http://www.bbc.com/uzbek/central-asia-41749186?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida roppa-rosa 10 yil otib oʻldirilgan Oʻzbek jurnalisti Alisher Soipovni xotirlash marosimi oʻtkazildi.
Alisherning oʻlimidan 10 yil oʻtdi, uni kim oʻldirgandi? Videoni BBC O'zbekning YouTube kanalida tomosha qiling: https://www.youtube.com/watch?v=_YEpXp57YJ4 2007 yil 24 oktyabrida otib ketilgan jurnalist Alisher Soipov oʻzining oʻtkir qalami bilan Qirgʻiziston, qoʻshni respublikalardagi dolzarb mavzularni yoritib kelgan.
Ertalabdan marhum Alisherning uyiga hamkasblari uni xotirlash uchun yigʻilar ekanlar, xuddi shu uydan 10 yil muqaddam jurnalistni soʻnggi safarga kuzatganliklarini eslashdi.
"Alisherga janoza namozi oʻqib boʻlinganidan keyin uni tobutda olib chiqib ketilayotgani hali hanuz koʻz oldimda" - deydi Guljamal Joroyeva, jurnalistning hamkasbi
Oʻzining oʻjarligi, atrofdagi oʻziga yot boʻlgan qonun va qoidalarni tan olmasligi bilan oʻzgalardan ajralib turadigan Alisher Soipov hamkasblari nazdida bugun ham tirikdek.
"Alisher yuzakilikni yomon koʻrardi. Kimdir oʻzini aqlli koʻrsatmoqchi boʻlsa, uni keskin tanqid ostiga olardi. Albatta hamma ham bilimdon boʻlolmaydi. Bu uning aybi emas. Lekin Alisher har insonni oʻz holicha koʻrishni istardi. Uning ichki dunyosini bilmagan inson, u bilan birinchi marotaba koʻrishsa, uni manmansiragan odam deb oʻylardi. Yoʻq, aslida u juda sodda inson edi" - deya xotirlaydi Alisherning hamkasbi Davron Nasibxonov.
Alisher tugʻilib oʻsgan uyda uning uy-muzeyi ochildi.
Uy-muzeyida marhumning maktab davridagi daftarlaridan tortib umrining soʻnggi lahzalarida ustida boʻlgan kiyimlarigacha qoʻyilgan. Muzeyda Alisher talabalik davrida hamkorlik qilgan "Demos Tayms", "Mezon" kabi mahalliy gazeta sonlarini ham koʻrish mumkin. Ularda marhum jurnalistning maqolalari chop etilgan.
Alisher 2000 yildan boshlab "Eron Islom radiosi", "Ozodlik" radiosi, Urush va Tinchlikni yoritish institutlari bilan hamkorlik qilgan. 2001 yildan esa "Amerika Ovozi" radiosining Qirgʻizistondagi muxbiri oʻlaroq faoliyat boshlagan va umrining soʻngigacha davom ettirgan. 2007 yilning fevralь oyida "Siyosat" gazetasiga asos solib, uni nashr eta boshlagan.
Jurnalist otib ketilganidan keyin "Siyosat" gazetasi ham oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. Oradan 10 yil oʻtib Alisherning yaqinlari gazeta faoliyatini ham qayta jonlantirdilar.
Alisher oʻz maqolalarida Qirgʻiziston hamda qoʻshni davlatlardagi inson huquqlari, soʻz erkinligi, diniy vaziyat, poraxoʻrlik kabi mavzularni yoritib kelgan.
Uning yaqinlari jurnalistning maqolalaridan tuzilgan "Siz bilgan va bilmagan Alisher Soipov" kitobini ham chop etdilar.
Alisher Soipovning kim va nima sababdan otib ketilgani haligacha nomaʼlum. Uning oila aʼzolari va hamkasblarining ishonishicha, jurnalist kasbiy faoliyati tufayli oʻldirilgan.
"Oʻgʻlim haligacha tirikdek tuyuladi. U hech qachon boylikka intilmagan. Pul toʻplab moshina olaman ham demagan. Kompьyuterlarini koʻrsatib, shu mening boyliklarim, deb qoʻyardi. Qizi Zulayhoni juda sevardi" - deya xotirlaydi koʻzda yosh bilan Alisherning onasi Zaynabxon opa.
Jurnalistning oʻldirilganiga 10 yil toʻlishi munosabati bilan uning hayoti toʻgʻrisida film ham suratga olingan va 24 oktyabr kuni Qirgʻizistondagi ElTR telekanali orqali namoyish etildi.
Shohruh Soipovning soʻzlariga koʻra, yaqin orada yosh jurnalistlar uchun Alisher Soipov nomidagi mukofot taʼsis etiladi.
"Nasib qilsa yaqin orada "Soʻz erkinligi va demokratiya" toʻgʻrisida oʻtkir maqolalar yozgan yosh jurnalistlarni Alisher Soipov nomidagi mukofot bilan ragʻbatlantirish rejasidamiz" - deydi Alisherning ukasi.
Alisher Soipov 2007 yilning 10 oktyabrida Oʻsh shahridagi "Siyosat" gazetasi tahririyati joylashgan bino yonida otib ketilgan edi. http://www.bbc.com/uzbek/central-asia-41749186?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit
https://youtu.be/SlmPrprM21U
https://youtu.be/VM0fRY8JMvI
https://www.bbc.com/uzbek/world-68919530
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 4