https://www.bbc.com/uzbek/lotin-44332099 Rustam Qobil
BBC, Oʻzbekiston
Orol dengizining qurishi insoniyat tarixidagi dunyoning eng yirik ekologik fojialaridan biri boʻldi. Sahroga aylangan dengiz tubidagi tuzlar, qum-chang va zaharli oʻgʻitlar insonlarhayoti va tabiatni xavf ostiga qoʻygan. Ammo bugun Oʻzbekiston dunyoda misli koʻrilmagan tajribaga qoʻl urmoqda: dengiz oʻrnidagi sahroni oʻrmonga aylantirmoqchi.
Bu Qoraqalpogʻistonda hayotni asrab qola oladimi?
Sahro oʻrnida oʻrmon qanday yaratilmoqda? YouTube videolavhamiz: https://www.youtube.com/watch?v=Xl7IJq2rozs&t=2s Birinchi musulmon kapitan
Moʻynoqlik 78 yashar Almas Tolvashev shahar chetidagi sahro chetida qum kechib, zanglab yotgan ulkan kema qoldiqlarini oralab nimalarnidir eslaydi.
Qurigan sohil boʻylab qator tizilgan oʻndan ziyod kema qoldigʻi va tepaklikdagi mayoq bu yerda bir paytlar ulkan bandargoh boʻlganini eslatib turadi.
"Qoraqalpoq xalqining tarixi dengizdan boshlanadi" - deydi eski kema qoldigʻiga qarab sobiq baliqchi Almas ota: "Baliqchilik bizga otalarimizdan meros kasb. Oʻgʻil bolalar bizda eng avval otasidan dengizda baliq ovlashni oʻrgangan".
Endi bu anʼanani davom ettirib boʻlmaydi.
Moʻynoq Qoraqalpogʻistonning markazida joylashgan. Hali yarim asr oldin ham Oʻzbekistondagi baliqning 98% ayni shu yerda tutilardi.
U paytlari shaharcha uch tarafi suv bilan oʻralgan yarim orolchada joylashgan boʻlgan.
"Mening kemamning oti Volga deyishardi" - zanglagan kemani silaydi Almas-ota.
"Moʻynoqdagi birinchi musulmon kema kapitani edim, desam ham boʻladi. Mengacha faqat ruslarni olishgan" - faxr bilan qoʻshib qoʻyadi suhbatdoshim.
"Dengizda u paytlar 250ta kema suzardi. Har kuni oʻz kemamda 10 nafar baliqchi bilan birgalikda 600-700 kilo baliq tutardik".
Hamon yosh yigitlardek baquvvat va qotmadan kelgan Almas ota tez-tez Moʻynoqning sobiq bandargohidagi "Kemalar qabristoni"ga kelib, zanglagan kemalardan xabar olib turadi. U zanglagan temirga aylangan har bir kemaning 40 yil oldingi nomi va tarixini biladi.
Fojeaning boshlanishi
Ikkinchi Jahon Urushidan keyin SSSR Oʻzbekistonni ulkan paxtazorga aylantiradi. Amudaryo va Sirdaryo suvlari nafaqat yangi shaharlarga balki yangi paxta dalalariga buriladi.
Paxta ishlab chiqarish kuchayadi. Oʻzbekistonda 6 million tonnagacha paxta hosili koʻtarish moʻljali olinadi.
Orol esa 1960 yillardayoq qisqarishni boshlaydi. Lekin Kreml Orol muammosini ommadan yashirib keladi.
Dengiz chekinayotganini ilgʻagan mahalliy odamlar qirgʻoqqa tayoq tiqib, oradan bir qancha vaqt oʻtgach, qaytib kelib, dengiz qanchalik uzoqlashganini oʻrganishganini aytishadi.
Suv kamayarkan, tuz miqdori koʻpayib, Orol zaharli dengizga aylana boshlagan.
"Boshida baliq kamayib ketdi, keyin oʻlik baliq tuta boshladik" - eslaydi sobiq baliqchi - "Ob-havo yomonlashdi, havoda chang-toʻzon koʻpaydi".
Orol dengizining 90% hududi bugun sahro. Bu - Irlandiya hududiga teng maydon.
Dengizning oʻlimi birgina turmush tarzini yoki ob-havoni oʻzgartirib qolmagan.
Xavf ostidagi hayot
Shifokor Yoʻldoshboy Dosimov hali 1980-yillari Moʻynoq kasalxonasiga ishlashga kelganda dengiz allaqachon oʻz sohilidan bir necha oʻn chaqirimga uzoqlashib ketgandi.
U oʻsha yillari koʻpaygan kasalliklarni yaxshi eslaydi.
"Nafas yoʻllari va buyrak xastaliklari, sil koʻp tarqalgandi. Yaqin yillargacha ham koʻp bolalar ichketishdan nobud boʻlishgan".
Ulkan paxta dalalarini yaratgan Sovet Ittifoqi ekin uchun ishlatilgan pestitsid va gerbitsid qoldiqlari yana aylanib, daryoga tushishi va Orolga quyilishini tuzuk tasavvur etishmagan.
Orol qurigach, dengiz oʻrnidagi ulkan sahroni qoplagan tuzlarni shamol yuzlab chaqirimga uchirib, toʻzgʻita boshlagandi.
Mutaxassislarga koʻra, har yili dengiz oʻrnidagi sahrodan 100-150 million tonnadan koʻproq chang-tuz osmonga koʻtarila boshlagan.
Saraton turlari koʻpaygan, oʻpka va yurak kasalliklari avj olgan. Yosh bolalar oʻrtasidagi oʻlim esa, 1990 yillari Qoraqalpogʻistonda mamlakatning boshqa hududlariga nisbatan yuqori edi.
Ammo 1980 yillar oxirlarida koʻp va xoʻb yozilgan Orol muammolari 1990-yillarga kelib, yana deyarli eslanmay qoʻyilgandi.
Biron anjuman yo tadbir munosabati bilangina Orol haqida gapirilardi, xolos.
Ayni paytda, Oʻzbekiston muammo miqyosi va oqibatlarini yaxshi bilgan.
Xususan, Orol dengizini endi qutqarib yoki qaytarib boʻlmasligi ham kundek aniq boʻlib, Oʻzbekiston uchun bosh vazifa Orol boʻyi mintaqasidagi hayotni asrab qolish edi.
Oʻzbek olimlari ekologik fojea yechimini topgandek edilar.
Sahro oʻrnida oʻrmon
Moʻynoqdan bir necha yuz chaqirim uzoqdagi sahroda tong sahardan odamlar ishga tushishadi.
Bu yerlar hali 40 yil oldin ham 25-30 metrlik dengiz tubi edi. Bugun atrof izgʻirin shamol, tevarak esa kichik chigʻanoq hamda tuzlardan oppoq koʻrinadi.
Erkaklar ikki nafardan ishlashadi. Bittasi bir chiziq boʻylab kichik oʻra qazib boradi, ikkinchisi och kulrang koʻchatlarni oʻtqazadi.
"Yomgʻir yogʻadimi, kun sovib ketadimi, baribir ishlaymiz" - deydi yigitlardan biri qatʼiyat bilan.
"Oʻz oldimizga maqsad qoʻyganmiz: bir gektar yerga koʻchat ekib chiqmasak, uyga qaytmaymiz".
Yigitlar saksovul koʻchatlarini oʻtqazishmoqda.
Koʻrimsiz va butasimon saksovul Markaziy Osiyoda tabiiy oʻsib kelgan daraxt. Oʻzbekistondagi Qizilqum sahrosida bir necha tabiiy saksovul oʻrmonlari ham bor.
Bugun esa Oʻzbekiston aynan shu saksovulni Orol qurishi oqibatlariga qarshi kurashdagi eng muhim vosita sifatida tanladi.
"Yaxshi rivojlangan bir tup saksovul oʻz ildizi atrofida 10 tonnagacha qum va tuzni tutib turadi" - tushintiradi Qoraqalpogʻiston Oʻrmon Xoʻjaligi mutaxassisi Oʻrazbay Allanazarov.
Saksovullar tuproqdagi chang-tuzlarni shamol uchirishini toʻxtatadi. Shu asno Orol tubidagi zaharli tuzlar osmonga koʻtarilishi kamayadi.
Hozir Oʻzbekistondagi Orol dengizi tubining yettidan bir qismi yoki yarim million gektari saksovul oʻrmoniga aylantirilgan.
"Mana bu yerda har ikkinchi saksovul koʻchati tutib ketgan va daraxtga aylangan. Bu juda yaxshi natija" - deydi odam boʻyidan oshib qolgan daraxtlarni koʻrsatib Oʻrazbay Allanazarov.
U 4-5 yil oldin ekilgan saksovul oʻrmoniga qarab quvonchini yashirmaydi.
Daraxtlar orasida boshqa giyohlar va oʻsimliklar ham oʻsayotganini koʻrish mumkin.
"Saksovul shoʻr va changga chidamli, shu uchun saksovul tanlangan" - tushuntiradi Oʻrazbay Allanazarov.
Saksovul bir chiziq boʻylab ekiladi. Ammo yonma-yon qatordan orasida 10 metrdan joy tashlanadi. Chunki saksovul voyaga yetgach, uning urugʻi atrofga sochiladi va orada ham yangi nihollar unib chiqadi.
Qarabsizki, bir necha yilda oʻrtadagi boʻsh joy ham yangi daraxtlar bilan qoplanadi.
Ammo oʻta quruqlashib ketgan iqlim, yogʻingarchilik kamligi va tuproq tarkibidagi zaharli tuzlarning baʼzan oʻta koʻpligi saksovullarning tutib ketishiga xalaqit beradi.
Baʼzan 20-25% koʻchatlar yashab ketadi, xolos. Hozir daraxtning yashovchanligini koʻpaytirish ustida ham izlanishlar ketmoqda.
Shundoq boʻlsa-da, qurigan Orol dengizining Oʻzbekiston tarafidagi yarim million gektar sahro bugun saksovul va yulgʻun oʻrmoniga aylantirildi.
Bu hali dunyoda misli kuzatilmagan aql bovar qilmas tajriba.
Biroq hamon 3 million gektarlik dengiz tubi ochiq sahro boʻlib qolmoqda.
Qolgan maydonni ham oʻrmonga aylantirish uchun esa hozirgi surʼatda yana 150 yil kerak.
"Hozirgi ekish surʼati juda sekin" - tan oladi Oʻrazbay Allanazarov - "Biz jarayonni tezlashtirishimiz, koʻproq maydonda saksovul ekishimiz lozim.
"Ammo bu uchun mablagʻ, xorijiy sarmoyalar darkor".
Orolboʻyida hayotni asrab qolish uchun dengiz tubini oʻrmonga aylantirish aslida eng arzon, foydali va qulay chora sifatida tanlangan.
Lekin shu holatda ham har yili 18-20 ming gektarga saksovul ekish uchun 5-7 million atrofida mablagʻ darkor.
SSSRdan meros qolgan bu ulkan ekologik fojea oqibatlariga qarshi kurashish Oʻzbekiston va Qozogʻistonning gardaniga tushmoqda.
Aksar mablagʻni hozircha Oʻzbekiston hukumati ajratadi.
Saksovulzorlar kengayarkan, Qoraqalpogʻistonda koʻpchilik bugun yana kelajakka umid bilan qaray boshlagan.
Buni kapitan Almas otaning hazilnamo gapidan ham ilgʻaysiz.
"Dengizchi xalq edik, mayli uni yoʻqotdik, qani endi oʻrmonchi ham boʻlib koʻraylik-chi!"
BBCning global iqlim isishi va ekologik muammolarga qarshi yangicha va namunaviy kurashayotganoʻnta mamlakat tajribasi haqidagi Taking the Temperature maxsus lavhalari Skoll Foundation homiyligida tayyorlandi. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek https://www.bbc.com/uzbek/lotin-44332099 #bbcuzbek #Oʻzbekiston #Orol #dengizi #insoniyat #tarixidagi #dunyoning #eng #yirik #ekologik #fojia #Qoraqalpogʻiston #saksovul #sahro #tuz #shamol #daraxtlar #giyohlar #oʻsimliklar #paxta #Skoll #Foundation #SSSR
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Янги тафсилотлар.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Воқеаларнинг сўнгги ривожи минтақада жиддий хавотирлар ва янги саволларни пайдо қилмоқда.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Вазиятга янги баҳо.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950289 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68948888 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
https://youtu.be/SlmPrprM21U
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 5