Yaqinda oʻtkazilgan keng koʻlamli tadqiqot natijalariga koʻra, Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash koʻrsatmalarida belgilangandan oshiq miqdorda muntazam ichkilik ichish inson umrini yillarga kamaytirishi mumkin ekan.
600,000 nafar ichkilikni xush koʻruvchilarni oʻrganib chiqqan tadqiqot yakunida bir hafta mobaynida 10 birlikdan 15 birlikkacha spirtli ichimlik ichish hayot davomiyligini bir-ikki yilga kamaytirar ekan.
Tadqiqotchilar bir haftada 18 birlikdan oshiq spirtli ichimlik isteʼmol qilish umrni 4-5 yilga qisqartirishidan ogohlantirmoqdalar.
2016 yilda yangilangan Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash koʻrsatmalariga koʻra, haftasiga 14 birlik, yaʼni olti bokal pivo yoki yetti qadah vinoga teng miqdordan oshiq spirtli ichimlik isteʼmol qilish tavsiya qilinmaydi.
Tadqiqot mualliflari ushbu koʻrsatmalar asosli ekanligini aniqlaganliklari haqida maʼlum qilmoqdalar. Shuningdek, ularning fikricha, kam miqdorda spirtli ichimlik ichadigan odamlarga oʻlim xavf solmaydi.
19 davlatdagi sogʻliqni saqlash muhiti va spirtli ichimliklar isteʼmolini qiyoslab koʻrgan olimlar 40 yoshidan soʻng ham odatdagidek ichishda davom etavergan shaxsning umri qanchaga qisqarishi mumkinligini hisoblab chiqdilar.
Ularning hisobiga koʻra, haftasiga 10 birlik ichimlik ichadigan odamning umri yarim yilga qisqarishi mumkin ekan.
Tadqiqotchilar, bundan tashqari, muntazam ichkilik ichish oqibatida yurak-qon tomir kasalliklarini orttirish ehtimoli qanchaga oshishini ham oʻrganib koʻrdilar. Quyida haftasiga 12,5 birlik miqdorida spirtli ichimlik isteʼmol qiluvchi shaxsdagi turli kasalliklarni orttirish ehtimoli keltirilgan:
•Insult - 14%
•Oʻlimga olib boruvchi gipertonik xastalik - 24%
•Yurak yetishmovchiligi - 9%
•Oʻlimga olib boruvchi anevrizma - 15%
Shu vaqtga qadar spirtli ichimliklar isteʼmoli oʻlimga olib bormaydigan yurak xastaliklariga chalinish xavfini kamaytiradi, deb hisoblanar edi. Biroq ushbu tadqiqot mualliflari ichkilikning bu ijobiy xususiyatini boshqa turli kasalliklarni keltirib chiqarishdagi yuqori ehtimoli yuvib ketadi, demoqda.
Oldinroq oʻtkazilgan tadqiqotlar qizil vino ichishning yurakka foydasi bor, degan xulosaga kelgan boʻlsada, baʼzi olimlar bu fikrga qoʻshilmaydilar.
Daniyalik olimlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot haftasiga uch-toʻrt birlik miqdorida ichish ikkinchi tur qandli diabetga chalinish ehtimolini kamaytiradi, degan xulosa bilan yakunlangan edi.
"Mazkur tadqiqot spirtli ichimliklarning ijobiy tomonini ulardan keladigan xavf yuvib ketishini, yaʼni alkogol ichishning sogʻlikka hech qanday foydasini yoʻqligini koʻrsatmoqda", deydi Sheffild universitetida yurak-qon tomirlari boʻyicha professor boʻlib ishlaydigan Tim Chiko. Professor Chiko maqolada tilga olinayotgan tadqiqotda ishtirok etmagan.
Spirtli ichimlik ichish boʻyicha tavsiya qilingan miqdor Italiya, Portugaliya va Ispaniyada Buyuk Britaniyadagidan 50 foizga koʻproqdir. AQShda esa deyarli ikki barobarga ortiq.
Biroq Britaniya Yurak Salomatligi Jamgʻarmasining bosh diyetologi Viktoriya Teylorning soʻzlariga koʻra, Britaniyada tavsiya qilingan miqdor ancha kam ekan, deb "xotirjamlikka berilmaslik lozim."
"Buyuk Britaniyada koʻp odam tavsiya qilingan miqdordan muntazam ravishda oshiq ichadi", deydi u.
"Biz tavsiya qilingan miqdorgacha ichish mumkin ekan, deb oʻylamasligimiz, doim undan kam koʻrsatkichda ichishimiz lozim."
Tadqiqotning yetakchi muallifi boʻlmish Kembrij universitetidan doktor Anjela Vud shunday deydi: "Tadqiqotning odamlarga yetkazmoqchi boʻlgan asosiy gʻoyasi shundaki, agar siz alkogol ichishga oʻrgangan boʻlsangiz, kamroq iching - shunda uzoqroq yashaysiz va yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish ehtimolingiz ham ancha kamayadi". BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/world-43728432
https://youtu.be/SlmPrprM21U
https://youtu.be/VM0fRY8JMvI
https://www.bbc.com/uzbek/world-68919530
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 3