Mintaqadan olingan xabarlarga koʻra, ikki qoʻshni davlat oʻrtalaridagi uzoq kutilgan va eng muhim kelishuvlardan birining ijrosiga kirishishgan.
Chegara mintaqalarini minalardan tozalash boʻyicha har ikki davlat mutaxassislaridan iborat yaqinda tuzilgan qoʻshma ishchi guruhi tayyorgarlik ishlarini boshlagan.
Tojikistondagi ayrim manbalarga koʻra, jarayon may oyining ikkinchi yarmidan boshlanishi mumkin.
Ammo Oʻzbekiston-Tojikiston chegarasidagi aynan qaysi mintaqalar va qancha miqyosda minalashtirilganiga oid rasmiy maʼlumotlar keng jamoatchilikka imkonli emas.
Orada kechgan vaqt davomida bu xususda matbuotda eʼlon qilingan xabarlar mazmuman bir-biriga zid ekani kuzatilgan.
Oʻzbekiston 90-yillar oxirlarida qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegaralarini minalashtirgan.
Rasmiy Toshkentning bu kabi amali oʻzlarini Islomiy kuchlar, deb atagan qurollilarning Qirgʻizistonning Botken viloyati orqali Fargʻona viloyatiga sizib kirishga urinishi voqeʼligi ortidan kuzatilgan.
Oʻzbekiston tomonining "terrorchilar sizib kirishining oldini olish va noqonuniy narkotik moddalar yoʻlini toʻsishni maqsad qilgan" mazkur chorasi sabab, orada kechgan 20 yil vaqt davomida yuzlab Tojikiston fuqarosi jabr koʻrgan, oʻlib, yaralangan. Oʻnlab kishilar esa, bir umrga majruh boʻlib qolganlar.
Jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolarining oʻzlari borliklariga oid xabarlar ham olingan.
Lekin, mahalliy kuzatuvchilarning nazdlarida, shu paytgacha biror bir qurolli jangari va yoki kontrabandachi ikki davlat oʻrtasidagi chegara mintaqalarida oʻrnatilgan bu minalarga toʻqnash kelishmagan.
"Ikkita muammodan bittasi"
Mavjud muammo yaqin-yaqingacha suv, transport, energiya masalalari va tahlilchilar bahosida rahbarlarining "shaxsiy munosabatlari"ga asoslangan tashqi siyosati sabab, nihoyatda darz yetgan aloqalarida eng hassos nuqtalardan biriga aylangan.
Tojikiston tomoniga koʻra, Oʻzbekiston bilan ikki oʻrtadagi tutash hududlarning yakuniy maqomi hal etilmay turib, oʻzaro chegaradagi mintaqalarni minalashtirish toʻgʻri ish boʻlmagan.
Oʻzbekiston tarafi esa, minalashtirish ishlari faqat oʻz hududida amalga oshirilganini taʼkidlab kelgan.
Orada mintaqadan rasmiy Toshkent oʻzbek-tojik va oʻzbek-qirgʻiz chegaralarini minalardan tozalash istagida ekaniga oid xabarlar olingan.
Buning uchun katta mablagʻ zarurligi aytilib, xorijiy davlatlardan koʻmak soʻralgani, natijada jarayon yana bir necha yilga ortga surilib ketgani maʼlum boʻlgan.
Prezident Islom Karimov vafoti ortidan, Oʻzbekistonning Shavkat Mirziyoyev boshchiligi ostidagi yangi rahbariyati yangicha mintaqaviy siyosat yoʻlini tutgan, qoʻshnilari bilan har tomonlama aloqalarni yaxshilash harakatiga tushgan.
Tojikiston Oʻzbekistonning yangi prezidenti davlat tashrifi bilan borgan eng soʻnggi Markaziy Osiyo davlati boʻlganiga qaramay, orada kechgan qisqa vaqtning oʻzida tomonlar bir necha oʻn yillik minalar masalasida ijobiy yechimga erishishgan.
Mazkur muammo avvaliga Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning shu yil yanvar oyida Dushanbega qilgan safari chogʻida koʻtarilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning mart oyida Tojikistonga qilgan davlat tashrifi nazariy jihatdan ushbu masalada yakuniy soʻzni aytgan, tomonlar bu xususda rasman bir kelishuvga kelishgan.
"Tarixiy", deya baho topgan bu tashrif chogʻida ikki qoʻshni davlat oʻrtasida, yillarki, yopiq qolayotgan oʻndan ortiq chegara oʻtish nuqtalari ham ochilgan.
Munosabat va fikr
Voqealarning soʻnggi rivoji manzarasida Tojikistondan mustaqil jurnalistning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, oʻzaro chegaradagi minalashtirilgan hududlarni tozalash jarayoni yaqin-yaqingacha oʻta yovqarash mavqeʼda boʻlib kelgan bu ikki davlat uchun alohida ramziy maʼno kasb etadi.
Uzoq yillik ishonchsizlik ortidan, oʻzaro ishonchni paydo qilish va mustahkamlashda mislsiz ahamiyatga ega boʻladi.
"Aynan oʻsha ishonch mustahkamlanadi. Masalan, esingizda boʻlsa, qoʻni-qoʻshni oʻrtasida ilgarilari devorlar ustida sim changak, degan narsalar boʻlardi. Qoʻshnining iti va yo boshqasi oʻtmasin, degan maqsadda. Oʻsha sim changaklar olinganidan keyin, odamlarning bir-birlariga boʻlgan ishonchlari judayam mustahkamlanib ketardi. Devorlarida eshikchalar ochib olishgacha borishardi. Agar, ramziy maʼnoda aytadigan boʻlsam, oʻsha "eshikchalar" - chegaradan oʻtish maskanlari allaqachon ochildi. Faqat minalar qoldi. Minalarni men oʻsha sim changaklar - tikanli simlarga oʻxshataman".
"Sim tikanlar yoʻqolganidan keyin, odamlar yanayam bir-biriga hurmat bilan, ishonch bilan qaray boshlashadi, "Mana, qarang, qoʻshnimiz bizga qanday yaxshi munosabat qilayapti. Qoʻshnimiz bizga ishondi, biz ham ularga ishonch bilan qaraymiz, deb", - deydi bu jurnalist suhbatdoshimiz.
Ammo eng soʻnggi xabarlar manzarasida ham soʻz aynan qay bir mintaqalar xususida ketayotgani, bu jarayonning tomonlarga aniq qanchaga tushishi va qay tariqa moliyalanishi tafsilotlari maʼlum emas.
BBC Oʻzbek Xizmati minalardan tozalash ishlarining qanchalik mushkul va serxarj ish ekaniga oydinlik kiritish maqsadida dunyoning eng minalashtirilgan davlatlaridan biri boʻlgan Afgʻonistondan sobiq masʼul va mutaxassislardan biri bilan bogʻlandi.
"Agar, mina piyodalarga qarshi moʻljallangan va oʻrnatilgan joyi aniq boʻlsa, uni topib, zararsizlantirish uncha qimmatga tushmaydi. Bitta mina uchun xarajati 5-10 AQSh dollariga tushishi mumkin. Ammo mina xavfli bir tarzda oʻrnatilgan boʻlsa, uni topish uchun maxsus uskuna va malakali mutaxassis lozim boʻladi. Topish qiyin ekani bois, xarajati ham koʻp boʻladi. Minani uzoqdan topishga qodir oʻta zamonaviy jihozlar imkonli boʻlgan holatlar bundan mustasno, albatta".
"Demoqchi boʻlganim, qayerda va qanday oʻrnatilganiga qarab, minalarni topish va zararsizlantirish jarayoniga ketadigan sarf-xarajat farqlanadi. Shunday minalar boʻladiki, uni oʻnta mutaxassis bir kun ishlab ham topa olmasligi mumkin. Agar, joyi tayin boʻlsa, uni topish uchun bor-yoʻgʻi 10 daqiqa ham kifoya qiladi. Qancha qisqa vaqtda topsa, xarajati ham shuncha kam boʻladi", - deydi Afgʻonistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqasi boʻyicha Qizil Yarim Oy jamiyatining minadan ogohlik ishlariga masʼul sobiq vakili.
Ammo, suhbatdoshimizning yakunida urgʻulashicha, bu masalada mavjud imkoniyatlari nazarda tutilganda, Markaziy Osiyo davlatlarini uzoq yillik qurolli nizolar ichida qolayotgan, dunyoning eng nochor davlatlaridan biri boʻlgan va xalqaro yordamga qaram Afgʻoniston bilan qiyoslash, baribir, anchayin nooʻrin boʻladi. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-43810440?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit
https://www.bbc.com/uzbek/world-68975778 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68975778 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68972633 Би-би-си мавзуни ўрганишга ҳаракат қилди.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68972633 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 5
Ага, ноконуний у ек-буекка утиш безарар булишини таьминлашяптикан-да
Наркотик лар контрабандаси яна кучаярканда
Яхшиям юрмаганим, каерда мина борлигини узлари маьлум килишяпти