http://www.bbc.com/uzbek/lotin-42102150?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Will Vernon, BBC
Kuyovlar bir xil kiyingan edilar, ikkovining ham egnida yap-yangi koʻk kostyumlar. Ikkisining ham sochi bir tarafga silliq qilib taralgan. Kelinlar esa boshidan tovonigacha tushgan oq kelinlik liboslariga burkanlar.
Yoʻl boshlovchimizning bizga aytishicha, kuyovlar egizak ekanlar. Sobiq Sovet Ittifoqining koʻplab mamlakatlarida urfga aylangani singari Oʻzbekistonda ham yosh kelin-kuyovlar oʻzlarida yashaydigan shaharning eʼtiborga sazovor joylariga borib esdalikka rasmga tushadilar.
Bu kelin-kuyovlar Amir Temurning poytaxti Registon maydonida fotosuratga tushishga kelgan edilar.
Maydon va uning atrofi hayratlanarli darajada goʻzal. XIX asrda ingliz sayohatchisi va Hindistonning vitse-qiroli Jorj Kerzon Registonni "dunyoning eng muhtasham maydoni" deb atagan edi.
Bizning bu yerda boʻlishimizni ham tarixiy deb atash mumkin.
Biz oxirgi 12 yilda Oʻzbekiston ichkarisida reportaj uchun material toʻplashga izn berilgan BBCning ilk jurnalistlari boʻldik.
2005 yilgi qonli Andijon hodisalaridan keyin BBC oʻz jurnalistlarini Oʻzbekistondan olib chiqib ketishga qaror qilgandi.
YeXHT hisobotiga koʻra, hukumat kuchlari Andijon shahrida qurolsiz namoyishchilarni oʻqqa tutgani oqibatida kamida 300 inson halok boʻlgandi.
Oʻshanda BBC rahbariyati Oʻzbekiston ichkarisidagi faoliyatini toʻxtatishga qaror qilgandi.
Hozirga kelib esa vaziyat oʻzgarayotgandek. Avtoritar prezident Islom Karimovning vafotidan keyin Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga keldi. U qator ehtiyotkorona islohotlarni amalga oshirdi.
Ayrim siyosiy tutqunlar ozodlikka chiqarildilar, matbuot ustidan nazorat ancha yumshatildi, notijorat inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga Oʻzbekistonda faoliyatlarini qayta boshlashlariga ruxsat berildi.
Biroq hozircha oʻzgarishlarning kichik miqyosda va bosqichma-bosqich ekani kuzatilmoqda. Toshkentda bir piyola choy ustida mahalliy inson haqlari faolining menga aytishicha, koʻpchilik boʻlayotgan ushbu erkinlashtirish kosmetik xarakterga ega va sarmoyalar va kreditlarni qoʻlga kiritish, cheklovlarni olib tashlash evaziga demokratiya koʻrinishini yasash uchun qilinmoqda degan xavotirda...
Toshkentga yetib borishimiz bilan bizni kuratorimiz kutib oldi. Uni bizga Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi taqdim etdi.
U oʻzini "hamrohlik qiluvchi" deb atadi. U bizga hamma joyda hamrohlik qildi. Aytishicha, "bizda biror bir muammo boʻlmasligi uchun" shunday qilgan.
Barcha intervyularimizda u bizning yonimizda boʻldi, hamma narsani diqqat bilan eshitib oʻtirdi, lekin bizning ishimizga aralashgani yoʻq.
Biz Samarqanddagi bozorga kirdik. U yerda ayollar issiq non, quruq mevalar, oshlik uchun ziravorlar bilan savdo qilishardi.
"Hamrohlik qiluvchi"miz u yoqdan-bu yoqqa asabiy oʻtib-qaytib turgan paytida biz odamlardan boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida qanday fikrda ekanliklarini soʻraymiz.
Maʼlum boʻlishicha, odamlar oʻzgarishlar haqida suhbatlashishni xohlaydilar. Ayrim odamlar telekamera koʻtarib olgan xorijiy jurnalistlar va kurator qarshisida oʻzlarini yoʻqotib qoʻyishar va oʻrgatib qoʻyilgan jumlalarni takrorlayverardilar: "Hamma narsa yaxshi - oziq-ovqat yetarli, urush yoʻq, hukumat juda yaxshi ishlayapti, hamma odamlar rozi".
Ayrimlar esa ochiq gapirdi. Bir ayol ish joylari yetishmasligidan, kreditlar bilan bogʻliq muammolari mavjudligidan shikoyat qildi. Aynan shuning uchun ham "hamma erkaklar Rossiyaga ketib qolishganini" aytdi.
Biz Sayfullo Soipovning ishi bilan ham qiziqdik. AQSh rasmiylari oʻzbekistonlik 29 yashar muhojirni 31 oktyabr kuni Nyu-Yorkdagi sakkiz inson oʻlimiga olib kelgan terrorchilik xurujida aybladilar.
Soipov Toshkentda tugʻilgan va biz uning uyiga borib qarindoshlari va qoʻshnilari bilan suhbatlashmoqchi boʻldik.
Biz boshida kuratorlarimiz bunga qarshilik qilishadi, deb oʻyladik. Ekstremizm - Oʻzbekistonda nozik mavzu. Chunki Gʻarbdagi bir necha hujumlarda oʻzbeklarni qoʻli borligi xabar qilindi. Biz, oʻzbekistonlik rasmiylar Soipovning mavzusini oʻrganishimizni xohlamaydilar, degan oʻyda edik.
Oʻzbekistonning oʻzida terrorchilik xurujlari kam sodir etilgan. Shunga qaramasdan, minglab insonlar ekstremizmda ayblanib qamoqqa tashlanganlar. Inson huquqlari faollarining aytishicha, koʻpchilikni faqat muxolifat vakili boʻlgani uchun qamaganlar.
Bizni hayratga solib Soipov haqida axborot yigʻishimizga ruxsat berishdi. Biz Soipov yaqinlarining uyini qidirib Toshkentning oʻrtahol mahallasiga yoʻl oldik.
Butun mintaqada boʻlgani singari har bir tumanda oʻz militsiya uchastkasi bor va bizni darrov oʻsha yerga olib borishdi. U yerda bizni chiroyli piyolalarga quyilgan choy va ayiqchalar shaklidagi pechenьe bilan mehmon qilishdi.
Ancha uzoq, ammo nega bu yerga kelganimiz haqidagi doʻstona suhbatdan keyin biz Soipovning xonadoniga yoʻl oldik. Biz uning onasi, qoʻshnisi va sobiq oʻqituvchisi bilan suhbatlashdik.
Ular bizga Sayfullo Soipov haqida juda muhim va juda qiziqarli narsalarni hikoya qilib berishdi. Shu jumladan, oldin uning dinga qiziqmagani, hech ham qoʻpollik qilmagani va juda yaxshi oʻqiganini aytib berishdi.
Oʻzbekistonga safarimiz u yerda oʻzgarishlar boʻlayotganiga bizni ishontirdimi? Muayyan maʼnoda, ha. Shubhasiz, bizni bunday qarshi olishlarini kutmagandik: biz bojxonada har qanday elektron jihoz agʻdar-toʻntar qilib tekshirib koʻrilishi haqidagi vahimalarni oʻqiganimiz uchun ana shunday tekshirishlarga tayyor boʻlib borgandik. Biroq bizni televizion apparaturamiz haqidagi biror bir savolsiz oʻtkazib yuborishdi.
Biz Samarqandga yap-yangi tezyurar poyezdda bordik. Keyin bizni haddan ziyod toza va yoqimli koʻchalardan olib oʻtib, ulkan, yaltirab turgan konferents-markazga eltishdi.
Buni erkinlik va oldinga siljish boʻlayotganini bizga koʻrsatib qoʻyish uchun qilishdimi? Javob berish mushkul.
Lekin bir narsa aniqki, mamlakatda qaysidir darajada erkinlik bor. Oʻzgarishlar qanchalar real va barqaror - bir necha oy yoki bir necha yildan soʻng ayon boʻladi.
Aniq narsa shuki, bir Oʻzbek rasmiysi menga aytganidek, islohotlar - toʻgʻri yoʻnalish tomon qoʻyilgan qadam va ularni xalq qoʻllab-quvvatlaydi: "Odamlar koʻproq erkinlikni xohlaydilar". http://www.bbc.com/uzbek/lotin-42102150?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit
https://www.youtube.com/watch?v=3C2lx0j2vMg
https://www.bbc.com/uzbek/world-68336163
https://www.bbc.com/uzbek/world-69057425
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев