Yurtmenboshining xotira daftari-13
Yurtmenboshining xotira daftari
Davomi
Bir ming yetti yuzu toʻqson ikkita musulmonning umriga zomin boʻlgan Pakana imom, inshaolloh, bizning abadiy ittifoqchimiz boʻlib qoladi. Faqat u yer-bu yeridan tilib ozgina qon chiqarib qoʻyish kerak.
105. QORI BILAN SUHBAT
Valixon qorini krematoriy-oʻchoqqa qalab yuborishdan oldin bir kecha Qarorgohga oldirdim. Oldiga dindan saylangan deputat peshvo KGBga yuborgan maʼlumotnomani (bir varaq qogʻozni) asta surib qoʻydim. Maʼlumotnoma arab imlosida qoʻlda yozilgan edi.
- Taqsir, qoʻlyozma egasi sizga tanishmi? - deb oʻsmoqchiladim.
- Sotti Oʻris iqtidorli hamhujramni oʻziga agent qilib yollaganini tushimda koʻrganman. Biroq oʻsha voqeani, ha, endi, bir tush-da, deb oʻylar edim. Keyin qizini berib, hamhujramning boshini siladi. U narigi tomonga toʻla oʻtib ketdi, nomard. Afsus... - deb boshini sarak-sarak qiladi Qori. Qogʻozni oʻqib, koʻzlarini yumib oladi.
- Taqsir, biz bir-birimizni koʻrmaganmiz, bilmaganmiz. Xossatan, man sizga hech qanday yomonlik qilmagan edim; nima uchun mani "riyokor" deb atagansiz? Saboqdoshlaringiz davrasida shu gapni aytganingiz rostmi?
- Rost, - dedi Qori koʻzlarini ochmasdan. - Sizni kommunistlar Yurtmenboshi etib saylagan mashvaratda Qurʼoni karimning muqovasiga qoʻlingizni qoʻyib turib qasamyod qildingiz. Muqovada "Qurʼoni karim" deb yozilgan edi-yu, ichida "Oʻzbekiston" nashriyotida chop etilayotgan nutq va maqolalar toʻplamingizning korrekturasi bor edi.
- Rost, - dedim. - Qurʼon muqovasining ichida nima borligini, taqsir, faqat man bilan oʻsha saboqdoshingiz - hozir mamlakatda peshvo boʻlib turgan kimsa bilardi. U sizga chaqimchilik qilgan. Sizning gaplaringizni quda tarafga, bizning gapimizni esa andijonliklarga yetkazib turgan ikkiyuzlamachi kimsa toʻgʻrisida nima desa boʻladi?
- Riyokor, - dedi Qori.
- Man koʻproq riyokormi, saboqdoshingizmi?
- Riyokorning katta-kichigi boʻlmaydi.
- Xoʻsh-xoʻsh? Riyo nima oʻzi?
Qori birpas manga ajablanib tikilib oʻtiradi. Soʻng qoshlarini chimirib gap boshlaydi:
- Odamlarga koʻrsatib va eshittirib toat-ibodat qilish riyodir. Riyo shunday bir muhim masʼalaki, uni tushunish va tushuntirish shayxlarning haqiqiy holini bizga ochib beradi. Bizning millat shayxlarni paygʻambardek eʼzozlaydi. Shayxlar toʻgʻrisidagi tanqidiy fikr-mulohazalarni odamlar hazm qilolmaydi. Shu sabab man soʻzni fazlu karam sohibi boʻlgan bir muhtaram zotga havola etaman. U zotni Islom olami ayricha hurmat qiladi, u kishi Imom Gʻazzoliydir. U zot "Ihyou-ulumid-din" kitobida riyo toʻgʻrisida bunday degan: "Bilginki, riyo haromdir, riyokorlar esa Ollohning dushmanidir". Bu matlab oyatu hadislarda sobit kelgan. Oyati karimada bunday deyiladi: "Diqqatsizlik qilib namozni xato oʻqiganlar va riyo qilganlar halok boʻlguvchilardir..." Yaʼni, Ollohning diydorini soʻragan kishi solih amallar qiladi, riyokorlikka aslo yoʻl qoʻymaydi. Hadisi sharifda rivoyat qilinishicha, bir odam Rasullohdan soʻradi: "Qay bir narsada najot bor?" Paygʻambar javob berdi: "Najot bandaning har bir toatni odamlar koʻrishi uchun emas, balki Olloh koʻrishi uchungina qilishidadir". Yana dedilarki: "Man gunohga giroftor boʻlishingizdan qoʻrqamanki, u kichik shirkka kiradi". Odamlar soʻradilar: "Yo Rasululloh, kichik shirk nima?" Ular javob berdilar: "Riyo".
Abu Imom al-Bohiliydan rivoyat qiladilar: u bir kuni masjidga borsa, birov sajdaga bosh qoʻyib hoʻng-hoʻng yigʻlayotgan ekan, uni koʻrib: "Agar bu yigʻi Olloh uchun boʻlsa, nega uyingda yigʻlamaysan?" deydi. "Yigʻlayotganimni katta xotinim koʻrib qolsa, yaqinda tugʻish chogʻida oʻlgan kenja xotinini eslab yigʻlayapti deb oʻylaydi, keyin u maning boshimga chiqib oladi", deb oʻzini oqlaydi ojiz banda. Abu Imom al-Bohiliy beixtiyor qahqaha otib yuboradi...
Riyo ikki xil boʻladi: 1) dunyoviy ishlardagi riyo; 2) diniy amallardagi riyo. Bularning ikkisi ham harom, lekin diniy amallardagi riyo nihoyatda yomondir. Diniy amallardagi riyoni besh qismga ajratish mumkin: 1) badan riyosi; 2) shaklu hayʼatdagi riyo; 3) tildagi riyo; 4) amaldagi riyo; 5) ziyorat va suhbatdagi riyo. Badan riyosi shuki, kishi oʻzini ozdirib-toʻzdirib, lablari qurib, soch-soqollarini taramay oʻstirib, tirnoqlarini olmay yuradi, toki odamlar uni koʻrib, e-e voh, u doim Olloh xayolida boʻlib oʻziga qaramas ekan, deb oʻylashlari uchun shunday qiladi. Shakl va hayʼatdagi riyokor esa shayxlar kabi surf kiyib yoki chirkin-yirtiq liboslarga burkanib yuradi; shu tarzda goʻyo darveshlarga maqbul koʻrinmoqchi boʻladi. Tilda riyokorlar esa har bir majlisda ilmdan soʻzlab, ibodat qiladi; koʻcha-koʻyda ham lablarini pichirlatib yuradi. Duch kelgan odamga kechasi oʻqigan istixora namozini gapiradi. Amaldagi riyokor koʻpincha odamlar oldida uzun namoz oʻqib, nafl namozini ham masjidda oʻqiydi. Ziyoratdagi riyo shuki, odam vaqti-bevaqti qachonlardir dunyodan oʻtib ketgan zotlarning mozoriga yoki hali tirik boʻlgan ulugʻ zotlarining xonadoniga dam-badam borib turadi, toki odamlar falonchi falonchining mozoriga tez-tez borib turadi, falonchi falonchining xonadoniga xohlagan paytida kirib boraveradi, deb gap tarqalishini istaydi..."
Man faqat diniy ishlardagi riyo toʻgʻrisida soʻyladim, dunyoviy amallardagi riyo esa, boshqonim, sizning hayotingizda tiqilib yotibdi.
- Tilingiz zahar ekanini koʻp eshitganman, taqsir, - dedim. - Manimcha, musulmon odam tili bilan ham oʻzgalarga ozor bermasligi kerak.
- Shundoq, - dedi Valixon Qori boshini egib.
- Musulmonga dashnom berish fisq-fasod sanalsa kerak, - dedim yana qitiq patiga tegib.
- Shundoq, - deb tasdiqladi Valixon Qori boshini qimirlatib.
- Demak, aybingizga iqrorsiz?
- Maʼzur koʻrsinlar, qanaqa ayb toʻgʻrisida gapiryaptilar? - dedi u bir oz chimirilib.
- Iye, boyadan buyon "shundoq-shundoq" deb tasdiqlab oʻtirdingiz-ku!
- Man umumiy maʼnoda tasdiqladim, xossatan hech narsani tasdiqlaganim yoʻq.
- Xossatan deb nimani nazarda tutyapsiz, taqsir?
- Sizni nazarda tutyapman, - dedi u koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilib.
- Yaʼni, masalan?
- Siz musulmon emassiz, kofirsiz. Boyagi gaplar esa musulmonlarga tegishli, sizga bu gaplarning hech qanday aloqasi yoʻq.
- Shunaqami?.. Oʻzim ham shunaqa deb oʻylagan edim... Oʻjar ekaningizni eshitgan edim, biroq murosasiz muttaassib ekaningizni negadir tasavvur etolmasidim, - deb gilam ostida turgan tugmachani tuflim bilan paypaslab topib bosdim.
Xonaga Inoyat Maxsum kirib kirib keldi.
- Hukm ijro etilsin, - dedim.
Valixon Qori bamaylixotir oʻrnidan turdi.
- Xayriyat, biz endi oxiratda ham koʻrishmaymiz, - dedi u va xonani tark etdi.
Man Valixon Qorini krematoriy-oʻchoqda kuydirtirib yubordim.
Manimcha, oxiratda kimning doʻzaxga tushishini va kimning jannati boʻlishini Valixon Qori emas, Olloh belgilasa kerak. Valixon Qori hech boʻlmasa bu dunyoda doʻzax azobini boshidan kechirdi...
***
106.FYuRERNING OShNOSI
TsUM qoptonida joylashgan "Kitob dunyosi" doʻkonidan Anna Mariya Zigmund xonimning "Fyurerning oshnosi" ("Des Führers bester Freund", Myunxen, 2003 y.; Moskva, "AST.ASTRELЬ", 2006 y.) kitobini izlab topdim. Adolьf Gitler shaxsiyatiga negadir yoshligimdan qiziqaman. Talabalik davrimda Gitlerni qoralab ishlangan filьmlarni kinoteatrda qayta-qayta tomosha qilsam ham aslo zerikmasdim. Ajabki, ijobiy qahramonlar emas, Gitler obrazi uzoq vaqtgacha esimda qolardi. Bitta filьmda Gitler Sharqiy jabhada (Rossiya hududida) magʻlubiyatga uchragan qoʻmondonlarini bir safga tizib qoʻyib: "San, choʻchqalar, maning dahomga munosib emassan! Koʻramiz hali, tarix oldida hammangdi yuzing shuvit boʻlib qoladi!" deb jigʻibiyron boʻlib generalu marshallarning pogonlarini yulib oladi. Fyurer nihoyatda qatʼiyatli inson boʻlgan. Oʻz oldiga qoʻygan maqsad sari dadil intilgan. "Mayn Kampf" kitobida ilgari surgan gʻoyalariga umrining oxirigacha sodiq qolgan. Nazarimda, Gitler jozibador shaxs edi, jozibasi tufayli boshi berk koʻchaga kirib qolgan olmon xalqini oʻz orqasidan ergashtira olgan. U tom maʼnodagi dohiy edi. Toʻgʻrirogʻi, yovuz dohiy edi.
Tarixchi olimaning eʼtirof etishicha, uzoq davom etgan hokimiyat uchun kurash yillarida Emil Moris degan yigit Gitlerga sadoqat bilan qurolbardorlik qiladi. Birgalikda qamoqda yotadi, "Mayn Kampf" asarining qoralamasini oqqa koʻchirib beradi; soʻng qoʻlyozmani qamoqxonadan yashirincha tashqariga chiqarilishiga ham koʻmaklashadi. Ozodlikda "Mayn Kampf" qayta ishlanadi, "Remington" yozuv mashinkasida oqqa koʻchirilib bosmaxonaga topshiriladi. Fyurer asarining ilk nusxasi koʻchirilgan yozuv mashinkasi muallif tomonidan keyinchalik Emil Morisga hadya etiladi.
Emil Moris nihoyatda yoqimtoy yigit edi; moʻylov ham qoʻyib oladi, oʻzi qorachadan kelgan turkka oʻxshardi. Olmoniyada milliyatchilar partiyasi hokimiyatni qoʻlga olgach maʼlum boʻladiki, Emilning katta bobosi Sheri Moris yahudiy boʻlgan ekan. Vah, vah-ey, deb yostiqdek jildtaxlamni koʻtarib Gitlerning huzuriga kiradi xavfsizlik xizmati raisi Gimmler. Gimmler toʻplagan maʼlumotlarni sinchiklab koʻzdan kechirib chiqqan Gitler oʻylab-oʻylab Emil Morisga "faxriy oqsuyak" unvonini beradi va eski oshnosini irqiy sababga koʻra taʼqib etishni Gimmlerga uzil-kesil man etadi. Gitler hokimiyat tepasida turgan yillarda Emil Moris xavfsizlik xizmati shtandartenfyureri unvoniga sazovor boʻladi, hech kim uning mushugini "pisht!" demaydi.
Gitler garchi Emil Morisdan yigirma yosh katta boʻlsa-da, hayot sinovlaridan mardonavor oʻtgan oshnosiga oʻzini sensirashga - "sen" deb murojaat etishga rasman ruxsat berib qoʻyadi.
Emil Moris hech qachon Gitlerga xiyonat qilmaydi, har doim unga sodiq boʻlib qoladi. Yigirmanchi yillarda Gitler qamalib ketgach ayrim safdoshlari oʻzga firqalarga qoʻshilib oladi. Emil Moris esa fyurerga qasamyod matnini yaratadi. Yigʻin chogʻlari yoki yigʻin yakunida hamma joʻr boʻlib: "Shu tobda to umrimizning oxirigacha fyurerga sodiq boʻlishga qasamyod etamiz! Yo hayot, yo mamot! Yashasin Gitler!" deb qichqiradi.
Qichqiriq muallifi Emil Moris edi.
Gitler xotin-qizlar bilan ishqiy munosabatlarini ham Moris orqali yoʻlga qoʻyar edi. 1925 yil 27 fevral kuni milliyatchilar firqasining qayta tiklanishi sharafiga uyushtirilgan bayram tantanalari chogʻida otashin nutq soʻzlagan Gitler olomon orasidan kresloga chiqib olib gaplarini tinglayotgan yoqimtoy qizni koʻrib qoladi. U nutqini toʻxtatmagan holda Emil Morisga koʻzi bilan sirli imo-ishora qiladi. Moris darhol fyurer yoniga borib olomonga nazar soladiyu gap nima haqda ketayotganini ilgʻaydi va odamlar orasidan urinib-surinib oʻtib borib oʻsha qizning qulogʻiga bir nimalar deb pichirlaydi. Qiz tishlarining oqini koʻrsatib jilmayadi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan oʻzini Ada Klyayn deb tanishtirgan qiz milliyatchilarning "Byurger-broykeller" gazetasi tahririyatida ishlay boshlaydi. Albatta, uni Moris ishga joylab qoʻygan. Tahririyatda Gitler Ada bilan tanishadi va qizni shahar tashqarisiga sayrga taklif etadi. Ular ovloq joylarda hech kim tanimaydigan mehmonxonalarda tez-tez uchrashib yuradigan boʻladi.
Oradan xiyla vaqt oʻtgach Berxtesgaden degan qishloqda Gitler endi oʻn olti yoshga qadam qoʻygan goʻzal qiz bilan tanishadi. Bu goʻzalning ismi sharifi Mariya Reyter boʻlib, u oʻzidan roppa-rosa yigirma yosh katta boʻlgan erkakni jonidan ham ortiq sevib qoladi. Moris sevishganlarni mashinada Berxtesgaden atroflarini sayr qildiradi. Yangi yilni Mariyaning opasining uyida nishonlaydilar. Oshiq-maʼshuqlar ertasi kuni tushgacha xobxonadan chiqmaydi. Keyin Gitler Mariyani Myunxenga taklif etadi va birgalikda teatrga kirib "Tsirk malikasi" spektaklini tomosha qiladilar. Bir yildan soʻng Gitler yosh sevgilisi bilan aloqasini toʻsatdan uzib qoʻyadi. Chunki fyurerning ishqiy sarguzashtlari ovoza boʻlib ketadi. Ammo u hokimiyatni qoʻlga olgach darhol Mariyani izlab topadi va pana-panalarda uchrashib yuradi.
Xullas, oshno Gitlerning eng nozik sir-asrorlaridan xabardor boʻladi.
Venada Gitlerning otadosh singlisi Angela Raubal istiqomat qilardi. Angelaning onasiga beva ota Gitler Adolьfning onasi vafot etganidan keyin uylangan; bitta qizaloq dunyoga kelgach er-xotin birin-ketin vafot etib ketgan edi. Adolьf oʻgay singlisi bilan u Raubal ismli erkakka turmushga chiqib bir qiz va bir oʻgʻil koʻrganidan soʻng eri oʻlib beva boʻlib qolgan paytlarida uchrashadi. Geli ismli qiz jiyani togʻasiga, ayniqsa, oʻzgacha mehr qoʻyadi. Ilk bor togʻasini koʻrgan chogʻlarida Geli endi oʻn oltidan oʻtgan, oʻn yettiga yetgan qiz edi.
Emil Gitlerni Venaga mashinada olib boradi va Geli bilan uchrashadi. Keyin Gitler singlisini bolalari bilan Veymarga milliyatchilar firqasining qurultoyiga taklif etadi. Albatta, Angela bilan Geliga qurultoyda avj olgan bahs-munozaralarning qizigʻi yoʻq edi. Endi oʻn uchga qadam qoʻygan Leo esa mehmonxona derazasidan qarab koʻchada gʻiz-gʻiz oʻtayotgan har xil mashinalarni sanab oʻtirishni yaxshi koʻrardi. Qurultoy kun boʻyi davom etardi, oqshom paytida delegatlar sharafiga ziyofat uyushtiriladi. Musiqa yangraydi, yoshlar raqs boshlaydi. Emil ham bir necha bora Geli bilan raqsga tushadi. Keyin ular yashirincha uchrashib yuradi. Bir-biriga koʻngil qoʻyadi. 1931 yilda Geli yigirma bir yoshga toʻladi. Togʻasining taklifi bilan Venadan Myunxenga koʻchib kelib, Gitlerning shinam xonadonida istiqomat qila boshlaydi. Ajoyib kunlarning birida Geli bilan Emil gapni bir joyga qoʻyib ibodatxonaga boradi va yashirincha nikoh oʻqitib keladi. Ular turmush qurishga qatʼiy qaror qiladi. Oqshom chogʻi Gitlerga yangilikni aytadilar. "Togʻam bagʻoyat xursand boʻladi", deb oʻylaydi Geli. Emil ham fyurer xursand boʻladi deb oʻylaydi.
Afsuski, sevishganlar chuchvarani xom sanagan ekan.
Yangilikni eshitgan zahoti Gitler birdan quturib ketadi, ogʻzidan bodi kirib shodi chiqa boshlaydi. Hatto gʻaladonda turgan toʻpponchasini chiqarib Emilga oʻqtaladi: "Ertagayoq oʻsha ibodatxonaga borib nikohni bekor qilib kelmasang, juhudvachcha, mandan oʻpkalama!" deb dagʻdagʻa qiladi. Gelining yalinib-yolvorishlari ham, yigʻlab-siqtashlari ham Gitlerga kor qilmaydi. Ikki yosh ertasi kuni ibodatxonaga borib nikohni bekor qilib qaytadi. Geli bir necha kungacha togʻasi bilan gaplashmay yuradi, Emil esa Gitler xonadoniga qadam bosmay qoʻyadi.
Oradan ikki yil oʻtgach, Geli togʻasining Myunxendagi uyida joniga qasd qiladi - oʻzini otib oʻldiradi. Oʻlim sababini hech kim aniq bilmaydi. Birov unday deydi, birov bunday deydi...
Bitta taxminga koʻra, Gitlerning oʻzi Gelini yaxshi koʻrardi, hatto unga uylanmoqchi boʻlgan, jiyanini ham rozi qilgan, faqat toʻy kuni yaqinlashgan paytda Yeva Braun bilan togʻasi don olishib yurishini Geli bilib qoladi va bevafolikka chiday olmasdan oʻzini oʻldiradi.
Yana bir taxminga koʻra, Gitler jiyanining qoʻlini soʻraydi, biroq qatʼiy rad javobini oladi. Bunday boʻlishini kutmagan fyurer jahl ustida Gelini otib qoʻyadi.
Boshqa koʻp taxminlar ham bor. Ammo birorta taxmin tasdiqlanmaydi. Taxminni tasdiqlaydigan asosiy guvoh Geli edi. Uning jasadi Vena shahri chetidagi eski qabristonga dafn etiladi. Gitler Gelining qabrini uch marta ziyorat qiladi. Lekin negadir mozor boshiga qabrtosh oʻrnatishni istamaydi.
1933 yilda fashistlar firqasi saylovda gʻolib chiqib hukumatni qoʻlga olgach, Gitler eski gina-kuduratni unutib oshnosini yana yoniga chaqiradi va unga iqtidoriga yarasha lavozim beradi. Ikkinchi jahon urushi boshlanadi. Urushda Olmoniya qaqshatqich magʻlubiyatga uchraydi. Nyurnbergda xalqaro tribunal gitlerchilarni sud qiladi, bir qancha koʻzga koʻringan davlat arboblari qilmishiga yarasha jazolanadi. Urushdan keyingi yillarda tirik qolgan Gitler safdoshlarining bir qismi "Mayn Kampf"da ilgari surilgan gʻoyalarni yoqlab xotira kitob yozadi, ayrimlari esa Gitlerning goʻriga gʻisht qalash bilan mashgʻul boʻladi. Emil Moris esa hibsxonada yotgan uch yil mobaynida ilojining boricha kamroq gapirishga, fyurerni kamroq qoralashga harakat qiladi. Oxir-oqibat Emil Moris toʻrt yilga ozodlikdan mahrum etiladi, mol-mulkining 30 foizi tiklanish jamgʻarmasi foydasiga musodara etiladi. Ayblanuvchining advokati doktor Karl Durst sud hukmidan norozi boʻlib shikoyat arizasi yozadi. Biroq, sud hukmi oʻz kuchida qoladi. Emil Moris toʻrt yil qamoqda yotib qaytadi. Shundan keyin umrining oxirigacha oʻzining eski kasbi boʻlmish soatsozlik bilan mashgʻul boʻladi. Emil Moris 1972 yilning 6 fevral kuni 76 yoshida vafot etadi.
Tanish-bilishlar Emil Moris umrining oxirigacha fyurer xotirasiga sodiq qolganini gapirib yurishadi.
...Emil Morisga oʻxshagan bittagina oshnom boʻlsa, bu dunyodan bearmon oʻtardim.
Tarixiy shaxsni rus tilida "Gitler" deb yozishad, asliyatda esa "Hitler" shaklida yoziladi. Qay biri toʻgʻri?..
107. MAJUSIYLAR
Hozir majusiylikni tiklab boʻlmasa kerak. Butga sigʻinadigan odamlar faqat butga sigʻinadi, oʻtga sigʻinadiganlar esa oʻtga sigʻinadi. Diniy his-tuygʻularni oʻldirib ham, oʻzgartirib ham boʻlmaydi. Valixon Qori yaxshi gapga ham koʻnmadi, yomon gapga ham koʻnmadi, oxiri oʻziga oʻzi jabr qildi (mabodo narigi dunyoda doʻzaxga tushadigan boʻlsa, yana kuyib kul boʻladigan hech narsasi qolmadi). Qaysar Qori tajribasi koʻrsatdiki, solih bandani oʻzi toʻgʻri deb bilgan yoʻldan qaytarib boʻlmas ekan. Yaxshiyam, Yurtmenistonda solih bandalar barmoq bilan sanarli, xolos. Oʻnta chiqarmikan?
Homiylarim bilan uzoq oʻyladik va tashabbusni qoʻlga olishga qaror qildik.
- Vaqt borida otni qamchilash kerak, doʻstim! - deyishdi. - Odamlarni toshga sigʻinadigan etib qoʻyish kerak.
- Hozir hazilning vaqtimi, ey ahli Muso? - dedim tumtayib.
U oʻtirgan oʻrnida oldinga engashib qulogʻimga pichirladi: shunaqa-shunaqa dedi, man boshimni qimirlatib tasdiq ishorasini anglatdim.
Darhaqiqat, ogʻoi Muso joʻyali maslahat bergan edi: Yurtmeniston xalqi yetmish yil davomida ateistik hayot kechirdi, xudodan qaytdi. Faqat chol-kampirlar yoki bekorchixoʻjalar diniy marosimlar tufayli tirikchilik qilib yurardi. Sobit islomiy eʼtiqod uchun besh farzni sidqidildan ado etadigan musulmon, boya aytganimdek, juda oz edi. Xullasi kalom, olomon solih rahnamoga batamom ixlos qoʻyib ulgurmasidan burun uni maqsadga muvofiq yoʻlga burib yuborish lozim. Maqsadga toʻgʻri yoʻl (sirotal mustaqim) eltmaydi. Olomonga toʻgʻri yoʻldan koʻra, koʻz bilan koʻrib, qoʻl bilan ushlab boʻladigan yoʻl maʼqul hisoblanadi.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoq kerakki, bugungi kunga kelib davlat bilan diniy tashkilotlarning oʻzaro munosabatlari ancha yaxshilandi. Yurtmeniston hukumati musulmonlarning talab-istaklarini inobatga olib, din ustidan toʻla nazoratni qoʻlga oldi. Bu ish osonlikcha boʻlmadi albatta. Buning uchun uzoq yil, bosqichma-bosqich, turli tadbirlar yordamida erishildi. Ularga pora oʻlaroq: 1) musulmon dunyosining eng muqaddas yodgorliklaridan biri - xalifa Usmonning "Mushafi" ular ixtiyoriga qaytarib berildi; 2) qator tarixiy obidalar diniy tashkilotlar ixtiyoriga oʻtkazildi; 3) yangi masjidlar ochildi; 4) davlat diniy asarlarni chop etishda yordam beryapti; 5) Makka va Madinani tomosha qilishga boradiganlar koʻpaydi; 6) din peshvolari matbuot, radio va televideniye orqali oʻz qarashlarini emin-erkin bayon etmoqda va hokazo. Taqdirga shoyon tahsinlarki, hozirgi davrga kelib xalqaro siyosatda mafkuraviy iqlimlar yumshadi, siyosiy johillik, yalpi shuhratparastlik ortga chekinib, oʻzaro doʻstlik, ishonch va birodarlikka keng yoʻl ochilmoqda. Biz xorij ahli bilan, tariximiz oʻzaro uzviy bogʻlangan qoʻshni davlatlarning xalqlari bilan, dunyodagi barcha tinchliksevar ellar bilan ilm, madaniyatning hamjihatlik sohalaridagi munosabatlarimizni yanada yaxshilash tarafdorimiz. Qadimgi Turon va Xuroson farzandlarining jahon ilmu ziyosiga qoʻshgan hissasi beqiyosdir. Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muso Xorazmiy, Forobiy, Rudakiy, Ulugʻbek, Jomiy, Navoiy, Bobur, Muhammad Solih (bu padarlaʼnati, eski zamon shoiri boʻlsa ham, familiyasi qurgʻur yangi zamon shoirini eslatib jigʻimga tegadi. Roʻyxatdan oʻchirishim, boshqalar ham eslamaydigan qilib qoʻyishim kerak shekilli. Oʻrniga birorta moʻʼtadil juhudning otini, masalan, Radiy Fishni taxallus etib qoʻymasam boʻlmas), Shayboqxon va boshqa yuzlab zotlarni jahon yaxshi biladi. Qadimdan Sharq xalqlarining ilmiy-madaniy aloqalari kuchli boʻlgan. Bu hamkorlik yanada rivojlanib, xalqlar doʻstligining mustahkamlanishiga xizmat qilajak.
Demak, barcha tarixiy obidalar taʼmirlanib, peshtoqlariga uch-toʻrt kalima arabcha lavha bitilib foydalanishga topshirilishi kerak... Qoraqalpogʻistonning Ellikqaʼa tumanida mashhur hofiz Otajon Xudoyshukurov koʻmilgan qabr ustiga muhtasham maqbara barpo etilgan. Maqbaraga hofizning tor chalib, bor tovushda qoʻshiq aytayotgan siymosi qop-qora marmarga muhrlanib yopishtirib qoʻyilgan. Mamnuniyat bilan kuylayotgan hofiz siymosi kishi koʻnglida yorugʻ hislarni qoʻzgʻatib yuboradi. Goʻyo Otajon Xudoyshukurov narigi dunyoda ham yallo qilib yurgandek taassurot uygʻonadi. Odamlarga aynan shunaqa narsalar kerak. Hozir nafaqat Yurtmenistonning hamma burchaklaridan, hatto qoʻshni mamlakatlardan ham turistlar kelib Otajon Xudoyshukurov koʻmilgan mozorda jonliq soʻyib, qon chiqarib, diniy rituallarni ado etib ketishyapti. Shiyponlarda xoʻroz urishtirilyapti, bedana urishtirilyapti va hokazo.
Yuz yil, yetmish yil narida kim koʻmilgan boʻlsa koʻmilgandir, lekin biz qabr ustiga maqbara qurib qoʻyishni esdan chiqarmaylik. Eski yodgorliklar nurab ketgan boʻlsa, uni ham tiklaylik. Yangi va yangi masjidlar barpo etib, atrofida turistlarga xizmat koʻrsatadigan zamonaviy maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchalari qad koʻtarsa, ishonchim komilki, xorijiy sayyohlar yopirilib kela boshlaydi. Burnogʻi yili Margʻilonda bitta qoʻzichoq yonboshida "Alloh" degan yozuv bilan tugʻilgani toʻgʻrisida mishmish tarqalgan zahoti dastlab Yurtmeniston aholisi, soʻngra ahli Turkiston, oxirida jumlai jahon oʻsha tomonga yopirilib ketganini hamma koʻrdi. Afsus, olti oydan keyin qoʻzichoq shirvoz boʻldi, toʻqli boʻldi va qoʻngʻiroqsimon junlari yoyilib, boyagi ilohiy kalima ham tarqalib ketadi.
Halqimiz diniy mutaassiblikka moyil. Agar unga tezroq birorta ermak topib berilmasa, oʻylab-netib oʻtirmasdan vahhobiylar oqimiga ham, "Hizbut tahrir" firqasiga ham qoʻshilib ketaveradi.
Bosh vazirni chaqirib, Yurtmenistondagi jami eski-tuski yodgorliklar roʻyxatini tuzib chiqish toʻgʻrisida topshiriq berdim.
- Oʻlik koʻmilgan yodgorliklar roʻyxatga olinsinmi yoki nurab ketgan choldevorlar ham podryad roʻyxatga olinaversinmi? - deb soʻradi uch kundan soʻng Bosh vazir.
- Oʻlik koʻmilgan yodgorliklar "birinchi kategoriya" boʻlsin, oʻliksiz yodgorliklar "ikkinchi kategoriya"ga kiritilsin, haymi?!
- Hay.
Qirq kundan soʻng roʻyxat tayyor boʻldi. Oʻh-hoʻ, mamlakat ulkan qabriston ekan-ku! Oʻlikli yodgorliklar oʻn ikki mingta ekan, oʻliksiz yodgorliklar esa oʻn bir ming uch yuz ellikta emish.
- Nega aynan oʻn ikki mingta oʻlikli yodgorlik bor ekan? - deb soʻradim. - Yo bitta kam emas, yoki bitta koʻp emas?
- Kam-koʻstini toʻgʻrilab qoʻydik, ustoz, - dedi Bosh vazir.
- Qanday qilib? - dedim ajablanib.
- KGB va MVDning podvallarida urib oʻldirilgan dindorlarning qabri ustiga ham zudlik bilan koʻrkam maqbara tiklandi. Yangi maqbaralar oʻlikli yodgorliklar roʻyxatiga kiritildi. Agar nomaʼqul desangiz, ustoz...
- Maʼqul, - dedim, - majusiylar Ollohga emas, maqbaralarga sigʻinadi. Maʼqul ish boʻpti.
***
108. NAZARBEKLIK FARHOD
Valixon Qorini qiblaga qaratib qoʻyib kechirim soʻratishim kerak edi. Yoki yukunib, devorda osigʻlik turgan portretimdan kechirim soʻrayotganini videoga oldirib, keyin TVda qayta-qayta namoyish ettirsam, manimcha, maqsadga muvofiq boʻlardi. Hukmni ijro etishga sal-pal shoshdik chogʻi. KGB podvalida yana besh-olti oy yotsa, osmon uzilib yerga tusharmidi! Ay, oʻtkan ishga salovat.
Nazarbekdan yana bitta Qori chiqibdi. Farhod emish ismi sharifi. Yigirma yetti yashar. Lermontov yoshida. Aynan duelda otishib oʻladigan yoshda ekan. Muridlarining son-sanogʻi yoʻq emish. Oʻzi tijorat bilan shugʻullanadi. Yigirma foizdan ortiq foyda koʻrmaydi. Foydasi ortib ketsa, darhol kamtaʼminlangan oilalarga ehson qiladi: birovning oliy oʻquv yurtidagi shartnoma pulini toʻlaydi, yana birovning qizini erga beradi yoki oʻgʻliga xotin olib beradi. Oshigʻi olchi emish. Halol ishlab, halol yashash mumkin ekanini barchaga koʻzkoʻzlar emish.
- Zimdan kuzatinglar, tekshiringlar! - dedim gʻazabim qaynab. - Oʻzboshimchalik bilan boyib ketgan boʻlsa, besh vaqt namozini kanda qilmay oʻqiyotgan boʻlsa, buning tagida bir sir boʻlishi kerak. Darhol unga zarba berilmasa, boshqalar ham undan oʻrnak olib... besh vaqt namoz oʻqiydigan boʻladi. Keyin namozxonlarni boshqarib boʻlmaydi. Ularga qolsa, jumani dam olish kuni deb eʼlon qilishim lozim; oʻzimdan ham juma namozlarini jamoat bilan birga oʻqishimni talab etadilar...
Kuzatildi, tekshirildi. Qingʻir ishlari yoʻq ekan. Toʻgʻri yurib, toʻgʻri turar ekan.
- Xotini-chi? Xotini nechta ekan?
- Bittagina ekan.
- Musulmon boʻlsa, qanday qilib bitta xotinga qanoat qilar ekan? Yo u chin musulmon emas, yoki xotinni tez-tez almashtirib turadi. Uning qoʻlidan oʻtkan xotinlar topilsin!
Topilmadi. Na ortiqcha xotin, na nuqson bor. Obbo, laʼnati-ey, bu Farhod deganlari rosa boshogʻriq boʻldi-ku! Uni nima qilsam ekan?
- Uy qamogʻida saqlasakmikan, nima deysan, Inoyat Maxsum?
- Muridlari yetti iqlimdan yopirilib kela boshlasa, keyin nima qilamiz? Axir, Nazarbekni uzoq muddatga qamal holatida saqlay olmaymiz-ku! Yo Farhodni olomon ixtiyoriga topshirish lozim boʻladi, yoki olomonni qirgʻin qilishga toʻgʻri keladi. Har ikki holatda ham biz yutmaymiz.
- Shunaqami? - dedim. Birpas oʻylab turib: - Hamma muridlarini roʻyxatga olish mumkinmi? Muridlari orasida nechta agenting bor?
- Yetarli deb oʻylardim... Lekin yetarli emas ekan. Uning muridlari qavat-qavat, hozir agentlarim kirib bormagan yangi qavatlari ham maʼlum boʻlib qoldi.
- Darhol jamiyatdan ajratib olinsin, haymi?
- Hay, - dedi Inoyat Maxsum qaddini gʻoz tutib.
- SSSRda qayta qurish boshlanishi arafasida Buxoro viloyatining obkom kotibi A. Karimov ham jamiyatdan ajratib olinib, soʻng kirdikorlari fosh etilgan edi. Biz ham shunaqa qilamiz.
- Xoʻp boʻladi, - deb Inoyat Maxsum chest berib xonadan chiqadi.
Qamoqqa olinsa, bas, Farhod bizning nogʻoramizga oʻynay boshlaydi, deb oʻylagan edim. Qayoqda! Bu qaysar eshak Valixon Qoridan ham oʻtib tushdi. MVDning podvalida bir hafta och qoldirildi. Kuniga faqat bir litrdan suv berib turildi. Hoy, ishonasizmi-yoʻqmi, oʻsha suvning yarmini ichib, yarmini tahorat uchun ishlatibdi! Bunaqasini hech kim koʻrmagan boʻlsa kerak.
Gap soʻralsa, Rasullulohdan rivoyat keltiradi, oyati karimalarning maʼnosini sharhlab beradi. Kimdan saboq olgan? Qayerda oʻqigan? Tohir Yoʻldosh tirikmi-oʻlikmi? Eski muftining nechta kitobini oʻqigan?.. Bunday savollarga joʻyali javob qaytarish oʻrniga safsata sota boshlaydi. Tergovchining boshi vang boʻladi. Eng yomoni - tergovchi qirq kundan soʻng Farhod yotgan bir kishilik kameraga kirib namoz oʻqiy boshlaydi. Albatta, sir fosh boʻlgan zahoti tergovchining kovushi toʻgʻrilab qoʻyildi. Bunaqasi boʻlmagan edi.
- Urib koʻringlar, - dedim.
Urib koʻrishdi. Foydasi boʻlmadi. Janob paygʻambarimizdan boshqa birorta zotning nomini tilga olmaydi. Yangi tergovchining xunobi oshib: "Yurtmenistonning birinchi Prezidenti kim?" deb soʻraydi bir kuni. "Yoʻldosh Oxunboboyev", deb javob beradi bezrayib.
Tergovchini chaqirib: "Qulogʻining tagiga tarsaki tortib yubormadingmi?!" deb quloq-chakkasiga boplab musht tushirdim. Bechora tergovchi kutilmaganda zarba tushib qolishini aslo kutmagan ekan, oyogʻi boshi barobar koʻtarilib chikkalak oshib yiqildi. Sunnatiga yana ikki marta och biqiniga tepib ham qoʻydim. Hiq-piq etib tinchib qoldi.
Inoyat Maxsumni chaqirib:
- Endi nima qilamiz? - deb soʻradim.
- Oʻzingiz nima desangiz - shu, - dedi u yerga qarab.
- Boʻpti, oʻzini osib qoʻysin, - dedim, - biryoʻla narigi dunyosi ham kuyib ketsin... Demak, mandan kechirim soʻrashni istamadimi?
- Aslo istamadi.
- Yaxshi, - dedim. - Sallasiga oʻzini osib qoʻysin! Xotinini kameraga olib kirib koʻrsatilsin; guvoh ishtirokida akt tuzilgach, oʻlik salla-sirtmoqdan ajratib olinsin.
- Xoʻp boʻladi, - dedi Inoyat Maxsum.
Farhodning murdasi ikki kun oʻlikxonada saqlandi. Soʻng Nazarbekdagi hovlisiga eltib berildi. Janozaga tumonat olomon toʻplanadi. Mayyit qabrga qoʻyilgach, gʻilof kiyib olgan maxsus boʻlinma askarlari marosim qatnashchilarini dubinka bilan kaltaklab, qoʻllarini qayirib, panjarali mashinalarga tiqadi. Oʻnta mashina janoza qatnashchilariga toʻldiriladi. Oʻnta mashina oʻnta tuman ichki ishlar boʻlinmasiga taqsimlanib, xavfsizlik xodimlari tomonidan tergov boshlanadi... Xullas, nazarbeklik Farhodning janozasida qatnashgan odamlardan ikki yuz kishi qamalib, ulardan oʻn yettitasi tergov jarayonida "oʻzini osib oʻldiradi", oʻn kishi esa umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi.
Farhodning jasadi qoʻrgʻoshin tobutda dafn etiladi. Qarindosh-urugʻlariga tobutni ochib koʻrishga xavfsizlik xodimlari ruxsat bermaydi. Oʻtkan asrning 80-yillarida Afgʻonistondan keltirilgan qoʻrgʻoshin tobutlar ham ochib koʻrilmasdan dafn etilardi. Manga sovetning oʻsha tajribasi qoʻl keldi. Va mahalliy radikal terroristlarga qarshi afgʻonistonchasiga qatʼiyat bilan urush eʼlon qildim.
***
109. SOBITALI
Uning otasi mashhur shoir Gʻafur Gʻulomga qoʻshilib ulfatchilik qilib yuradigan qozoq adibi Sobit Muqonovga gʻoyibona muxlis boʻlib qoladi. Sobit ogʻaning birorta kitobini oʻqimagan boʻlsa-da, Gʻafur Gʻulom Oʻshdagi choyxonada shirakayf holatda oshnasining yelkasiga qoʻlini tashlab: "Yoʻldosh ota bizni urushdan opqolgan, agar Hitler bilan Istalindi janjaliga aralashganimizda na Sobit tirik qolardi, na man! Kelinglar, Yoʻldosh otaning sogʻligi uchun ham bi-ir qadah koʻtaraylik!" deb tost aytadi. Hamma akademik shoirning qadah soʻzi uchun araq ichadi. Oʻsha paytda "sogʻligi uchun" tost aytilgan Yoʻldosh Oxunboboyevning oʻlib ketganiga yigirma yil boʻlgan edi (u 1944 yilda vafot etgan). Choyxonada Yoʻldosh otaning mehr-muruvvatidan bahramand boʻlgan vodiyliklar ham bor ekan; ular "Oʻzbekistonning birinchi prezidenti" allaqachon omonatini topshirganini sheriklariga shipshiydi. Davrada pichir-pichir boshlanadi. Gap aylanib Gʻafur Gʻulomning qulogʻiga ham yetib keladi. Sobit Muqonov tengma-teng ulfatchilik qilib oʻtirgan boʻlsa-da, nihoyatda ziyrak zot ekan, u navbatdagi qadah soʻzini olib: "Toʻgʻri, Yoʻldosh ota jisman vafot etgan, ammo u oramizda ruhan tip-tirik yuribdi! Yoʻldosh otaning ruhi hamisha barhayot boʻlsin!" deb tost aytadi.
Xullas, ana shunaqa ulfatchilikdan soʻng choyxonachi Mahmud moʻylov yarim kechasi dovdirabroq uyiga borsa, xotini yoʻq - bolalari chorpoyada ayqash-uyqash boʻlib uxlab yotibdi. Ichkaridan uyqusirab qoʻshni kampir - Risolat momo chiqadi. "Tinchlikmi?" deydi. "Suyunchi bering, Mahmudjon, Tamaraxon koʻpayishdi, oʻgʻilli boʻldilaring!" deb hovuchini ochib yaqinlashadi. Mahmud moʻylov shimining chuqur choʻntagidan bir hovuch besh-oʻn tiyinlik chaqa olib uzatadi (u paytlari bir choynak choy besh tiyin, bitta obi non oʻn tiyin turardi). Kampir uni alqab-alqab uyiga chiqib ketadi. Ertasi kuni Mahmud moʻylov tugʻuruqxonaga borishdan oldin Shoʻro shuʼbasiga uchrashib chaqaloqqa guvohnoma oladi, oʻgʻilga "Sobitali" deb ism qoʻyadi. Soʻng guvohnomani koʻtarib tugʻuruqxonaga boradi; derazadan xotinini koʻradi, guvohnomani koʻzkoʻzlab: "Sobitali muborak boʻlsin!" deydi tirjayib. Hozirgina jilmayib yal-yal yonib turgan xotin birdan tundlashib yigʻi-sigʻi qiladi: "Bechora oʻgʻlimni endi hamma "qozoq" deb kamsitadimi? Agar shoirlarga havas qilgan boʻlsangiz, dadasi, qoʻqonlik Muqimiy yoki Furqatning nomini tanlasangiz ham boʻlardi-ku!" deydi. "Ey, esipast xotin, qozoqning bugʻdoyi yaxshi, chorvasi yaxshi, Turkistoni yaxshi, oʻzi yomon boʻldimi?! Qoʻy, diydiyo qilma! Qoʻqonlik shoirlar qochib ketmaydi! Ular shu yerda! - deb koʻkragiga mushtlaydi. - Mayli, sazang oʻlmasin, keyingi oʻgʻlingga oʻzing Muqimjon deb ism qoʻyasan! Lekin man hozir Sobitalining otini boshqa qoʻya olmayman. Hozirdan chaqaloqning otini boshqa qoʻyadigan boʻlsam, xotin, bu bola subutsiz boʻlib voyaga yetadi, munofiq boʻladi, qoʻrqoq boʻladi! Agar sen shuni istasang..." "Xoʻp, dadasi, man munofiq oʻgʻilning onasi boʻlishni istamayman", deb taqdirga tan beradi xotin.
Biroq oilada boshqa oʻgʻil farzand
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Янги тафсилотлар.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Воқеаларнинг сўнгги ривожи минтақада жиддий хавотирлар ва янги саволларни пайдо қилмоқда.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Вазиятга янги баҳо.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://youtu.be/SlmPrprM21U
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1