Oʻzbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) sifatida qayta tashkil etiladi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Oʻzbekiston Respublikasi davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi" farmonini imzoladi. Ammo, tahlilchilarga koʻra, qarorda yangi xizmatning avvalgisidan farq qilishiga koʻp ishora berilmagan.
BBC Londonda faoliyat yurituvchi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovdan DXX MXXdan qanday farq qiladi, deb soʻradi.
Ilhomov: Agar nomidan boshlasak, aslida deyarli hech qanday yangilik yoʼq. "Milliy" soʻzi "Davlat" soʻziga oʻzgartirildi. Dunyo tajribasida bu ikki soʻz ayni maʼnoni beradi - "milliy" soʻzi ishlatilganda, mahalliy muammolardan, masalan, viloyatlar yo tumanlardagi masalalardan ayri narsa, aynan davlatga oid masalalar tushuniladi. Shunday ekan, jahon tajribasida "milliy" degani "davlat" degani. Huquqiy tomoniga kelsak, bu oʻzgarishni butun idorani isloh qilish chorasi, xususan barcha xodimlarni ishdan boʻshatish, va yangi odamlarni ishga olish chorasi deb koʻrish mumkin.
Xodimlar tarkibi butunlay oʻzgaradi, deb oʻylaysizmi?
Ilhomov: Hech boʻlmasa, shuni qilishga imkoniyat tugʻilyapti. Men bu qaror mazmunini shunda koʻryapman, boʻlmasa, oʻzgarish haqidagi bu boshogʻriqlar kimga kerak? Qarorda nafaqat nomni oʻzgartirish, balki idorani oʻzgartirish haqida aytilgan. Demak, aftidan xodimlarni boʻshatish va yangi tarkibni yigʻish haqida gap ketyapti. Lekin, oʻylaymanki, amalda, idora oʻsha qarorgohda qoladi va eski xodimlar qaytadan ishga olinadi. Faqat rahbariyat yangi tayinlandi. Qarorda keltirilgan maqsadlarga qarasak, u yerda konstitutsion tizim himoyasi, tashqi va ichki tahdidlarga qarshi kurash haqida aytilgan. Savol tugʻiladi: bu himoya va tahdidlar qanday talqin qilinadi? Masalan, konstitutsion tizimni tanqid qilsangiz, aytaylik, prezidentlikdan parlament tizimiga oʻtishga chaqirsangiz, yoki qandaydir nuqsonlarni yoritsangiz, buni ham konstitutsion tizimga tahdid deya talqin qilish mumkin va buning asosida kimnidir yana repressiya qilish mumkin. Oʻzbekistonda oxirgi 25 yildan ortiq davr ichida konstitutsion tizimga tahdid uchun 159-modda qoʻllab kelindi. Tushunaman, agar kimdadir kuch bilan hukumatni agʻdarish niyati boʻlgan boʻlsa, bu boshqa masala. Lekin, konstitutsion tizimni oʻzgartirishga chaqiriqlar - mavhum masala. Ichki tahdidlar masalasi ham qanday talqin qilinadi? Agar ichki rejimni tanqid qilsangiz, bu ham ichki tahdid deya talqin qilinadimi? Hammasi talqinga bogʻliq boʻladi. Lekin, amalda koʻp narsa oʻzgarmaydigan koʻrinadi. Jinoiy kodeksning 159 va 244 moddalari, inson huquqlari nuqtai nazaridan, bemaʼnilikdir. 244-moddada jamoatchilik tartibiga tahdid nazarda tutiladi, demak har qanday tanqidni shunday tahdid deb talqin qilish mumkin. Agar mana shu moddalar yoʼq qilinmasa, yangi Davlat xavfsizlik xizmati ularni qoʻllashda davom etadi.
Yaʼni eski MXXning siyosiy politsiya rolida amal qilishi davom etishi mumkin?
Ilhomov: Ha, bu davlat ichidagi davlat edi. Hozircha men buning oʻzgarishiga hech qanday ishora koʻrmayapman. Qaysidir mutassaddilarning ishdan olinishiga qaramay, idoraning skeleti saqlanib qolyapti. Ular qoʻllaydigan moddalar, yaʼni huquqiy baza ham saqlanib qolyapti. Shunday ekan, yangi DXX tez orada qayta kuch yigʻib, eski shakliga qaytishi mumkin. Agar real islohotlar qilinmasa.
Shu paytgacha MXX vakolatlari toʻgʻrisida omma qoʻlida hech qanday hujjat yoʼq edi, lekin endi hech boʻlmasa prezident qarori bor. Shunday boʻlsa-da, avvalgi MXX tajribasi bilan solishtirsak, bu qarordagi vakolatlar hech qanday farq qilmaydi. Siz qandaydir yangilik koʻrdingizmi?
Ilhomov: Yoʻq, qarordagi vakolatlar - eski vakolatlar. Ichki tahdid, konstitutsion tizimning himoyasi va hokazo. Aniq izoh berilmagan, qanday tahdidlar haqida gap ketyapti? Tahdid bu hukumatni majburiy agʻdarish harakatimi yoki oddiy tanqidmi?
Sizningcha, Prezident Shavkat Mirziyoyev haqiqatdan ham MXXni oʻzgartirishni hohlaydimi, yoki faqat oʻzi istagan shaxslarning bu idorani boshqarishinimi?
Ilhomov: Ikkita versiya bor. Birinchisiga koʻra, bu klanlar oʻrtasidagi kurash. Yaʼni unga koʻra, Mirziyoyev Rustam Inoyatov va uning kadrlarini mamlakatdagi siyosiy muhitga taʼsir oʻtkazishda oʻzining raqibi deb koʻrgan, bu idora goʻyoki uning yakkahokimligiga rahna solgan. Islom Karimov ham kimnidir potentsial raqib deb koʻrsa, darhol chetlatardi va oʻziga vafodorlarni saqlab qolardi. Ikkinchi versiyaga koʻra, Mirziyoyev haqiqatdan tubdan islohotlar qilish va mamlakatni zamonaviylashtirishni istaydi, ammo kimdir unga toʻgʻanoq boʻlyapti. Bu "kimdir", goʻyoki, Inoyatov boʻlgan. Uni chetlatish bilangina Mirziyoyev endi haqiqiy islohotlarni boshlashi mumkin, bu versiyaga koʻra. Bularning ikkisining tasdigʻini endi koʻramiz. Hozirgi qaror yo u yo bu versiyani qoʻllab-quvvatlamayapti. Yaxshiyamki, endi qandaydir hujjat bor, lekin u hozircha hech qanday oʻzgarish boʻlishini kafolatlamaydi.
Qarorning muhim jihatlaridan biri korruptsiyaga qarshi kurash haqida. Lekin, bu MXX mamlakatdagi eng korruptsiyaga botgan idora boʻlgani hammaga kundek ayon. Prezident Mirziyoyevning oʻzi ularning xodimlarini oʻgʻri deb atadi, ular reket va reyderlikda ayblanyaptilar. Qanday qilib bu tashkilotga, yangi nom olsa ham, korruptsiyaga qarshi kurash vakolatini ishonib topshirish mumkin?
Ilhomov: Gap shundaki, bu qarorda "davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soladigan korruptsiya" deb aytilgan. Yaʼni, butun korruptsiya haqida gap ketmayapti. Chunki avvallari MXX korruptsiyaga qarshi kurash vaʼji bilan istagan idorasiga kirib borib, amalda uni nazorat qilardi. Ular bu bahona bilan kimnidir yertoʻlaga tiqib, qiynoqlarga solib, tovon pulini shilib olib, keyin ozod qilishardi. Bu qip-qizil reket. Endi esa "davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soladigan korruptsiya" deganda aynan nima nazarda tutilayotganini aytish qiyin. Masalan, milliy sirlarning sotilishi boʻlishi mumkin. Yoki Oʻzbekiston chegaralari orqali qurollar olib kirilishiga koʻz yumish bilan mamlakat xavfsizligiga tahdid qilish nazarda tutilar. Masalan 2013 yil Keniyada korruptsiya tufayli, aniqrogʻi terrorchilarga pasportlar sotilishi tufayli savdo markazida yirik terror hujumi uyushtirilgan, chunki hujumchilar bu soxta pasportlar bilan mamlakatga kirib olishga muvaffaq boʻlishgan. Agar mana shunday holatlar koʻzda tutilgan boʻlsa, unda korruptsiya va milliy xavfsizlik oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsa boʻladi. Yana aytaman, bu vakolatlar oʻz chegarasi doirasida saqlanib qolishi kerak va DXXning yana barcha idoralar ishiga aralashishiga olib kelmasligi kerak. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-43421649 #bbcuzbek #Oʻzbekiston #Milliy #xavfsizlik #xizmati #MXX #Davlat #DXX #Prezident #Shavkat #Mirziyoyev #Rustam #Inoyatov
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Янги тафсилотлар.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Воқеаларнинг сўнгги ривожи минтақада жиддий хавотирлар ва янги саволларни пайдо қилмоқда.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Вазиятга янги баҳо.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://youtu.be/SlmPrprM21U
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 3