http://www.bbc.co.uk/academy/uz/articles/art20141014192024223?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Ruhiy zarba
Siz kasbingiz taqozosi bilan oʻlim holatlarini koʻrishingiz, dramatik hodisa ustidan chiqib qolishingiz, insoniy azob-uqubatlarning shohidi boʻlishingiz mumkin. Bunday sharoitda xabar uzatishgina emas, bir inson sifatida koʻrgan-kechirganlarini "hazm qilish" ham mushkul boʻladi.
Biz hammamiz insonmiz
Jurnalistlar koʻpincha oddiy insonlar hayotida kamdan-kam duch keladigan hodisalarning guvohi boʻladilar. Jurnalistlar auditoriyaning koʻzi va qulogʻi hisoblanadi, shuning uchun koʻrgan va eshitgan narsalari jurnalistlarning ongida muhrlanib qoladi va baʼzan bu "muhr" taʼsiri salbiy boʻlishi mumkin.
Yodingizda boʻlsin, siz jurnalist boʻlishingiz bilan birga tirik inson hamsiz. Shu bilan birga insoniylik – jurnalistika yuragidir. Siz jurnalist sifatida yoritayotgan mavzudan butkul chetda qololmaysiz va buning hech yomon tomoni yoʻq.
Mark Breyn 30 yillik jurnalistika tajribasiga ega, u BBCning xorijiy yangiliklar boʻyicha muxbiri boʻlgan. Shu bilan birga u psixoterapevt hamda Jurnalistlar uchun ruhiy yordam Ovroʻpo markaziga asos solgan.
Mark Breyn shunday maslahatlar beradi:
Jurnalist boʻlish – siz yoritish uchun borgan mavzuning biror bir taʼsirini sizga oʻtkazmaydigan zirh bilan qoplangan “supermen”ga aylantiradi, degani emas.
Kasbingiz haqida avvalo oʻzingizga oʻzingiz rostgoʻy boʻling va ishingizning quyidagi jihatlari majudligini tan oling:
•Xatarlar
•Qiyinchiliklar
•Oʻz imkoniyatlaringizning cheklanganligi.
Oʻzingizning "qobigʻingizga oʻralib olmang". Sizni choʻchitayotgan narsalar – oʻzingizning xavfsizligingiz, oilangiz bexavotirligi tashvishlantirayotgan boʻlsa, oʻzingizga boʻlgan ishonchni yoʻqotishdan qoʻrqayotgan boʻlsangiz, hamkasblaringiz bilan gaplashing. Odam "ichini yorsa" yengil tortadi.
Yoritmoqchi boʻlayotgan mavzungiz uchun zarur boʻladigan barcha axborotni toʻplang! Puxta tayyorgarlik eng soʻnggi daqiqada vahimaga tushishdan asraydi.
Oʻzingizning vazifangizni bajaring
Siz kasbingiz taqozosi bilan oʻlim holatlarini koʻrishingiz, dramatik hodisa ustidan chiqib qolishingiz, insoniy azob-uqubatlarning shohidi boʻlishingiz mumkin.
Bunday sharoitda reportaj uzatish oson ish emas. Bunday sharoitda xabar uzatishgina emas, bir inson sifatida koʻrgan-kechirganlarini "hazm qilish" ham mushkul boʻladi.
Bunday holatda nima qilmoq kerak?
Shu narsa yodingizda boʻlsinki, sizning zimmangizga yuklatilgan oʻz vazifangiz bor va uni siz bajarishingiz shart. Buni yodda tutish emotsional nuqtai nazardan juda muhim. Siz jurnalistsiz, misol uchun, qutqaruvchi emas. Siz u yerga xabar uzatish uchun borgansiz.
Baʼzan buni bajarish mushkul boʻladi. Sizning qiyin qaror qabul qilishingiz lozim boʻladi. Masalan, kimnidir qutqarish kerakmi yoki intervyu olishda davom etish kerakmi?
Insonlar chidamli, "koʻzlari pishib ketgan" boʻladi, jurnalistlar esa yanada chidamli xalq boʻladilar. Shunday boʻlsa-da, siz oʻzingizni umringizda koʻrmagan narsaning ustidan chiqib qolishga ruhan tayyorlab borishingiz lozim.
Oʻzini atrofdagi hamma narsadan "zirhlab" olishning har doim ham uddasidan chiqib boʻlmaydi.
Ammo koʻrgan narsangiz sizga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi, uzoq vaqt koʻrgan narsangizni unutolmay yurishingiz mumkinligi va ancha vaqt bu haqda hamkasblaringizga hikoya qilib yurishga toʻgʻri kelishini boshidanoq tan olgan durust. Bu odamni ancha yengil torttiradi.
Oʻzingiz yangilikning tarkibiy qismiga aylanib qolsangiz-chi?
Sizning oʻzingizga shaxsan taʼsir qilgan hodisa haqida qanday qilib xabar uzatish kerak? Siz va sizning oilangiz aʼzolari bu hodisaning asosiy qahramonlari boʻlib qolgan boʻlsangiz-chi?
- Bu narsa sizga ikkita yoʻl beradi, - deydi jurnalist va psixoterapevt Mark Breyn, - va bu yoʻllarning ham ijobiy va ham salbiy jihatlari boʻladi.
Yaxshi jihati shuki, siz bu hodisaga befarq boʻlib qololmaysiz: xabar mavzusi chindan-da siz uchun juda muhim.
Jurnalist sifatida siz obʼektiv va betaraf qolishingiz hamda auditoriyaga nimalar boʻlayotganini tushuntirib berishingiz shart. Agar siz muhim ishni bajarayotganingizni his qilib tursangiz, bu narsa sizni vaziyatdan chiqib olishingizga koʻmak beradi.
Boshqa tomondan, sizning shaxsiy vaziyatingiz sizning haqqoniy va xolis axborot berish qobiliyatingizga taʼsir koʻrsatishi ham mumkinligini anglashingiz lozim boʻladi.
Agar siz bu holatga aralashib qolgan emas, hamdard, guvoh inson rolini egallasangiz, siz muvozanatni saqlab qolishga erishasiz.
Ruhiy jarohat alomatlari
Ruhiy jarohatning taʼsiri jismoniy yaralanish oqibatlariga oʻxshaydi. Alomatlari esa ruhiy jarohatlanish belgilariga monand. Psixologik jarohat simptomlarini shartli ravishda uch turga boʻlish mumkin:
1. Bostirib kirish
Boshga kirib qolgan narsani xayoldan chiqarib tashlashning iloji boʻlmay qoladi, ruhiy tasvirlar bostirib kelaveradi, vahimali tushlar, alahsirash azob beradi.
2. Oʻzini olib qochish
Muayyan joydan oʻzini olib qochish, unday joylarga yaqinlashmaslikka intilish kuzatiladi, chunki insonga u yerga borsa, qandaydir koʻngilsizlik roʻy beradigandek tuyulaveradi. Inson azob-uqubatiga nisbatan befarqlik paydo boʻladi.
3. Haddan ziyod toʻlqinlanish
Inson yuragining urishi tezlashadi, oʻzidan-oʻzi, sababsiz ter bosadi, miyada faqat bir xil fikr takrorlanaverganidan xayolni jamlash mumkin boʻlmay qoladi.
Snayper oʻqidan qutulish maqsadida chopayotgan paytda bunday holatga tushish tabiiy. Agar yarim tunda inson sovuq terga botib uygʻonar ekan, bu uning hali ham boshidan oʻtkazganlari taʼsirida yurganini anglatadi.
Oʻzingizga gʻamxoʻr boʻling
Xuddi oʻzingizning jihozlaringiz haqida qaygʻurganingizdek, tanangizga ham doimiy parvarish zarurligini unutmang!
•Koʻproq uxlang
•Toʻgʻri va muntazam ovqatlaning
•Alkogol va kofeinni meʼyorida isteʼmol qiling
•Jismoniy mashqlar bilan shugʻullaning
•Musaffo havodan bahramand boʻling
•Siz "superinson" emassiz, his-tuygʻularni kim bilandir boʻlashing.
Biz koʻpdan-koʻp tajribalar orqali shuni bilamizki, siz oʻzingizning boshingizdan kechirganlaringizni "tilga chiqarsangiz", kim bilandir muhokama qilsangiz, miyangiz hamda tanangizga buning taʼsiri ijobiy boʻladi, ruhiyatingizda salbiy oqibat qolish ehtimoli kamayadi.
Bunga jiddiy qarang
Bugun axborot, yangilik tarqatadigan tashkilotlar ruhiy jarohat masalasiga bundan 10 yil oldingiga koʻra jiddiy qaramoqdalar. Ammo bunga nisbatan koʻrilayotgan choralarni talab qilinadigan darajada deyishga hali erta:
Agar siz xavfli hududga, misol uchun, asbest ishlab chiqaradigan korxona yoki atom elektr stantsiyasi yoxud koʻmir koniga jurnalistni yuborayotgan boʻlsangiz, uning xavfsizligini taʼminlash yoʻllarini qidirasiz.
Hozir xatar darajasi yuqori boʻlgan hududda oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun nimalar lozimligini oʻrgatadigan koʻplab kurslar tashkil etilgan.
Biroq bu kurslar jismoniy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan, ruhiy salbiy taʼsirlardan saqlanish uchun nima qilmoq kerak?
Ruhiy jarohat jurnalistlar roʻpara keladigan professional tahdiddir. Chunki ular insonlar boshiga tushgan fojealar, dahshatli manzaralarning guvohi boʻladilar.
Konfliktlar roʻy berayotgan hududlarda jurnalistlar hamon nobud boʻlmoqdalar, hamon ruhiy jarohat olmoqdalar.
Bu xuddi askarlar, oʻt oʻchiruvchilar yoki politsiyachilar vazifalarining tarkibiy bir qismi boʻlgani singari, jurnalistlar kasbining tarkibiy qismidir.
Biz kasbimiz taqozosidan kelib chiqib, yuz bergan qandaydir hodisaga shu zahoti javob qaytarishimiz shart. Shuning uchun tashkilotlarning oʻz jurnalistlari haqida qaygʻurishlari bu tashkilotlarning huquqiy majburiyatidir.
Yordam soʻrash tabiiy narsa
Qoʻllab-quvvatlashning birinchi koʻrinishi bu shaxsiy eʼtibor shaklidagi qoʻllab-quvvatlashdir. Aksar insonlar olgan jarohatlaridan oʻz oilasi, doʻstlari va hamkasblarining gʻamxoʻrligi bilan qutulib ketadilar.
Biror bir koʻngilsizlikka roʻpara kelgan boʻlsangiz, bu haqda doʻstlaringiz bilan, hamkasblaringiz bilan, oilangiz aʼzolari yoki oʻzingiz ishonadigan insonlar bilan gaplashing. Ayni paytda dastaklovga muhtoj hamkasblaringizni tinglashga ham tayyor turing.
Shunga qaramasdan, baʼzan sizga professional yordam zarur boʻlib qolishi mumkin. Qanday hollarda:
•Tushlaringizda bosinqirasangiz
•Vahimali xotiralar tinch qoʻymasa
•Ichkilikbozlik muammosi paydo boʻlsa
•Shaxsiy hayotda muammolar yuzaga kelsa.
BBC professional ruhiy koʻmak koʻrsatadigan shirkat bilan bitimga ega. Agar vaziyat jiddiy boʻlsa, psixoterapevtga murojaat etgan maʼqul.
Esdan chiqarmangki, siz insonsiz va yordam soʻrash tabiiy narsa, aks holda oqibati yomon jarohat olish mumkin. http://www.bbc.co.uk/academy/uz/articles/art20141014192024223?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit #jurnalistika #журналистика #РуҳийЗарба #RuhiyZarba
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68989788 Яна нима гап?
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68989788 Яна янги саволлар ўртага чиқди...
https://www.bbc.com/uzbek/central-asia-68930236 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68945413 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68975778 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68975778 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев