Shimoliy Tojikistonda oʻzbek tojirlari savdo qiladigan bozor ochilgan. "Tojikiston-Oʻzbekiston" savdo markazi deb atalayotgan bu bozor sobiq "Saxovat" bozori oʻrnida ish boshlagan. U Xoʻjandda yetti-sakkiz chaqirim masofada, Boʻston shahri hududida, "Somon", "Karvon", "Barakat" kabi yirik bozorlar bilan yonma-yon joylashgan.
Ayni bir paytda Isfara shahri markazida ham Oʻzbekiston mahsulotlari bozori ochilgan. Konibodomdagi markaziy bozorning katta qismi esa, oʻzbek tojirlari savdo qilishlari uchun ajratilgan. Xoʻjanddagi mashhur "Payshanbe" bozoriga tutash Registon maydonida oʻzbekistonliklar uchun savdo qilishga ijozat berilgan. Ilgari bu maydon faqat sayr va dam olish uchun ajratilgan boʻlib, mahalliy savdogarlarga u yerda savdo qilish taqiqlab qoʻyilgandi.
Ikki baravar arzon kostyumlar
Erta tongdan "Tojikiston-Oʻzbekiston" bozoriga kiraverishda oʻzbek savdogarlari oziq-ovqat savdosini qizitib yuborishgan. Xaridorlar koʻproq Qoʻqondan keltirilgan holvalarni xarid qilishmoqda. "Ikki kun oldin olib ketgandim. Mazasi yoqib qoldi. Bugun bir kilo sotib oldim", deydi Boʻston shahrida yashashini aytgan Manzura ismli ellik yoshlardagi ayol.
Oziq-ovqat rastasida nimalar yoʻk, deysiz. Qovunqoqi, qurut, qandolatchilik mahsulotlari, qovurilgan noʻxat, oʻramiga "spagetti", deb yozilgan makaron. hasip… Hatto Qoʻqonning mashhur patiri ham sotilmoqda. Oziq-ovqat sotayotgan yigit Beshariqdan kelganligini aytadi. “Uch kun oldin kelgandim. Hamma narsamni sotib ketdim. Puliga bu yerdan krossovka sotib oldim. Bugun koʻproq narsa olib keldim”, deydi u.
Erta tong boʻlgani uchun bozor ichkarisida xaridorlar hali siyrakroq. "Yana qayerda bozor bor? U yerda odam koʻpmi?", deb soʻraydi mahalliy odamlarning biridan bolalar kiyimlarini oldiga yoyib tashlagan sotuvchi ayol. Anora ismli bu ayol Qoʻqondan ekanligini, bugun birinchi marta bu yerga kelganligini aytib, bozorda oʻzi olib kelgan mollardan koʻp ekanligi uchun, ularning sotilmay qolishidan xavotirlik bildiradi. "Hali shoshmang, bu yerda savdo asosan toʻqqizlarda boshlanadi", deya u bilan suhbatlashayotgan xaridor xavotirligini aritishga urinadi.
Oʻzbek tojirlarining aytishlaricha doʻkonlar bozor egalari tomonidan ularga kamida toʻrt oy muddatga tekinga ijaraga berilgan. Garchi koʻpgina doʻkonlarda mollar taxlab qoʻyilgan boʻlsa-da, doʻkonlar orasidagi keng yoʻlda savdo qilinmoqda.
Oybek Xoʻjandga Qoʻqon shahridan Oʻzbekistonda tayyorlangan sochiqlar olib kelibdi. U sochiqlar narxi katta-kichikligiga va sifatiga qarab farqlanishini aytadi. Turkiya sochiqlaridan sira qolishmaydigan chiroyli sochiqlarning ikkitasi 55 somoniydan ekan. Bu AQSh dollariga chaqilganda 6 dollarga teng. Toʻrtta sochiq sotib olgan ayol ularning sifati xatto Birlashgan Arab amirliklaridan keltirilayotgan sochiqlar sifatidan kam emasligini aytar ekan, qoʻshimcha qiladi:
- Lekin narxi bir yarim-ikki baravar arzon.
Xuddi shunga oʻxshash gapni erkaklar va bolalar kostyumlari sotilayotgan doʻkonda ham eshitamiz. "Bir haftagina ilgari xuddi shu kostyumni 400 somoniyga olgandim. Bu yerda 200 somoniy ekan", - toʻq koʻkish rangdagi kostyumni koʻrsatib bir yigit. - Anovilarini besh yuzga ham berishmagandi, - u tepada chiroyli terib-osib qoʻyilgan kostyumlarga ishora qiladi.
Bu doʻkonda namanganlik tijoratchi Ulugʻbek savdo qilyapti. U chakana sotilayotgan kostyumlar, pidjaklar ham ulgurji narxdagi kabi sotilayotganini aytadi. Bu kostyum va pidjaklar matosi Turkiyadan olib kelinib, Namanganda tikilar ekan.
-Bu yerning odamlari yaxshi ekan, - deydi qoʻlidagi telefon raqamini terar ekan Ulugʻbek, - Bir yigit menga ishlatib turarsiz, deb oʻzining simkartasini tashlab ketdi.
Registonda kim savdo qilyapti?
"Tojikiston-Oʻzbekiston savdo markazi"da bemalol savdo qilish imkoniyati mavjud. Lekin oʻzbekistonliklar uchun savdo qilishga ajratilgan Xoʻjanddagi mashhur "Payshanbe" bozoriga tutash Registon maydonida igna tashlasang yerga tushishi gumon. Registon maydonida bundan toʻrt-besh oy oldin mahalliy savdogarlar asosan meva-cheva sotishardi. Lekin keyinroq bu maydon aholining sayr etishi va madaniy dam olishi uchun ajratildi.
Oʻzbekistondan tovarlar oqib kela boshlagach, shahar maʼmuriyati Registonni faqat oʻzbekistonliklar savdo qilishi uchun ajratdi. Lekin savdo-sotiq qilayotganlar orasida oʻzbekistonliklarga qaraganda mahalliy olibsotarlarni koʻproq uchratasiz. Sotilayotgan supurgimi, qovunqoqimi, idish, kir yuvish vositalarimi, chelak, plastmassa togʻora va idishlarmi - deyarli hammasi Oʻzbekistondan keltirilgan.
"Ana, anovi qoracha yigit banan sotardi. Endi Oʻzbekistondan olib kelingan sopol pul yiqqich-oʻyinchoqlarni sotyapti. Mahalliy olibsotarlar oʻzbekistonliklar olib kelgan mollarni ulgurji, arzonroq sotib olib, qimmatiga pullashmoqda", deydi supurgi olayotgan ayol.
- Tunov kuni oʻn somoniyga uchtadan supurgi olish mumkin edi. Bu kishi donasini besh somoniydan sotyapti. Soʻrab koʻring-chi, u aslida qayerlik ekan? - deydi biroz tutaqibroq ayol.
- Shukr qilishni oʻrganaylik, - deydi boshqa bir ayol. - Oʻzbekistondan supurgi olib kelishguncha, bitta supurgining narxi oʻn ikki somoniyga chiqib ketgandi. Mana men oʻn somoniyga ikki supurgi oldim. Ikkita. Yana ikki somoniy yonimga qoldi.
- Ha oʻzimizning prezidentga va Oʻzbekiston prezidentiga rahmat aytish kerak, - deydi supurgini astoydil siqib koʻrayotgan kishi. - Bozorda qancha narsa arzonlashdi. Bitta supurgi emas.
"Ka-at-ta bozorda bittagina mehmonxona qurishmapti-da!"
Shimoliy Tojikistonda oʻzbek tojirlari savdo qilayotgan bozorlar soni tobora koʻpaymoqda. Isfara shahrida oʻzbek mahsulotlari bozori ochildi. Konibodom bozorida oʻzbek tojirlari uchun alohida rastalar ajratib berildi.
Ayni bir paytda "moki" usulida savdo qilib, pul topayotgan oʻzbeklar soni ham koʻpaymoqda. "Azizon" savdo markazidagi asosan kiyim-kechak bilan savdo qiladigan doʻkon sotuvchisi biri fargʻonalik, ikkinchisi andijonlik ayol erkaklar toʻnlari va doʻppilari olib kelib berishganini aytadi.
- Oʻn kungina ilgari xuddi shu narsalarni ikki baravar qimmatiga olgandim. Choponlar ham, doʻppilar ham hafsala bilan tikilgan. Manovi zarchoponga qarang, - sotuvchi ayol doʻkon kiraverishiga, tepadagi koʻzga qoʻrinarli joyga ilib qoʻyilgan zarbof bolalar toʻniga ishora qiladi. - Uni Samarqandda tikishgan ekan. Ichidagi koʻylakning chiroyliligini qarang.
Ayni bir paytda faqat savdogarlar emas, balki qarindosh-urugʻlarini koʻrish, sayohat qilish uchun kelayotgan kishilar chegara-nazorat oʻtish maskanlarida navbat tobora uzayib borayotganidan shikoyat qilishmoqda. Xuddi shunday Tojikistondan Oʻzbekistonga oʻtish uchun koʻp vaqt ketayotgan ekan.
- Men oʻtgan kuni Bekobodga borgandim. Yoshim ulugʻligi uchunmi, navbatsiz oʻtkazib yuborishdi. Lekin navbatda turgan hamrohimni Oʻzbekiston tomonda rosa bir yarim soat poylab oʻtirdim, - deydi Bobojon Gʻafurov nohiyasida yashaydigan yetmish besh yoshli onaxon.
Qoʻqonlik Anoraning aytishicha esa, Andarxon-Patar chegara-nazorat maskanida oʻzbek bojxonachilari uning tovari uchun pul olishmagan, tojik bojxonachilari esa kattagina boj topshirish zarurligini aytishgan.
- Ular aytayotgan pulni bersam, men foyda emas, zarar koʻraman, Mening eshitishimcha, 2 ming dollarga yetmaydigan mol olib oʻtilsa, boj olinmas ekan-ku, - deydi Anora.
"Tojikiston-Oʻzbekiston savdo markazi" bozorida savdo qilayotgan koʻpchilik oʻzbekistonliklar esa, yotish joylari yoʻkligidan nolishdi.
- Katta-katta bozorlar qurib qoʻyishibdi. Lekin ka-at-ta bozorda bittagina mehmonxona qurishmagan ekan-da, - dedi erkaklar shimlari va "futbolka"lari bilan savdo qilayotgan Zuhriddin ismli namanganlik yigit.
Rossiyada dollar qimmatlab, tojik puli qurbining tushishi ham oʻzbek tojirlarini xavotirga solgan.
Savdo oʻzbek ishsizlariga ham non topib beryapti
Mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha, oʻzbek mahsulotlari kirib kelishi bilan Tojikistonda koʻp narsalarning narxi arzonlashgan. Ayni bir paytda Oʻzbekistonga olma, nok kabi mevalar olib ketilayotgani bois Xoʻjandda bu kabi mevalar narxi qimmatlagan.
"Tojikistonga esa, yangi-yangi oʻzbek tovarlari keltirilishi kutilmoqda. Jumladan, Tojikistonda qurilish-pardoz ashyolari, maishiy texnikalarga talabotni oʻrgangan oʻzbekistonliklar bu tovarlarni yangi bozorga kiritishga taraddud koʻrishmoqda", - deydi oʻzbek hamkasblari bilan hamkorlik qilayotgan xoʻjandlik tadbirkor Aʼzam Akramov.
Ayni bir paytda Tojikiston va Oʻzbekiston orasida iqtisodiy aloqalar tez rivojlanib bormoqda. Tojikistondan Oʻzbekistonga elektr energiyasi uzatish ortidan, Oʻzbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish boshlandi. Tojikistondan Oʻzbekistonga yuz ming tonnalab yuqori sifatli tsement joʻnatilmoqda. Tojikiston qishloq xoʻjaligi sohasiga esa Oʻzbekistondan mineral oʻgʻit yetkazib berilishini kutmoqda.
Oddiy odamlar chegaraning ochilishi va bordi-keldining yaxshilanishi, bozorlardagi arzonchilikdan xursand boʻlishmoqda.
"Savdo ahli mudom foyda koʻriladigan yangi-yangi bozorlar izlashadi. Oʻzbekistonlik tojirlar uchun Tojikistonda bozorlar ochilishi albatta u yerga koʻplab tojirlarni ohanraboday tortadi. Lekin shu bilan birga Oʻzbekistondagi yuzlab ishsiz kishilar Tojikistonga qatnab, pul topish imkoniyatidan foydalanib qolishmoqda. Ular mayda savdogarchilik, Tojikistonga yuk olib borib, ulgurji narxda topshirgach, u yerdan Oʻzbekistonga yuk olib kelib, topshirish-sotish bilan shugʻullanishmoqda". Bu gaplarni oʻz ismini oshkor qilishni istamagan oʻzbekistonlik jurnalist aytdi. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
https://youtu.be/SlmPrprM21U
https://youtu.be/VM0fRY8JMvI
https://www.bbc.com/uzbek/world-68919530
https://www.bbc.com/uzbek/world-68883259 Энди Германия олти нафар Марказий осиёликни худди шу гуруҳ номидан террорчилик ҳужумлари қилишни режалаганликда расман айблади.
...https://www.bbc.com/uzbek/central-asia-68875576 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://youtu.be/4FvMd7Uwty0
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1