Shariat peshvolari mo`minlarga u dunyoda jannat va`da qilib, osiyu jofiylarni do`zax azoblari bilan qo`rqitishadi. Vahdatul mavjud faylasuflari esa, bu gaplarga zohid safsatasi deb qaraydilar, inson va uning aqliy, ijodiy imkoniyatlariga yuksak baho berib, Xudo insonning qalbida, jannatu do`zax ham inson vujudida, u bilan bir po`stda deb qarashadi.
Endi Pahlavon Mahmudning panteizm ruhi bilan sug`orilgan quyidagi ruboiylariga zehn solib ko`ring:
Jahon chehra-rangu ro`yi o`zingsan,
Aql daryo-uning suyi o`zingsan,
Gul bargida shabnamdayin o`tirma,
Bu bog`chaning rangu bo`yi o`zingsan.
Gul yog`adi yuzlaringdan subhivor,
Gul yog`adi xulqingdan ham chun bahor,
Lahza sari rangga to`lib bu olam-
Gul yog`adi chehra ochib bu ro`zg`or.
III
Pahlavon Mahmud tasavvuf tariqatining vahdatul mavjud (panteizm) oqimiga mansub faylasuflardan edi. Agar din peshvolari, xudo lomakon, uning shaklu shamoyili yo`q deyishsa, bu faylasuflar butun tabiatni ilohiylashtirib, xudoning diydorini koinotdagi barcha mavjudodda ko`rishadi. Inson tafakkuridagi bu jarayonni nemis faylasufi Feyerbax: "idealizmdagi materializm",-deb ataydi.
Ustoz Navoiy ham bu borada g`oyat porloq bir fikr aytganlar, tabarruk uchun shu baytni keltiraman:
Muruvvat barcha bermoqdur, yemoq yo`q,
Futuvvat barcha qilmoqdur, demoq yo`q.
Pahlavon Mahmud futuvvat-juvonmardlik harakatining tashkilotchisigina emas, uning ma`naviy rahnamosi edi. Shoirning mardlik va olijanoblik ruhidagi ruboiylari shundan dalolat berib turibdi:
Olam fili qaytarolmas jur`atimiz,
Charxdan zo`rroq qudratimiz, shavkatimiz,
Gar chumoli kirib qolsa safimizga-
Sher etajak uni darhol davlatimiz.
O`z nafsingga bo`lgin amir, shunda mardsan,
O`zgalarga bo`lma haqir, shunda mardsan-
Yiqilganni tepib o`tish mardlik e
Yosh olimlarimizdan Yoqubjon Ishoqov futuvvat-juvonmardlik harakatidan bahs etib: "Hunarmandlar guruhining ilg`or qarashlari va intilishlarini ifodalagan bu yo`nalish o`sha davrdagi ilg`or kuchlarning ma`lum qismi uchun ma`naviy zamin bo`lgan"-deydi.