so’ng nuqta belgisi qo’yilsa, keyingi gap yana katta harf bilan yozilib boshlanadi.
10. INGLIZ TILIDAGI “MEN” KISHILIK OLMOSHI. Birinchi shaxs birlik “I” (“men”) kishilik olmoshi har doim – gapning boshida, o’rtasida va oxirida kelishidan qat’iy nazar har doim katta harf bilan yoziladi. Bundan tashqari shuni ham e’tiborga olish kerak-ki, ingliz tilidagi “men” kishilik olmoshi bitta harfdan iborat.
Bosh harflarning ishlatilish qoidalarini yaxshi o’zlashtirishingiz, ingliz tili grammatikasini mukammal darajada o’rganishingiz va gaplarni xatosiz yozishingizda katta yordam beradi.
#GяαммαтιкМανzυļαя
Нет комментариев