Yurtmenboshining xotira daftari-4 http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-42558279?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit 28. Xalq bilan uchrashuv
Ilgari ilgʻor xoʻjaliklarda, zavod-fabrikalarda uchrashuv uyushtirilardi. Borib-borib ilgʻor xoʻjaliklar ham, zavod-fabrikalar ham xususiylashib yoʻq boʻlib ketdi. Yangiyerda salkam oʻn ming kishi mehnat qilib, bola-chaqasini boqadigan qurilish-montaj korxonasi bor edi. Shu korxona mustaqillik sinovlariga bardosh berolmadi; raqobatda yengilib, oxir-oqibat Rossiya armiyasi yer bilan yakson etgan Grozniy shahriga oʻxshab qoldi. “Betonka”ning Yettisuv hududidan oʻtadigan qismi yopilib, yoʻlovchi mashinalar Samarqand tomonlarga borib-kelishda Yangiyer orqali oʻtayotib, korxona xarobalarini koʻrib, beixtiyor yoqasini ushlaydigan boʻldi. Xalq orasida har xil mishmishlar tarqaldi. Past-baland gaplarga chek qoʻyish maqsadida Oqoltin tumanini qoq ikkiga boʻlib oʻtadigan yangi yoʻl qurib, yoʻlovchilarning uzogʻini yaqin qildik. Yetti chaqirimlik masofa yetmish chaqirimga uzaygan boʻlsa-da, ammo odamlar endi toʻgʻri yoʻldan ketyapti.
Uchrashuvlar zavod-fabrikalardan muhtasham saroylarga, paxta dalalaridan shinam shiyponlarga koʻchirildi. Uchrashuvda qatnashadigan ishchi-dehqon vakillarini kollektiv saylardi. Dastlab shunaqa edi. Ishchi-dehqon vakili kutilmaganda mavzudan chetga chiqib, ijtimoiy muammolar toʻgʻrisida yoʻgʻon-yoʻgʻon savol berib asabimni oʻynatib yuborardi.
- Kasaba soyuz nima qilyapti? - deb soʻrardim oʻzimni goʻllikka solib.
- Kasaba soyuz ishlamayapti.
- Unday boʻlsa, oʻrtoqlar, Kasaba soyuzini eskilik sarqiti sifatida bartaraf etib, uning bazasida kasanachilikni rivojlantirish lozim. Kasanachilik istiqlol yacheykasi boʻlib, har qanday muammoni operativ tarzda hal etish imkoniyatiga ega.
Albatta, kasanachilik mohiyatini odamlar yaxshi bilmasdi. Inqilobdan oldingi turmush tarzi allaqachon koʻpchilikning esidan chiqib ketgan. Boʻzchi boʻz toʻqiydi, etikdoʻz etik tikadi, mahsidoʻz mahsi-kavushga yamoq soladi va hokazo. Har kim oʻz kasb-kori orqasidan bir kunini koʻradi. Xomashyoni kim qayerdan olsa, olaveradi. Istasa - jahon bozoriga oʻz mahsulotini chiqaradi, istasa - ichki bozor ehtiyojini qondiradi.
Bunday taklif, shak-shubhasiz, odamlarga joʻyali tuyuladi. Gulduros qarsaklar ostida yangi yoʻl qoʻllab-quvvatlanadi.
- Ana, koʻrdingizmi, xalqimiz mustaqillikni sogʻinib qolgan ekan. Ota-bobolarimizning asriy orzulari amalga oshganini koʻrib beqiyos xursand boʻlamiz. Dorilomon kunlarga yetib kelganimiz uchun doʻppimizni osmonga otishimiz kerak.
Hamma doʻppisini osmonga otadi. Ayrim odamlarning doʻppisi qandilga ilinib qoladi, qaytib tushmaydi: bechora uyiga yalangbosh ketadi.
Oʻzi bilib-bilmay tuzoqqa ilingan odamlar oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yuraveradi. Soliq idorasi xodimlari, bojxona xizmati, bozorqoʻmlar kosiblarning tinka-madorini quritib yuboradi. Kosiblar oʻzlari pishirgan boʻtqani kim bilan baham koʻrishni bilmasdan boshini changallab doʻkonida aza tutib oʻtiraveradi.
Bari bir xalq bilan uchrashib turish kerak. Paxtazorlarga, bugʻdoyzorlarga qoʻlbola koʻchma shiypon oʻrnatib, mahalliy faollar bilan uchrashadigan boʻldim. Uchrashuvga tanlab olingan faollar qirq kun mobaynida boʻlajak savol-javoblarni xuddi Milliy teatr aktyorlaridek obdan mashq qiladi. Uzun monolog aytadigan fermer-aktyorlar alohida koʻrikdan oʻtkaziladi, oqsoqollarga ham maxsus koʻrsatma beriladi. Duogoʻy chol-kampirlar dalayoʻl chetida safga tizilib, qiblaga qaratib qoʻyiladi. Original duo qilgan chol-kampir, xohlasa - hajga bepul joʻnatiladi, xohlasa - nafaqasiga yigirma foyiz qoʻshib qoʻyiladi. Aksariyat chol-kampirlar shumlik qiladi: agar nafaqasiga yigirma foyiz qoʻshilsa, qirq yil davomida uch-toʻrt million soʻm qoʻshimcha mablagʻga ega boʻladi; bepul hajga borsa, biryoʻla uch-toʻrt million soʻmni Saudiya Arabistoniga borib sovurib qaytadi. “Qirq yilgacha suyaklarimiz goʻrda chirib adoyi tamom boʻladi, undan koʻra, naqdiga erishib qolaylik!” Undan soʻng hoji rutbasiga ega boʻlib, toʻy-maʼrakalarning toʻrini boʻshatmasdan rohat-farogʻatda hayot kechiraveradilar.
Keyingi paytlarda xalq bilan uchrashuvlarni Bahodir Yoʻldoshevga oʻxshagan yetuk rejissyorlar sahnalashtiryapti. Aktyorlik qobiliyati boʻlgan dehqon-fermerlar har bir qishloqdan topiladi. Aslida, ular yoshlik choqlarida aktyor boʻlishni orzu qilgan, lekin omadsizlik tufayli orzusi ushalmay qolgan, qulay fursat kelganda nafaqat mol-dunyosidan, hatto imon-eʼtiqodidan voz kechib yuborishga ham rozi boʻladi. Rejissyorlar xalq psixologiyasini yaxshi bilar ekan. Bundan keyin mudom rejissyorlarga suyanib xalq bilan uchrashuvlar oʻtkazishni oʻz oldimga qatʼiy maqsad qilib qoʻydim.
Kim man bilan uchrashuvni orzu qilsa, marhamat, avvalo Bahodir Yoʻldoshevga yoʻliqsin...
29. Xushmat toʻplagan maʼlumotlar
Sahnada chittakka oʻxshagan chuvak yigit paydo boʻldi. Xushmat ekan ismi. Boshlangʻich sinfni bitirganidan buyon rahbar boʻlishni orzu qilgan. Ilgari toʻrtinchi sinfni tamomlagan chalasavod odamlar “boshlangʻich sinf maʼlumotiga ega” deyilardi. Xushmat hali koʻzi ochilmasidan burun Inoyatli rahbar boʻlishni koʻngliga tugib qoʻyadi. Maning timsolimda goʻyo umrida ilk bor Inoyatli rahbarga duch keladi: “Shu insonning komandasida oʻzimni baxtiyor his etgan boʻlardim”, deb gap tarqatadi.
Kutilmaganda Xushmatning paydo boʻlishi manda osmondan choʻrtanbaliq yoqqandek taassurot qoldirdi. Inoyat Maxsumga maxfiy idorada “Choʻrtanbaliq” nomli yangi daftar ochib qoʻyish toʻgʻrisida topshiriq berdim. I.A.Krilovning mashhur masali esimga tushdi. Ishqilib, Xushmat aravani botqoqzorga qaratib tortib ketmasa goʻrgaydi deb oʻyladim.
U muxolifbashara Qalamkash toʻgʻrisida birtalay maʼlumot toʻplabdi. Mana, oʻsha maʼlumotlar stolimda turibdi. Maʼlum boʻlishicha, Qalamkash oʻrta maktabni bitirib Toshkentga oʻqishga keladi, lekin mandatdan yiqiladi. Qishlogʻiga qaytib borishga beti chidamasdan Qoʻyliq bozorida hammolchilik qilib yuradi. Shu yerda kichikroq doʻkonda atir-upa sotib oʻtiradigan Mohira ismli qizni sevib qoladi. Topgan-tutganini Mohiraga sarflaydi: qizginani kinoga taklif qiladi, oʻsha paytlarda mashhur boʻlgan Faxriddin Umarov, Komiljon Otaniyozov, Dadaxon Hasanov kabi hofizlarning kontsertlariga olib tushadi. Mohira koʻzga yaqin koʻhlikkina qiz boʻlgan, shekilli. Adasi uni toʻytepalik quroldosh doʻstining oʻgʻliga erga berib yuboradi. Qalamkash ijaraga olgan hujrasiga qamalib olib uch kecha-kunduz koʻkragini zaxga berib yotadi. Oqibatda oʻpkasini shamollatib kasalxonaga tushadi. Bundan xabar topgan Mohira “Charlar” bahonasida ota uyiga keladiyu kelinlik libosi bilan kasalxonaga boradi va bemorga bir shisha it yogʻini berib qaytadi. Qalamkash dogʻlangan it yogʻini yalab yurib sogʻayib ketadi. Mohirani koʻz ochib koʻrgan eridan ajralmaslikka koʻndiradi: “Man seni umrbod esimdan chiqarmayman”, deb vaʼda beradi. “Man ham sizni unutmayman, begim”, deb koʻzlariga yosh oladi Mohira. Sevishganlar yaxshilikcha bir-biridan ajraladi. Kelasi yili Qalamkash ToshDUning jurnalistika fakulьtetiga emas, abituriyentlar orasida beobroʻroq boʻlgan falsafa fakulьtetiga hujjat topshirib, mandatdan ham omon-eson oʻtib oʻqishga qabul qilinadi. Oʻqishdan keyin professor Ochil Togʻayev rahbarlik qiladigan “Ijodkor” adabiyot toʻgaragi mashgʻulotlariga muntazam qatnay boshlaydi. Ilk hikoyalari ana shu toʻgarak aʼzolari tomonidan qizgʻin muhokama qilinadi. Havaskorlar orasida xiyla tanilib qoladi. Uchinchi kursda oʻqib yurgan kezlari “Biz ham yosh boʻlganmiz” nomli qissa yozadi. Bu asar yoshlik ehtiroslariga toʻla boʻlib, “Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilinganidan soʻng adabiyotshunoslarning nazariga tushadi. Qissaning bosh qahramoni Mohigul vaʼdaga vafo qilmagan beqaror qiz sifatida tasvirlanadi. Albatta, sobiq sevgilisining ijodini zimdan kuzatib yuradigan Mohira qissada yoritilgan oʻz timsolini taniydi va ajoyib kunlarning birida ikkita bolasi bilan eridan ajrashib, Qalamkashning yotoqxonasiga izlab keladi. Bu paytda Qalamkash fakulьtetda saboq beradigan yurtdosh oʻqituvchisining qiziga oshiq boʻlib, endi yuqori sinfda oʻqiyotgan Yulduzxonni batamom oʻziga rom etib olgan, unga uylanishga vaʼda bergan, qizni ham rozi qilib qoʻygan edi. Yotoqxonadagi mashmasha Yulduzxonning qulogʻiga yetib boradiyu u sirka ichib oʻzini oʻldirmoqchi boʻladi. Xayriyat, ota-onasi oʻz vaqtida qizining qilmishidan xabar topib, darhol kasalxonaga olib boradi. Qizning hayoti saqlanib qolinadi. Qalamkash esa bir marta ham Yulduzning holidan xabar olmaydi. Aksincha, yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin Moskvaga qochib ketadi va tanish-bilishlari yordamida u yerda Maksim Gorьkiy nomidagi Oliy Adabiyot maktabiga oʻqishga kiradi. Bu yoqda unga ishonib eridan ajrashib kelgan Mohira ikkita bolasi bilan sarson qolaveradi, Yulduzxon ham ora yoʻlda qoladi...
- Yaxshi, - dedim yangi maʼlumotlarni koʻzdan kechirib. - Aytgin, Xushmat felьeton yozib markaziy gazetada eʼlon qilsin.
- Faktlar tasdiqlanmasa nima boʻladi? - dedi Inoyat Maxsum.
- U yogʻi bilan ishing boʻlmasin. Muhimi - Qalamkashni el orasida badnom qilish kerak.
- Zoʻrlik qilib raddiya eʼlon qilsa-chi?
- Beraversin... Bizda matbuot erkin, har kim xohlaganini yozadi. Ammo raddiyani aynan markaziy gazetada emas, balki yozuvchilarning tarmoq gazetasida eʼlon qilish kerak. Tushunarlimi?
- Tushundim.
- Boraver, - deb maʼlumotnomani stol tortmasiga tiqib qoʻydim.
- Xushmatjon, birorta lavozim boʻlsa, sadoqat bilan xizmat qilardim deyapti. Unga nima deb javob berganim maʼqul?
- Mayli, yoʻqolib ketmasin. Felʼeton eʼlon qilinganidan keyin bu haqda oʻylab koʻramiz.
Hademay felʼeton eʼlon qilindi. Rosa shov-shuv boʻldi. Qalamkash tarmoq gazetasida raddiya berdi. Ammo narigi gazetani oʻqigan mushtariy bunisini, bunisini oʻqiganlari esa unisini oʻqimagan boʻlishi mumkin. Oʻrtadagi tafovut - bizning foydamizga xizmat qiladi. Shu yoʻsin jamoatchilik fikri shakllantiriladi.
Endi Xushmatni oʻz iqtidoriga yarasha ish bilan taʼminlash kerak.
30. "Qandolatchilik"
Xushmat deganlari xira pashshaga oʻxshagan yigit ekan. U yoqda kadrlar masalasi bilan shugʻullanadigan Avliyoqulning antak-tentagini chiqarib yubordi, bu yoqda Inoyat Maxsumni holi-joniga qoʻymaydi. Yaqindan buyon aynan ishga keladigan paytim Oʻrda atrofida yoʻlimni poylab turadiyu mashinadan tushayotganimda shartta roʻparamda paydo boʻladi.
- Man sizni yaxshi koʻraman, - dedi bir kuni toʻsatdan.
Shoshib qolgan adyutantim qoʻltigʻiga beixtiyor qoʻl yugurtirib toʻpponchasini chiqarib paq etkazib otib tashlamoqchi boʻldi. Hay-haylab uni arang toʻxtatib qoldim.
- Kimsan?
- Man Xushmat boʻlaman.
- Qaysi Xushmat? - dedim talmovsirab. - Boʻldi, endi esladim: matbuotda anavi Qalamkash bilan olishib yurgan jurnalist sanmi?
- Ha, oʻsha man.
- Xoʻsh, xizmat, Xushmatjon?
- Ishsizman. Vaʼda qilingan lavozimdan hamon darak yoʻq-ku!
Ajablanib basharasiga tikildim: bunday surbet odamni umrimda birinchi marta koʻrayotgan edim. Qizigʻi shundaki, aft-angorida bitta tuk ham qilt etmasdi.
- Ish boʻladi, bir oz kutish kerak, - dedim.
- Shoshmang, iltimos, liftda siz bilan oltinchi qavatgacha birga chiqishga ruxsat bering!
- Oltinchi qavatda nima qilasan?
- Hech narsa qilmayman, zinapoyadan yurib oʻzim qaytib tushaman.
- Boʻpti, yur boʻlmasam, - deb qoʻltigʻidan oldim.
Ensam qotdi, ammo sir boy bermadim.
- Qayerliksan? - deb soʻradim yoʻl-yoʻlakay.
- Man mustaqil Yurtmeniston farzandiman! - dedi shovqin aralash.
- Nega baqirib gapirasan? Qulogʻing ogʻirmi? - Yelkasiga turtib qoʻydim.
- Kechirasiz, hayajonlanyapman. Aybga buyurmaysiz.
Oltinchi qavat yoʻlagida qoʻl berib xayrlashdik.
Kabinetga kirib darhol Avliyoqulni huzurimga chaqirdim.
- "Qandolatchilik" degan jurnal tashkil etish kerak. Unga Xushmat bosh muharrir etib tayinlansin, ostiga xizmat mashinasi ajratilsin, xonasiga hukumat telefoni oʻrnatilsin. Shtat masalasida bosh muharrir bilan maslahat qilinsin.
Avliyoqul yon daftarchasini yopib oʻylanib qoldi.
- Shu yigitni yonimizga yaqinlashtirmaslik kerak, - dedi. - Juda beqaror, shoxdan shoxga sakrab yuradigan chittakka oʻxshaydi.
- Bilaman. Lekin siyosatdan uzoq turadigan iqtisodiy tarmoq jurnali tashkil etib bersak, keyinchalik ham bakor kelib qolishi mumkin.
- Qaydam, - deb Avliyoqul xomush boʻlib kabinetdan chiqib ketdi.
Stol ustida imzo chekishim zarur boʻlgan xat-hujjatlar uyulib yotgan edi. Hammasini chetga surib, “Qandolatchilik” jurnalining xomaki loyihasini tuzishga kirishdim. Mundarijasini, yoritilajak mavzularni belgilab qoʻydim: “Xiva xonligida qandolatchilik”, “Buxoro amirligida qandolatchilik”, “Qoʻqon xonligida qandolatchilik”, “Mamlakatimizda qandolatchilik anʼanalari”, “Qandolatchilar sulolasi”, “Zamonaviy qandolatchilik” va hokazo. Tort, konfet, parvarda, holva...
Rangli jurnal smetasini Moliya vaziri ogʻrinibroq tasdiqlab berdi.
- Bir yil boqimanda boʻlib oʻtirsa, keyin oʻzini oʻzi eplab ketar, - dedim. - Obunasiga qarashib yuborsak, xazinaga ogʻirligi tushmaydi.
Orqavoratdan surishtirib koʻrsam, Xushmat yeng shimarib ishga kirishibdi: shahar hokimiyatini toʻs-toʻpolon qilib yaqindagina kapital taʼmirdan chiqqan binoni tahririyat uchun ajratib olibdi. Nishona soni uchun mandan Tabriknoma yozib berishimni qistalang qila boshladi. Tahrir hayʼatiga kaminani faxriy rais etib qoʻymoqchi boʻldi. Albatta, bunday takliflar rad etildi. Oqsoqol adiblar, xalq nazariga tushgan artistlar nomidan tabriknomalar uyushtirildi. Tahrir hayʼati aʼzolari roʻyxatidan nomimni chiqarib tashlashni talab qildim. Man panada turmasam, anavi Qalamkashga xudo beradi: zakaz qilib felʼeton yozdirdi, endi kuchukvachchasining boshini silayapti deb mishmish tarqatadi.
Aslini olganda, qadimiy anʼanalarga ega boʻlgan mamlakatimiz uchun “Qandolatchilik” jurnali kerak edi.
Ishqilib, holvani hokim yeb, kaltakni yetim yemasa koshkiydi.
31. Taraqqiyparvar qishlaqilar
Aholining yetmish foyizi qishloqda yashaydi. Qishloq aholisining yetmish foyizi esa dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Chorvadorlar, mardikorlar ham asosan qishloqqa bogʻlangan boʻlib, umumiy aholining chorak qismini tashkil etadi. Ularning bitta oyogʻi toʻrda boʻlsa, bitta oyogʻi goʻr yoqasida turadi.
Aksariyat hamqishloqlar, shaharda dordan qochgan odamlar yashaydi, deb oʻylaydi va oʻz aqidasiga qatʼiyan ishonadi.
Shaharliklar qoʻlini sovuq suvga urmaydi. Boshidan issiq suv sochib yuvinadi. Ogʻzini nonga artib, axlatdonga tashlab yuboradi. Bola-chaqasining yonida er-xotin bir-biriga ishqalanaveradi. Boʻydoq yigitlar liftga kirgan xotin-qizlarning u yoq-bu yogʻini anavi gʻijjakchiga oʻxshab ezgʻilab, yalab-yulqaydi. Xonalari ustma-ust boʻlganidek, hojatxonalari ham ustma-ust: bir paytda kirib qolinsa, hamma bir-birining boshida yo ostida oʻtiraveradi. Kulgili. Shaharliklar hamma narsani pulga sotib oladi: sut-qatiq, sovuq va issiq suv, tuxum, non - hammasi faqat naqd pulga beriladi. Bizda meva-cheva tekin, sut-qatiq va tuxum oʻzimizdan chiqadi. Lift ham yoʻq. Bola-chaqa qorongʻi tushgan zahoti oʻtirgan joyida dong qotib uxlab qoladi; oyoq-qoʻlidan sudrab oʻrniga eltib qoʻyilsa, xoʻroz qichqirguncha qulogʻini oʻgʻri kesib ketsa ham sezmaydi. Er-xotin ayvon-dolondami, sandal yonidami, birorta boʻsh xonadami, ishqilib, duch kelgan joyda ochomlashib yotaverishadi. Bolalar uygʻonib qolmasa - marra ularniki. Xoʻsh, farovon hayot kechirish uchun yana nima kerak?
Paxtakorga oʻtgan zamonda qiyin boʻlgan, hozir ham qiyin, kelasi zamonda ham qiyin boʻladi. Paxta ochilgunicha qirq-qirq besh foyiz mehnat sarflansa, uni terib olish uchun ellik besh-oltmish foyiz mehnat sarflanadi. Bitta chanoqda, taxminan, 5 gr. paxta boʻladi. Sovet payti 4 gr. boʻlardi, istiqlol sharofati bilan 5 gr. deb koʻrsatilyapti. Bir tup gʻoʻzada ikki-uchta koʻsak ochilgan boʻlsa, 50 gr. paxta terib olish uchun toʻrt-besh tup gʻoʻza paypaslab koʻriladi, soʻngra oldinga bir qadam tashlanadi. Ikki yuz dona chanoqdan bir kilo paxta terib olinadi. Oʻn qadamdan yarim kilo, yigirma qadamdan bir kilo paxta chiqsa, ellik kilo paxta terish uchun terimchi oʻn ming marta olgʻa qadam bosadi va oʻrta hisobda toʻrt-besh kilometr masofani bosib oʻtadi. Bir kunda yuz kilo paxta teradigan ilgʻor terimchilar eng kamida sakkiz-oʻn kilometr masofani bosib oʻtmogʻi lozim. "Chelsi"da toʻp suradigan Ballak, "Real"ga oʻtib ketgan Krishtianu Ronaldu ham zarbdor uchrashuv chogʻida 8-10 km. masofaga yuguradi. Ular toʻqson daqiqa halpillasa, paxta terimchilari tongdan qora shomgacha tinim bilmaydi. Bitta futbolchi bir hafta chopa-chop qilib bir yuzu ellik ming dollar haq oladi, terimchilar esa umr boʻyi ishlab ham bir yuzu ellik ming dollarni koʻrmay oʻtib ketadi. Jahon yulduzi darajasiga koʻtarilgan futbolchilarni qoʻyaturaylik, burungi zamonlarda "Paxtakor" stadionida boʻlib oʻtgan har bir uchrashuvdan soʻng gazli suvdan boʻshagan shishalarni yigʻishtirib olgan farroshlar oʻsha vaqtlarda eng qimmat hisoblangan "GAZ-24" markali "Volga" yengil mashinasiga yarasha daromad qilar ekan degan mishmishlar keng tarqalgan edi. Hozirgi farroshlar makulatura toʻplab ham ilgʻor terimchilar umrbod ishlab topadigan mablagʻdan koʻproq daromadni bir haftada topadi desam, manimcha, koʻpchilik fikrimga qoʻshilsa kerak.
Har bir dehqon-fermer oʻzi yetishtirgan paxta hosilini emin-erkin jahon bozoriga chiqarib sotsin, degan gaplar quloqqa tez-tez chalinib turadi. Maʼlumki, xalqaro paxta bozori Angliyaning Liverpul shahrida joylashgan. Rostini aytsam, "Liverpul" futbol komandasining jozibali oʻyinlari kishini oʻziga rom etmasa, Liverpul shahri havas qiladigan joy emas. Paxta bozoriga Yurtmenistondek butun boshli mamlakat yaqin yoʻlatilmayotgan bir zamonda oddiy bir fermerga yoʻl boʻlsin!
Davlat buyurtmasini ortigʻi bilan bajargan dehqon-fermerlarga yil yakunlariga koʻra gʻoʻzapoya, paxta moyi, kunjara, solarka, urugʻlik berilyapti. Zavodlarda paxtani chigitdan ajratib tola tayyorlash, tolani toylash, toylarni vagonlarga ortish, zaxirada qolgan paxta tolasini nes-nobud qilmasdan omborlarda asrab-avaylash kabi serchiqim vazifani davlat oʻz zimmasiga olgan.
Qisqasi, dehqon-fermerlarga hozir mavjud boʻlgan mustaqillik ham yetib ortadi. Ortiqchasi ortiqchalik qiladi. Biz bu mavzuga boshqa qaytmaymiz.
Qishloqda ongli odamlar yashaydi. Ongsiz odamlar shaharda yashaydi. Oʻqish, ish, zoʻr qurilish deb shaharga borgan ayrim yoshlar ongsiz boʻlib qaytib ketadi. Keyin ularni qayta tarbiyalashga toʻgʻri keladi. Ularni hayotning oʻzi tarbiyalab qoʻyadi. Odamlarning ong darajasi muhit chegarasidan tashqariga chiqmaydi. Oʻsha chegarani tobora mustahkamlash lozim: farovonlik qishloqda, taraqqiyot qishloqda deb odamlarni qatʼiyan ishontirish kerak. Bir narsaga qattiq ishongan odam uncha-munchaga muvozanatdan chiqmaydi. Muvozanat - barqarorlik garovi. Barqarorlik esa umrbod Yurtmenboshi boʻlib turishim uchun qoʻzgʻalmas poydevor hisoblanadi.
Yashasin, taraqqiyparvar qishlaqilar! Farovon hayot kechirayotgan qishlaqilarga shon-sharaflar boʻlsin!
32. "Toʻrt qadam qoladi yetishga manga..."
Chehragulning oshiqlari bisyor ekan.
Hasan qimorboz supurgifurushlar orasida "bankir" deb nom chiqargan. Ijaraga olingan pasqam hovlida qirqta supurgifurush yashaydi. "Yashaydi" degan soʻz ularning turish-turmushiga aslo toʻgʻri kelmaydi. "It yotish - mirza turish" deyilsa toʻgʻriroq boʻladi. Taqdir taqozosi bilan jannatmakon oʻlkamizning turli burchaklaridan kelgan qirqta yigit shaharda oʻzini har yonga urib koʻradi-yu, oxiri supurgifurushlik kasbini mahkam ushlaydi. Ularni ellikboshi boshqaradi. Ellikboshi Qoʻyliq bozoridan bir "KamAZ" supurgini koʻtarasiga xarid qilib, ijaraxonaga keltirib tashlaydi. Qirq yigit Xudoning bergan kuni tong saharda oʻttizta supurgini hovli oʻrtasida turgan katta vannadagi qip-qizil suvga boʻktirib, suvini selgitib arqon bilan toʻpcha etib bogʻlaydiyu yelkasiga ortib toʻrt tomonga ravona boʻladi. Yoʻl yuradilar, yoʻl yursalar ham moʻl yuradilar. Kimdir Nazarbek tomonga, undan Qozogʻiston hududiga oʻtib ketadi. Yana kimdir TTZ massividan Qibrayga oʻtadi, Ulugʻbek shaharchasiga ham boradi. Shahar mahallalarini oralab yurgan supurgifurushlar kutilmagan joyda bir-biriga roʻpara kelib qoladi. Bunday paytda soʻkinishib ikki tomonga joʻnaydilar. Oxiri tun oqshom qoʻsh haydagan hoʻkizdek charchab-horib ijaraxonaga qaytib kelishadi. Qasmoq boʻlib ketgan sholcha toʻshalgan dolonga kirib yonboshlab yotishadi; agar kimdir chalqancha yotsa, bir kishiga joy yetmay qoladi. Hamma yonboshlab yotishi shart. Mabodo yarim kechasi yelkalar uvishib qolsa: "Oʻrtoqlar, turinglar, yoppasiga teskari tomonimizga agʻdarilib olamiz!" deyiladi. Hamma birdaniga teskari tomonga agʻdariladi. Birov uygʻonmasa, uni uxlab yotgan holatida narigi tomonga agʻdarib qoʻyadilar. Na yostiq bor, na yumshoq koʻrpacha yoki toʻshak bor. Qasmoq sholchada yotib-turiladi. Shu bois bir kecha uchun bor-yoʻgʻi besh yuz soʻm haq toʻlanadi, xolos. Hozirgi zamonda besh yuz soʻmga uch quti gugurt berib, ellik soʻm qaytim qaytariladi. Supurgifurushlar yotgan dolon erta tonggacha sassiq qorishiq hidlariga shu qadar toʻlib ketadiki, birinchi boʻlib uygʻongan yigit boʻtqa hidiga uyqusirab tugma qadab qoʻysa, muallaq osilib qolardi.
Sotuvchilar har bir supurgidan uch yuz soʻmdan foyda koʻrishi mumkin. Ertalab olib chiqib ketgan oʻttizta supurgi oxirigacha sotilmaydi; oʻn-oʻn beshtasi albatta qaytib keladi. Bundan tashqari, uchastkavoy, mahalla posboni, patrul, chegarachi, bojxona xizmatchisi degan koʻppaklarga duch kelinsa bormi, eng kamida ikkitadan supurgidan judo boʻlasan. Ikkita supurgi bir kunlik foydaning uchdan ikki qismiga barobardir.
Yeb-ichish, yoʻlkira, gigiyena degan gaplar supurgifurushlar lugʻatidan oʻrin olmagan. Minimal darajaga tushirilgan ovqatlanish miqdori qulogʻidan tortilsa ham "eb-ichish" maʼnosini anglatmaydi. Kun boʻyi ogʻir yukni koʻtarib yayov yuriladi. Tongda rang singdirish uchun suvga boʻktirilgan supurgi donasi bir yarim kilo boʻlsa, tushdan keyin deyarli quriydi va bir kiloga tushib qoladi. Ehtimol, oʻttiz yoki qirq besh kilo yukni uch-toʻrt qadam nariga eltib qoʻyish yigit kishiga ogʻirlik qilmas. Lekin maʼlum miqdordagi yuk kun boʻyi koʻtarib yurilsa, yelkaning yagʻiri chiqib ketar ekan. Yelkasi qadoq boʻlib ketgan odamga umumiy hammomdami, choʻmilish joylaridami duch kelib qolsangiz, bilingki, u albatta supurgifurush boʻladi. Ular yoʻlkirani tejash uchungina yayov yurmaydi, balki yoʻl-yoʻlakay tasodifan uchrab qoladigan xaridordan ham quruq qolmaslik ilinjida boshlarini xam qilib yayov yurishni afzal koʻradi. Tozalik masalasi - tong qorongʻisida bir kishilik hojatxonaga navbatda turib, kirib, ketni ham, betni ham bir obdasta suv bilan yuvib chiqishdan iborat. Tozalikka qatʼiy rioya qiladigan juvonmarg boʻlsa, tish pastasidan bir otim nosdek soʻrib olib to birinchi xaridorga duch kelguncha ogʻzida atala qilib yuraveradi. Oxiri yutib yuboradi.
Har oy etagida Ellikboshi hisob-kitob qiladi. Darvoqe, har kunlik kirim-chiqim maxsus daftarga yozib boriladi, daftar Ellikboshining temir sandiqchasida saqlanadi. Pullar ham sandiqchaga tashlanadi. Ellikboshi jirishni buzmaydi; oy boshida aytilgan ogʻzaki shartnomaga amal qiladi. Har kim bilan alohida hisob-kitob qilgach, daromadni yakka-yakka taqsimlab beradi. Yangi oyning dastlabki uch kunida tanaffus eʼlon qilinadi. Tanaffus chogʻida qaysi goʻrdandir Hasan qimorboz paydo boʻladi: dolon burchagida boshlangan qimor shomdan tong qadar davom etadi. Soʻng tongdan shomgacha choʻziladi. Oxiri Hasan barcha supurgifurushlarning bir oylik daromadini yutib olib, esnab-esnab, eski portfelni qoʻltigʻiga qisib koʻchaga chiqib ketadi. Toʻgʻri, faqat besh-olti kishi qimorga qoʻshiladi, xolos. Ammo boshqalar "teng sheriklikka" qarz beradi, koʻpincha yutqizib oʻtirgan yigit qoʻyarda-qoʻymay sheriklaridan qarz olib bor-budidan ayriladi. Hozir kimning kimdan qancha qarz ekanini aniqlash qiyin, hisob-kitoblar chuvalashib ketgan.
Supurgifurushlar orasida "bankir" deb nom chiqargan shu Hasan qimorboz Chehragulga oshiq boʻlib qolgan. Qanday qilib, qachon, nima uchun degan savollarga hozir aniq javob yoʻq. Faqat Chehragulning oshiqlari safida Hasan "bankir"ning borligi aniq!
33. "Toʻrt qadam qoladi yetishga senga..."
Oʻzini novvoy deb tanishtirgan Rasul ismli palandaralik gʻilay yigit ham Chehragulning oshiqlari safidan oʻrin oladi. U Internet klubida "Paynet"ga uyali telefoni uchun pul haydayotgan choqda tasodifan Chehragul bilan tanishib qoladi. Hadeganda Chehragulning hisobiga pul oʻtavermagach, xunobi oshgan "Paynet" kassiri: "Kodingizni toʻgʻri aytdingizmi? Nomer haqiqatdan ham "ZeroMax"dami? Nomeringiz blokirovka qilingan shekilli!" deydi. Chehragul shoshib uyali telefoni raqamini qayta aytadi. Shunda Rasulxon qiz ogʻzidan "ekki" soʻzi "etti" shaklida eshitilganini payqab qoladi. Qiz "ekki" soʻzini til orqasi bilan "eggi" deb qayta talaffuz qiladi. Aslida, adabiy til qoidasi boʻyicha "ikki" tarzida talaffuz etilishi lozim edi. Kassir lahjani payqay olmay qoladi.
- Birinchi, uchinchi va beshinchi raqamlarni "2"ga oʻzgartiring. Chamamda, siz "7" deb eshitdingiz, shekilli, - deb luqma tashlaydi orqada turgan Rasulxon.
Oldingi safda hamon uyali telefonining ekraniga tikilib tugmachalarini asabiy tarzda qayta-qayta bosayotgan Chehragul yalt etib orqasiga oʻgiriladi va yigit qiyofasidagi jiddiyatni koʻrib kulimsiraydi:
- Uch joyda yetti yozdingizmi? - deb soʻraydi kassirdan. - Tavba, axir "ikki" dedim-ku!
- "Ikki" deganingiz yoʻq, "etti" dedingiz! - deb kassir raqamlarni boshqatdan teradi. Pulni tuzatilgan raqamga haydab koʻradi.
Birdan Chehragulning yuzlari yorishib ketadi.
- Ana, oʻtdi! - deydi. Telefonini sumkachasiga solib orqasiga oʻgirilib safdan chiqadi va: - Rahmat, - deb minnatdorchilik bildirib, Rasulxonga nim tabassum hadya etadi-da, Internet klubini tark etadi.
- Oʻzi turkmancha gapirib odamning boshini qotiradi, - deb gʻudranadi kassir.
Rasul gʻilay oʻz raqamiga pul haydaganidan soʻng negadir qizning raqamini telefon xotirasiga yozib qoʻyadi. Tun oqshom tandirxona burchagiga omonat qoʻyilgan tapchanda chalqancha yotib qizning nomerini teradi. U yoqdan "eshitaman" degan sado kelgan zahoti tugmachani bosib telefonni oʻchirib yostiq ostiga tiqadi. Oradan bir soatmi, bir umrmi oʻtgach, yana tanish boʻlib qolgan raqamni ekranda paydo qilib, tugmachani bosadi. "Eshitaman, gapiring..."
Shu kecha Rasulxon shirin tushlar koʻrib uxlaydi. Ertalab mayingina jilmayib uygʻonadi. Bu paytda tandirdan non uzilgan, novvoy peshanasini bogʻlab olib yana non yopayotgan edi. Rasulxon yostiq ostidan sochiqni olib yelkasiga tashlab tashqariga chiqib ketadi. Yuvinib-taranib, atir hidini buruqsitib, non toʻldirilgan savatni boshiga qoʻyib bozorga yoʻl oladi. U tanish-bilishlariga "novvoychilik qilyapman" desa ham, aslida, novvoyning yugurdaklaridan bittasi edi, xolos. Farhod bozoridagi "toʻchka"da turib non sotadigan Alimqulga issiq nonlarni peshma-pesh yetkazib turardi. Har kuni uch qop un yopilsa, Rasulxonga besh ming soʻmdan oʻn besh ming soʻm ulush berilardi.
Navbatdagi kechada Rasulxon tanish raqamni yana uch marta terib, uch marta uyali telefonini yostiq ostiga yashirib qoʻyadi. Yana shirin tushlar koʻrib uxlaydi. Qiziq holat roʻy beradi: barvaqt turib hammomga kirib choʻmilib chiqadi.
Yakshanba kuni tandirdan uzilgan oxirgi nonlarni gʻizillab bozorga olib ketayotsa, ne tongki, roʻparasida Tanish-Notanish qiz paydo boʻladi. Bir vaqtda bir-biriga nigoh tashlab, turgan joylarida taqqa toʻxtaydilar.
- Hormang! - deydi birinchi boʻlib qiz.
Rasulxon savatni boshidan tushirib quchoqlab oladi:
- Salomat boʻling, - deydi. - Telefoningiz ishlayaptimi? - Bu savol bexos ogʻzidan chiqib ketadi.
Qiz jilmayib bosh chayqaydi, darhol sumkachasini kavlab uyali telefonini chiqaradi va ekranga tikilib tugmachalarni bosadi. Qoʻqqis Rasulxon shimining tasmasiga osib qoʻygan sotka jiringlay boshlaydi: ajab holat roʻy beradi, u savatni quchoqlab turar, telefon esa tinimsiz jiringlar edi. Birpasda terlab ketadi.
- Javob bermaysizmi? - deb kuladi qiz.
- Qoʻlim band-ku.
- Hozir, - deb qiz tasmaga ilingan gʻilofdan telefonni olib Rasulxonning qulogʻiga tutadi.
- Labbay, eshitaman.
- Kechirasiz, kim boʻlasiz? - deb soʻraydi qiz teskari oʻgirilib.
- Novvoyman, oʻzingiz kimsiz?
- Shunaqami?.. Chap koʻzingizga nima qilgan? Ishqilib tugʻma gʻilay emasmisiz?
- Bolaligimda beton ariqda choʻmilayotib koʻzimga shisha siniqlari kirib ketgan.
- Beton ariqda shisha siniqlari nima qiladi? Suv tez oqmasmidi?
- Beton ariqda oʻlikka oʻxshab oqib ketayotib bir qoʻlimga shishadagi gazli suv ushlab olgan edim. Uni ichib oʻrtoqlarimga maqtanardim, kutilmaganda shisha ariq labiga urildiyu chil-chil sinib, bitta sinigʻi qovogʻimga sanchilib qoldi.
- Voy, bechora-ey! Boʻpti, qolgan gaplarni kechqurun gaplashamiz, - deb qiz telefonni oʻchirib sumkachasiga joylashtiradi. Soʻng Rasulxonning telefonini ham gʻilofiga tiqadi.
- Non olmaysizmi?
- Olaman, - deydi qiz. Toʻrtta nonni tanlab oladi. Pulini Rasulning choʻntagiga tiqadi. - Xoʻp, yoʻldan qolmang, bozor oxirlab qoldi.
- Uzr, man...
- Hechqisi yoʻq, shunaqasi ham boʻlib turadi. Boʻpti, qolgan gaplarni kechqurun gaplashamiz.
Haqiqatan ham, kechqurun Rasulxon kompaniyadan uch dollar qarz boʻlib qolguncha miriqib gaplashadilar. Suhbat davomida Rasulxon novvoyga yugurdak ekanini tan oladi.
34. "Nega qoʻrqamiz baxtli boʻlishga..."
Humoyun "ZeroMax" superkompaniyasi tizimiga qarashli Superximchistkada ish boshqaruvchi ekan. Ostida "Lasetti", adasi olib bergan. Adasi Devonda xizmat qiladi; yaqinda falsafa fanlari doktori boʻladi. Ikkinchi statsionar yaqinida hovlisi bor. Ularning koʻchasida asosan amaldorlar - yangiboylar istiqomat qiladi.
-Qoʻl ostimda qirq bitta odam ishlaydi. Yarmidan koʻprogʻi qiz-juvon. Bevalari ham anchagina. Rahbar oʻz iznida boʻlgan xizmatchilar bilan distansa saqlashi kerak. Aks holda, sirini boy berib qoʻyadi. Sirini boy berib qoʻygan rahbarning oddiy xodimlardan farqi qolmaydi. Yoʻl harakati chogʻida distansaga amal qilinmasa, albatta birorta kor-hol roʻy beradi. Biznesda ham distansa muhim ahamiyatga ega... Tepamizda Opa turibdi. Hech kim mushugimizni "pisht!" demaydi. "ZeroMax"ga koʻz olaytiradigan azamat hali dunyoga kelmagan. Shahar hojatxonalari ham superkompaniya doirasida faoliyat koʻrsatadi...
-Biz asosan boylarga xizmat qilamiz. Maishiy xizmat sifatini boylar ushlab turadi. Hamma narsa kapitalga bogʻliq. Toʻgʻri, hamma narsani kapital hal eta olmaydi, baʼzan ojizlik qilib qoladi. "Sizda kuch-qudrat boʻlsa, bizda imon-eʼtiqod bor", degan gap bekorga aytilmagan. Masalaning bu tomoni ham borligini aslo unutmaslik kerak.
-Sovet davrida kapitalga past nazar bilan qaralardi. Goʻyo yuksak maʼnaviyatli komil insonlar jamiyatning gullari hisoblanardi. Endi ijtimoiy qatlamlar oʻzgardi: otda yurgan odamlar egardan tushdi, maʼnan qashshoq otboqarlar otga minib oldi. Ijtimoiy mezonlarni har doim otda yurgan odamlar belgilagan. Qadriyat qaysi tomonga enib borayotganini, azizam, oʻzingiz ham koʻrib turibsiz. Balandparvoz gaplarni allaqachon yigʻishtirish kerak edi; hali ham kech emas, rozi boʻlsangiz, sizni Superximchistka qoshidagi medpunktga aptekachi etib ishga olaman. Hozir aptekachilarning pichogʻi moy ustida. Yaxshi yashashni istasangiz, hayot bilan hamqadam boʻling, oqimga qarshi suzaman deb ovora boʻlmang.
- Aslan, gʻayratli yigitman. Uchastkamiz qurilishida juda koʻp mardikor ishlatdik. Duradgor, ganchkor, koshinkor, payvandchi, suvsoz, suvoqchi, boʻyoqchi, xullas, jamiki qurilish mutaxassislari qoʻlimizdan oʻtdi. Ular orasida prorab, muhandis, hisobchi, brigadir boʻlar ekan. Koʻchamizdan kanalizatsa oʻtmagan. Uchta mardikor uch kecha-kunduzda 2x2 hajmli, chuqurligi oʻn uch metr boʻlgan handaq qazidi. Oʻn uch metrlik imorat, ehtimol, odamga unchalik baland koʻrinmas, ammo oʻn uch metr chuqurlik kishi koʻziga jahannamdek koʻrinar ekan. Ayniqsa, kechasi qoʻlfonarni yoqib tubiga boʻylasangiz, vay-vay, xuddi yutaman derdi. Chetlariga armaturadan karkaz toʻqib, karkaz taxta qolip-apalivka ichiga olindi va tepasidan mashinada keltirilgan beton sharillatib quyib yuborildi. Besh kubo-metr beton ketdi. Ikki-uch "KamAZ" tuproq darvozaxonamizda togʻday uyulib qoldi. Ikkita mardikor yollab xom gʻisht quydirdi
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Янги тафсилотлар.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Воқеаларнинг сўнгги ривожи минтақада жиддий хавотирлар ва янги саволларни пайдо қилмоқда.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Вазиятга янги баҳо.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://youtu.be/SlmPrprM21U
https://youtu.be/VM0fRY8JMvI
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1