AQSh Suriya hukumat kuchlariga qarshi zarba berish haqida qaror qabul qilgan holatda Rossiya bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga kirishi ehtimoli yoʻq emas, deya bayonot berdi Oq Uy vakilasi Sara Sanders. "Biz har qanday ehtimoliy vaziyatlarni oʻrganib chiqmoqdamiz", degan Sanders xonim brifing davomida. Uning aytishicha, Suriyada harbiy amaliyot boshlash haqidagi yakuniy qaror hozircha qabul qilinmagan.
Chorshanba kuni Rossiyaning Livandagi elchisi Aleksandr Zasipkin mahalliy "Al-Manar" telekanaliga bergan intervyusida uning mamlakati "AQSh tomonidan Suriyaga nisbatan tajovuz boʻlgan taqdirda" har qanday raketani urib tushirish va ular otilayotgan manbalarni yoʻq qilish huquqini oʻzida saqlab qolishini taʼkidlagan edi.
Donald Tramp bunga javoban raketalar soʻzsiz "uchib borishi"ni maʼlum qildi. Har ikki davlat oʻrtasida bir-biriga nisbatan bunday ochiq tahdidlar almashinuvi Karib Inqirozidan buyon kuzatilmagan edi.
Biroq tahlilchilar elchining yuqorida aytgan soʻzlari Rossiya hukumati nuqtayi-nazarini anglatmasligini bildirmoqdalar. Bundan tashqari elchi Zasipkindan olingan iqtiboslar ingliz tiliga aniq tarjima qilinmagani ham aytilmoqda.
Ammo Zasipkin soʻzlari hukumat qarashi bilan mos kelsa, u holda gap ikki qudratli davlatning yaqin orada harbiy jihatdan toʻqnashishi haqida ketmoqda.
Zasipkindan olingan iqtiboslar Gʻarb matbuotida paydo boʻlgandan soʻng AQSh prezidenti Donald Tramp oʻzining Twitter sahifasida "chiroyli, yangi va "aqlli" raketalar" Suriya tomon "baribir uchib borishi" haqida yozdi. Biroq navbatdagi tvitida hamkorlik va qurollanish poygasini toʻxtatishga chaqirdi.
Nikita Xrushchev ham oʻz vaqtida kapitalizmni dafn qilishga vaʼda bergan, Ronald Reygan esa kommunizmni tarixdan oʻchirib tashlashi haqida taʼkidlagandi. Biroq Vashington va Moskva 1962 yildan buyon bir-biriga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy tahdidlar qilmagan edi.
Sovet Ittifoqi va AQSh oʻrtasida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli hamkorliklar soni atigi ikkitaga teng: Elbadagi uchrashuv va 1975 yildagi "Soyuz"-"Apollon"ning birgalikdagi parvozi.
Ikki oʻrtada yuzaga kelgan ziddiyatlarning esa sanogʻiga yetish mushkul. Har bir ziddiyat oʻzining qaynash nuqtasiga yetganda esa, haytovur, ikki tomon ortga chekinish uddasidan chiqa olgan.
Berlinning blokada qilinishi
Ikkinchi Jahon Urushi davomidagi hamkorlikdan soʻng SSSR va uning sobiq ittifoqchilari oʻrtasidagi ilk ochiq ziddiyat Gʻarbiy Berlinning blokada qilinishi boʻlgan edi. Ushbu blokada 1948 yil 24 iyunda boshlanib, 324 kun davom etadi. 20 iyun kuni Moskvaning roziligisiz okkupatsiya qilingan gʻarbiy hududlar va Gʻarbiy Berlinda yangi nemis markalarini muomalaga kiritilishi ziddiyatning boshlanishiga turtki beradi.
Oqibatda Berlin va gʻarbiy hududlarni bogʻlab turuvchi barcha temiryoʻl, avtomagistrallar va suv yoʻllari, shuningdek, elektr taʼminoti Sovet Ittifoqi tomonidan toʻsib qoʻyiladi. Amerikaliklar va inglizlar qamalda qolgan Berlin ustidan 278,228 marta parvoz qilib, shahar aholisiga 2 mln 326 ming 406 tonna yukni yetkazib beradi.
SSSR vaziyatni yanada murakkablashtirishdan tiyiladi va shahar ahliga yetkazib berilayotgan yuklarga toʻsqinlik qilmaydi.
Bunday parvozlar davomida 31 nafar amerikalik, 39 ingliz va 13 nemis texnik sabablar tufayli halok boʻladi. Ushbu vaqtning eng esda qolarli jihati "shirin bombalar" boʻlib qoladi - ittifoqchilar nemis bolalari uchun shirinliklar va saqichlar solingan qutilarni parashyut orqali tashlab turadilar.
1949 yil 12 may kuni oʻz maqsadiga erisha olmagan SSSR blokadani toʻxtatadi.
Koreya urushi
Koreyadagi urush (1950-1953 yillar) davomida sovet va amerikaliklar uchuvchilar bir-birlarini oʻqqa tutganlar, lekin SSSR ushbu faktni 25 yil davomida tan olmay kelgan. Stalin uchuvchilarga dushman hududida urib tushirilmaslik va asir tushmaslik maqsadida front chizigʻini kesib oʻtmaslikni buyuradi.
Shimoliy Koreyada joylashgan quruqlikdagi nishonlarga qarshi havoga koʻtarilgan ikki Amerika harbiy samolyoti tasodifan Vladivostokdagi Suxaya Rechka nomli sovet aerodromini oʻqqa tutadi. Natijada aerodromda turgan sakkiz sovet qiruvchi uchogʻi zarar koʻradi. AQSh bu xato uchun uzr soʻraydi va amaliyotga rahbarlik qilgan komandirning unvoni hamda lavozimi pasaytiriladi.
Rasman eʼlon qilinmagan uch yillik urushda 26 ming nafarga yaqin sovet harbiy xizmatchilari ishtirok etadi. Ularning 229 nafari halok boʻladi.
Keyinroq ochilgan arxiv hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, Stalin Koreya yarimorolidagi bu urushni boshidan keraksiz, deb hisoblagan va uzoq vaqt davomida Kim Ir Senni dastaklamay kelgan. Faqatgina Pekin va Pxenyanning manfaatlari oʻziga yoqmagani sababli urushni tugatishni istamagan.
1953 yil 5 mart kuni Stalinning vafot etishidan koʻp oʻtmay KPSS Markaziy Qoʻmitasi Koreyadagi urushga qarshi ovoz berdi va shu yilning 27 iyulьida sulh imzolandi.
Uchuvchi Paures mojarosi
1955 yili AQSh Moskvaga "ochiq osmon tamoyili"ni taklif qiladi. Bunga koʻra, har ikki davlatning razvedkachi samolyotlari bir-birining hududi ustidan uchib oʻtishi lozim edi va buning ortidan oʻzaro ishonch mustahkamlanishi koʻzda tutilgandi. Moskva bu taklifni rad etgandan soʻng amerikaliklar oʻz rejasini bir tomonlama amalga oshirishga kirishadi.
1957 yil 9 aprel kuni amerikalik uchuvchi Bob Erikson Semipalatinsk poligoni ustidan parvozni amalga oshira turib, bu yerda harakatga keltirishga tayyor qilib qoʻyilgan yadro bombasini suratga tushiradi.
1960 yil 1 may kuni esa sovet harbiylari Sverdlovsk ustidan uchib oʻtayotgan Amerikaning U-2 razvedkachi-samolyotini urib tushiradilar. Parashyut orqali halokatdan omon qolgan uchuvchi Geri Paures esa asirga tushib, josuslik aybi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Keyinroq Paures sovet rezidenti Rudolf Abel evaziga ayirboshlanadi.
Paures uchogʻini tutish uchun uchirilgan sovetlarning MiG-19 qiruvchisi ham yerdan otilgan raketalar urib tushiriladi va uchuvchi Sergey Safronov halok boʻladi. Bu haqida jamoatchilik oradan 30 yil oʻtib xabar topgan edi.
Mazkur siyosiy ziddiyatning oqibatida Amerika prezidenti Duayt Eyzenxauerning Moskvaga tashrifi bekor qilinadi. Ushbu tashrif may oyining oʻrtasida amalga oshirilishi lozim edi.
Berlin inqirozi
1958 yilning noyabr oyida Nikita Xrushchev Gʻarbiy Berlindan amerikalik, ingliz va frantsuz jangchilarni olib chiqilishi va uni "demilitarizatsiyalashtirilgan erkin shahar" deb eʼlon qilinishini taklif qiladi. 1961 yil 7 aprelida esa uning bu taklifi ultimatum darajasiga chiqadi.
Bunga javoban AQSh GFRga qoʻshimcha 40 ming harbiyni yuboradi, Gʻarbiy Berlinga esa yana bir yarim ming askar joylashtiriladi. AQSh prezidenti Jon Kennedi har qanday holatda ham shahar himoya qilinishi haqida bayonot beradi.
1961 yil 13 avgustida Berlin hududlaridagi harakat erkinligini taʼminlashni nazarda tutadigan Podstam kelishuviga zid ravishda GDR hukumati bir kechaning oʻzida Berlin devorini tiklaydi. 29 avgust kuni esa Sovet hukumati askarlarni zaxiraga joʻnatish amaliyotini toʻxtatadi.
Mazkur inqirozning eng choʻqqisi 1961 yil 26-27 oktyabr kunlari Fridrixshtrassedagi "Charli" oʻtish postida boʻlib oʻtadi. Bu yerga 10 ta Amerika tanki va buldozerlar Gʻarb tomonidan qurilishi noqonuniy, deb topilgan Berlin devorining bir qismini buzib tashlash uchun keladi. Amerika tanklariga qarshi sovetlar ham oʻz harbiy transportlarini ishga soladilar. Har ikki tomon bir-birining toʻgʻrisida ertalabga qadar turadi va, keyinroq, ortga qaytariladi.
Voqealar rivojining bu darajada keskinlashishidan soʻng tomonlar oʻzlarini tiyishni boshlaydilar. Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida Gʻarbiy Berlinning oʻziga xos maqomi qayd etib qoʻyiladi va uning har ikki nemis davlati tarkibiga kiritishga urinmaslik haqida kelishib olinadi.
Karib Inqirozi
1962 yil avgust-sentyabr oylari davomida SSSR Karib havzasida joylashgan Kubaga yashirincha 164 dona yadro kallagi va 42 ming askardan iborat harbiy qismni olib kiradi.
14 oktyabr kuni Amerikaning U-2 razvedkachisi ushbu raketalarni suratga oladi.
18 oktyabr kuni prezident Kennedi qabulida boʻlgan SSSR Tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko sovetlarning Kuba bilan harbiy hamkorligi "kuba harbiylarini mudofaa qurollaridan foydalanishga oʻrgatish bilan" cheklanishini maʼlum qiladi.
22 oktyabr kuni esa Jon Kennedi Kubaga nisbatan dengiz karantini eʼlon qiladi, yaʼni mazkur orolga bortida hech qanday xavfli yuk mavjud boʻlmagan kemalargina oʻtkazila boshlanadi. Bu vaqtda Atlantika okeanida bortiga yadro quroli qismlari va boshqa harbiy yuklar ortilgan 30 ta sovet kemasi turar edi.
Moskva oʻz kemalarini tintishlariga yoʻl qoʻymasligini maʼlum qiladi. AQSh tomonidan oʻrnatilgan karantinni "qaroqchilik"ka qiyoslaydi.
SSSR qurolli kuchlari harbiy tayyorgarlikka shay holga keltirilgani haqida eʼlon qilinadi.
Radio orqali mashhur suxandon Yuriy Levitan tomonidan oʻqib eshittirilgan anti-amerika ruhidagi xabardan, hatto, oddiy odamlar ham vaziyat naqadar jiddiy ekanligini anglaydilar.
25 oktyabr kuni chaqirilgan BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yigʻilishida sovetlar vakili Kubada hech qanday raketalar yoʻqligini maʼlum qiladi. Bunga javoban Amerika vakili fotosuratlarni koʻrsatgandan soʻng zalda mislsiz toʻpolon koʻtariladi.
Ayni shu kuni tomonlar ikki yoqlama muzokaralarga kirishadilar. Kennedi va Xrushchev bir-birlariga tinchlikni madh etuvchi xatlar yubora boshlaydi.
Biroq 27 oktyabr kuni kutilmagan fojia yuz beradi - sovetlarning zenit diviziyasi komandiri rahbariyat buyrugʻisiz navbatdagi AQSh U-2 qiruvchisini urib tushiradi. Hamma amerikaliklarning javob zarbasini kutar edi.
Shunday tahlikali bir paytda sovet rahbariyati hech kim kutmagan qadamni tashlaydi: Xrushchevning Kennediga sulh taklifi radio orqali oʻqib eshittiriladi.
Vetnam
Vetnam urushi chogʻida sovetlar va amerikaliklar navbatdagi toʻqnashuvda yuzlashadilar. Ushbu urush davomida har ikki tomon yozilmagan qonunlar asosida istagancha ish koʻradi.
Mazkur ziddiyatning eng qaynoq nuqtasi 1972 yil may oyida yuzaga keladi. AQSh prezidenti Richard Niksonning Moskvaga tashrifi arafasida amerikaliklar Xanoy va Xayfon nisbatan keng koʻlamli hujumlar uyushtiradilar.
Nikita Xrushchev Paures mojarosidan soʻng Eyzenxauerning Moskvaga tashrifini bekor qilgan edi. Biroq Leonid Brejnev ayni vaziyatda, baʼzilar fikricha, vazminlik va donolikni koʻrsatgan boʻlsa, boshqalar nazarida qoʻrqoqlikka qoʻl uradi.
Oʻsha paytda KPSS MQ xalqaro boʻlimi xodimi boʻlib ishlagan Anatoliy Chernyayev, oʻlimidan oldin, Brejnev kabinetida turgan payti Ministrlar Soveti raisi Aleksey Kosigin qoʻngʻiroq qilgani haqida eslagan edi: "Nikson qanchalik haddidan oshganini qara! Yaramas! Quloq sol, Leonid, balki uning tashrifini keyinga surarmiz? Hozir unga bomba kerak!"
"Bomba-bomba. Bomba aylanib kimning boshiga tushadi?" norozilik bildiradi Brejnev.
Shu tariqa Niksonning Moskvaga tashrifi amalga oshadi va bu ziddiyat ham oʻz yechimini topadi.
Afgʻoniston va Olimpiada
Sovetlarning Afgʻonistonga bostirib kirishi ham ikki oʻrtada navbatdagi ziddiyatni keltirib chiqardi, lekin AQSh va SSSR bu davrda bir-biriga qarshi ochiq qurol oʻqtash bilan tahdid qilmadi.
Iqtisodiy sanktsiyalardan tashqari Gʻarb tomonidan Moskvada oʻtkazilayotgan Olimpiada-80 ning boykot qilinishi ushbu ziddiyatli davrning eng muhim voqealaridan biri boʻlib qoldi. Xalqaro eʼtibor olib keladigan olimpiadani oʻtkazish uchun SSSR uzoq va jiddiy tayyorgarlik koʻrgan edi.
AQSh prezidenti Jimmi Karter tomonidan oʻrtaga tashlangan boykot aktsiyasiga 64 davlat qoʻshildi.
Yevropa davlatlaridan faqat Yunoniston, Avstriya, Malta, Finlyandiya va Shvetsiya Olimpiadada rasman qatnashdi. 15 davlat, jumladan, inglizlar Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi bayrogʻi ostida musobaqalarda ishtirok etdilar.
1982 yilda Ministrlar Soveti raisining birinchi oʻrinbosari Haydar Aliyev Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi prezidenti Xuan Antonio Samaranchga "biz hech qachon Karter kabi pastkashlikka bormaymiz", deya maʼlum qiladi. Shunga qaramasdan, 1984 yil Los-Anjelesda oʻtadigan Olimpiada ochilishiga ikki yarim oy qolganda Politbyuro sovet sportchilari Amerikaga bormasligi haqida qaror qabul qiladi.
Janubiy Koreya "Boing"i
1983 yil 31 avgust kuni Sovet harbiy havo kuchlariga qarashli qiruvchi samolyot Saxalin tumanida mamlakat havo chegarasini buzib kirgan Janubiy Koreya fuqaro laynerini urib tushiradi. Bortda joylashgan 269 yoʻlovchi va ekipaj aʼzolarining barchasi, jumladan, 23 nafar bola halok boʻladi.
SSSR amerikaliklar mamlakat havodan mudofaa tizimini tekshirib koʻrish maqsadida havo laynerini atayin yuborgan, deb bayonot bergan boʻlsa, AQSh ruslar oʻzining vahshiyligi bilan dunyoni yana bir bor qoʻrqitish niyatida tinch yoʻlovchilarni ongli ravishda oʻldirdi, deb maʼlum qiladi.
Keyinroq ochiqlangan hujjatlar va urib tushirilgan laynerning "qora quti"laridan olingan maʼlumotlar ushbu halokat shunchaki anglashilmovchilik natijasi boʻlganligini koʻrsatdi.
Halokatdan soʻng TASS oʻzining mashhur bayonotini eʼlon qildi: "Tajovuzkor samolyot berilgan signallarga javob bermadi va Yapon dengizi tomon parvozida davom etaverdi." "Yapon dengizi tomon daf boʻlmoq" iborasi esa, keyinchalik, sovet hazillari xazinasidan joy oldi.
1 sentyabr kuni chaqirilgan Politbyuro yigʻilishida mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov "Hech kim hech narsani isbotlay olmaydi", degan edi. Samolyotning urib tushirilishi esa SSSR tomonidan 7 sentyabrga kelib tan olinadi.
AQSh prezidenti Ronald Reygen mazkur voqeani "hech qachon unutilmaydigan insoniyatga qarshi jinoyat" va "yovvoyilik hamda insonga xos boʻlmagan vahshiylik" deb ataydi.
Amerika Moskvaga qarshi qoʻshimcha sanktsiyalar joriy qiladi. Ikki oʻrtadagi ziddiyat Reygan va Gorbachevning Reykyavikdagi uchrashuviga qadar saqlanib turdi.
"Prishtinaga yurish"
Kuzatuvchilarga koʻra, Gʻarb va SSSR vorisi Rossiya oʻrtasidagi Karib havzasidan keyin yuzaga kelgan eng xavfli ziddiyat 1998 yil 12 iyun tunida sodir boʻldi.
Shu kuni xalqaro tinchlikparvar kuchlar tarkibida boʻlgan Rossiyaga qarashli 200 nafar harbiy xizmatchidan iborat guruh oʻz joyini tashlab "yashirincha va NATO uchun kutilmagan holda" Kosovo poytaxti Prishtina tomon harakatga tushadi. Rus harbiylari bu yerda oʻlkada yagona ogʻir yuk samolyotlarini qabul qilish imkoniga ega boʻlgan Slatina aeroportini egallab oladilar.
Ertasi kuni ertalab Makedoniya hududidan bu yerga yetib kelgan britan harbiylari va rus askarlari oʻrtasidagi ziddiyat bir-biriga qurol oʻqtalish darajasiga yetib boradi.
CNN tomonidan aeroportdagi vaziyat toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatilmagunga qadar Rossiya Mudofaa vaziri Igor Sergeyev bu haqidagi har qanday ayblovni rad etib keladi.
Vengriya va Ruminiya butun havo hududini Rossiya aviatsiyasi uchun yopib qoʻygandan soʻng aeroportdagi rus harbiylari qamalda qoladi.
Rus generali Leonid Ivashovning tan olishicha, u Rossiyadan hech boʻlmaganda ramziy dastak olgan serblar Gʻarbga nisbatan qarshilik koʻrsatishni qaytadan boshlashiga umid qilgan ekan.
Oradan besh kun oʻtib qamalda qolgan rus askarlarining oziq-ovqat zaxirasi tamom boʻladi va britan askarlari ularga yordam qoʻlini choʻzadilar.
Gʻarb ushbu holat yuzasidan Rossiyaga nisbatan hech qanday chora qoʻllamaydi. Gʻarb siyosiy doiralari yuzaga kelgan holat urishqoq generallar va millatchilarning Kremlga nisbatan bosimi natijasi, degan xulosaga keladi. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/world-43728430
https://youtu.be/SlmPrprM21U
https://youtu.be/VM0fRY8JMvI
https://www.bbc.com/uzbek/world-68919530
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 4