Aybim davlatga foydali fikr-mulohazalar bildirganimmi?
Туркияда истиқомат қилаётган таниқли Ўзбек ёзувчиси Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон Президент Шавкат Мирзиёевга очиқ мактуб эълон қилган.
Ўз мурожаатида адиб "Бу кунлар" ҳужжатли сиёсий-ижтимоий романи боис "давлатга қарши одам"га айлангани ва "қора рўйхат"га киритилгани ҳақида ёзган.
Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон Президент Мирзиёевдан холис таҳлилчиларни жалб қилиб, "Бу кунлар" романини бугунги кўз билан қайтадан баҳолатишни сўраган.
http://bbc.in/2fbg5ko #mirziyoyev #мирзиёев #БуКунлар #BuKunlar #NurullohMuhammadRaufxon #НуруллоҳМуҳаммадРауфхон
Turkiyada istiqomat qilayotgan taniqli Oʻzbek yozuvchisi Nurulloh Muhammad Raufxon Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq maktub eʼlon qilgan.
Oʻz murojaatida adib "Bu kunlar" hujjatli siyosiy-ijtimoiy romani bois "davlatga qarshi odam"ga aylangani va "qora roʻyxat"ga kiritilgani haqida yozgan.
Nurulloh Muhammad Raufxon Prezident Mirziyoyevdan xolis tahlilchilarni jalb qilib, "Bu kunlar" romanini bugungi koʻz bilan qaytadan baholatishni soʻragan.
"Bu kunlar" romanida Oʻzbekistondagi oʻzgacha fikrlovchilar, jumladan, dindorlar va siyosiy muxolifatga qarshi repressiyalar qoralanadi, mamlakatning yangi tarixidagi fojiali voqealar borasida hukumatning rasmiy nuqtai nazari savol ostiga olinadi.
Muallif prezident Islom Karimovni, oʻz taʼbiricha, xalqni "Olloh bergan erkinliklardan mahrum qilish", "shafqatsizlik va hokimiyatni saqlab qolish yoʻlida hech narsadan qaytmaslik"da ayblaydi.
Shu yil avgust oyida Nurulloh Muhammad Raufxonning Toshkentdagi oilasi aʼzolari Yashnobod tumanida tashkil qilingan majlisga chaqirilganlar va yozuvchining "qora roʻyxat"dan chiqarilgani xabar qilingan.
Quyida yozuvchining Prezidentga xati matni eʼlon qilinmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Miromon oʻgʻli Mirziyoyevga
Muhtaram Prezident janoblari!
Davlatimiz boshiga kelganingizdan to shu kungacha qisqa muddat ichida ancha yillardan beri tushkun kayfiyatda yashab kelayotgan xalqimizga katta umid baxsh eta oldingiz. Bugun ichkaridagiyu tashqaridagi barcha oʻzbekistonlik Sizning har bir soʻzingiz, har bir ishingizni kuzatib, oʻziga taskin-tasalli boʻladigan natija kutyapti. Asta-sekin ertangi kuniga ishonch uygʻona boshladi.
Sizga ikkinchi marta xat yozishim. Birinchi martasida Sizning saylov arafasidagi chiqishlaringizdan, jamiyat va davlat, siyosat va iqtisod islohotiga jiddiy kirishganingizdan ruhlanib kattagina xat yozgan, ayrim sohalarga tegishli oʻzimning taklif va mulohazalarimni bayon qilgan edim. Bunisi ikkinchi xatim.
Oldin qisqacha oʻzimni tanitay.
Men bir oddiy yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonman. Pasportda familiyam: Otaxonov. Yoshim 62 da. Uzoq yillar "Yoshlik" (Boʻlim mudiri), "Mushtum" (Masʼul kotib), "Sharq yulduzi" (Boʻlim mudiri), "Hidoyat" (Bosh muharrir) kabi turli jurnallarda hamda "Movarounnahr" nashriyotida (Bosh direktor) ishladim. Bir necha kitobim, bir badiiy filmim chiqqan. Alisher Navoiyning "Layli va Majnun" dostoni asosida ikki seriyali filmning kinosenariyini yozganman. Bulardan tashqari, jahon adabiyotidan ‒ turk, oʻris, xitoy, gurji yozuvchilarining asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilganman. Yuzdan ortiq kitobni tahrir etib, nashrga tayyorladim.
Asosiy gapga kelsak:
2011-2013 yillar "BU KUNLAR" nomida "Ichga ichdan boqish ‒ bir inson, bir xalq va bir mamlakat qismati haqida hujjatli siyosiy-ijtimoiy roʻman" yozdim. 2016 yil aprelida shaxsiy web-saytimda eʼlon qildim. Kitobda mushtipar xalqimning bir ziyoli, yozuvchi farzandi oʻlaroq 25 yillik mustaqillik davri hayotimiz haqida oʻz qarashlarimni bayon etdim. Albatta, fikr-mulohazalarim asosan tanqidiy ruhdadir. Ammo hammasi ayni haqiqatdir. Hatto aytsa boʻladiki, oʻtgan tuzum haqida kitobda bildirilgan deyarli barcha mulohaza va xulosa yurtimizga bosh boʻlganingizdan beri Siz aytayotgan mulohaza va xulosalar bilan deyarli bir xildir! Bu degani "Bu kunlar" kitobim butun mavzusiyu gʻoyasi bilan yangi talablarga toʻla mos tushadi deganidir. Foydalanilsa, bugungi siyosatga eng yaqindan yordam beradigan kitobdir.
Afsus, tanqidga oʻrganmagan, ozgina boshqacha mulohazani ham koʻtara olmaydigan kimsalar kitobning uslubi va gʻoyasini toʻgʻri ilgʻay olmadilar, shoshma-shoshar xulosa chiqarib, birdan uni "davlatga qarshi" deb baholab yubordilar. Uning muallifi boʻlgan meni, garchi loyiq boʻlmasam-da, allaqanday "qora roʻyxat"larga tiqib qoʻydilar.
Rahmat kutgan edim, tuhmatga qoldim.
Kitob chiqqach, oʻqib, undan toʻgʻri xulosa chiqarib, yoʻl qoʻyilgan xatolarni oʻnglashga kirishilsa kerak deb oʻylagan edim, tanqidga olingan kamchiliklar bir chetda qolib, kamchiliklarni koʻrsatgan men bilan shugʻullanib ketdilar.
Muhtaram Prezident janoblari!
Sizni ishontirib aytamanki, "Bu kunlar" gʻoyasida aslo davlatga qarshi ruh yoʻq! Aksincha, davlat shaʼnini yuksaltirishga chaqiriq bor. Kitob boshidan-oxirigacha yolgʻon, qalbakilik, zulm, haqsizlik kabi oʻta salbiy xislatlarga karshi kurashadi. Davlat bilan xalq bilan bir tanu bir jon boʻlishi uchun qanday yoʻl tutish lozimligi borasida yoʻl-yoʻriq va tavsiyalar berilgan.
Qolaversa, "davlat" va "davlat boshliqlari" boshqa-boshqa tushunchalardir.
Boshliq kelib-ketuvchidir, davlat esa boqiy. Boshliq toʻgʻri yoʻlda boʻlsa, davlatning shaʼnu shavkatini yuksaltiradi, xato yoʻl bilan boshqarsa, eli-yurti nazarida ham, dunyo koʻzida ham davlatning obroʻyini tushiradi.
Shu boisdan ham siyosatdagi ayrim xatoliklarni tanqidni "davlatga qarshi"lik deb baholanmaydi, ayni davlat manfaati uchun qaygʻurishdir. Chunki har qanday davlatchilik xatolarni tanqid va toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish bilan rivojlanadi, mustahkamlanadi.
Yaʼni, koʻp ishlar boshliqqa bogʻliq. Boshliq va uning boshqaruv uslubi yomon boʻlsa, jamiyatga qoʻshilib eng katta zarar koʻrgan davlat boʻladi. Boshliq va uning boshqaruv uslubi goʻzal va adolatli boʻlsa, davlatga sharaf keltiradi. Oʻrtada eng katta foydani xalq koʻradi.
Unisiga ham, bunisiga ham tarix guvoh. Bizga ibrat olish qolgan, xolos.
"Bu kunlar" ilgari surgan bosh gʻoya shu va bu narsa kitobda koʻp marta taʼkidlangan.
Tanqidning tanqiddan farqi bor. "Bu kunlar"ning tanqidi tuzatuvchi, yaratuvchi tanqiddir.
Zotan, Siz oʻzingiz ham har bir nutqingizda davlatchiligimizdagi va jamiyatimizdagi xato va kamchiliklar haqida jon kuydirib soʻzlar ekansiz, davlatga qarshi soʻzlamayapsiz, aksincha, davlatning shaʼnini yuksaltirish yoʻlida gʻayrat koʻrsatyapsiz. Chunki maqsad oʻsha kamchilik va xatolarni yoʻqotishdir. Men shunday deb oʻylayman.
Shu nuqtai nazardan boqilsa, "Bu kunlar" kitobimni koʻksidan itarmay, har kim uni oʻqishi kerak. Kamtarlikka ters kelsa ham aytay: "Bu kunlar" xalqimga, vatanimga va davlatimga juda kerakli, hartomonlama foydali asardir!
Qani endi vaqt topib, asarni Siz ham oʻqib chiqsangiz. Shunda bu aytilganlarga oʻzingiz ham ishonch hosil qilgan boʻlar edingiz.
Bilaman, ish koʻp, boʻsh vaqtingiz deyarli yoʻq. Lekin shu qimmatli vaqtingizdan bir boʻlagini ushbu kitobni oʻqishga ajratsangiz, menimcha, arzir edi. Chunki masala bitta mening taqdirim emas, balki xalqimiz, vatanimiz va davlatimiz taqdiridir. Inshaolloh, yurtimga qaytgan zahotim bir kitobimni Sizga yetkazishga harakat qilaman.
Muhtaram Prezident janoblari!
Xayriyat, keyingi siyosatlar natijasida kitobimga va mening shaxsimga munosabat ijobiy tomonga oʻzgaryapti chogʻi. Bir yil burun boshim uzra toʻplangan qora bulut asta-sekin tarqala boshladi.
Ijtimoiy adolatni tiklash borasidagi say-harakatlaringiz samarasi oʻlaroq, uzoq yillar davomida "qora roʻyxat"larga tirkalgan minglab vatandoshimiz nomi oqlandi. Bu degani davlatning ularga, ularning davlatga ishonchi tiklandi, deganidir. Bu bir buyuk ish boʻldi!
Shular qatorida mening nomim ham "qora roʻyxat"dan oʻchirildi. Men bu xushxabarni Turkiyada ekanimda eshitdim va adolat tiklanganidan quvondim.
Lekin…
Oradan hech qancha oʻtmay, uydan olgan maʼlumotimga qaraganda, qaysidir tashkilot tuzgan "Qidirilayotganlar roʻyxati"ga adashibmi-chini bilanmi mening ham nomim tirkalib, suratim osilibdi.
Tushunmadim ‒ kechagina davlat meni "qora roʻyxat"dan oʻchirdi, oilamga: "Endi mamlakatga bemalol qaytaversinlar!" dedi, ikki haftadan keyin menga qidiruv eʼlon qilyapti!
Endi men qaysi biriga ishonay ‒ meni butkul oqlagan va yurtga chorlagan davlatgami yo meni hali ham qidirayotgan davlatgami?
Meni qidirishga hech hojat yoʻq.
Birinchidan, men vatandan qochib yoki quvilib chiqmaganman va hech kimdan hech qachon yashirinmaganman. Istanbulda farzandlarim bilan birga ochiq yashayman. Uy adresimizni Oʻzbekistonning Istanbul konsulligi ham biladi. Chunki oʻtgan yilgi prezidentlik sayloviga oilam bilan birga borib qatnashib kelganman.
Bundan tashqari, qayerda turishimdan tortib tilpon raqamlarimgacha tumanimiz Ichki ishlar, MXX boʻlimlariga, uchastka noziriga, mahalla qoʻmitasiga berib qoʻyganman. Kerak boʻlganimda izlab topish qiyin emasdi, bitta tilpon qilinsa, oʻzim yetib borardim. Vahima koʻtarib, qanaqadir "qidiruv" eʼlon etish shart emasdi.
Ikkinchidan va asosiysi, men nima jinoyat qilibmanki, bunaqa yoʻl bilan "qidirilaman"? Aybim eski boshqaruvdagi xatoliklarni tanqid qilib kitob yozganimmi? Davlatga foydali fikr-mulohazalar bildirganimmi?
Mana, Siz deyarli har nutqingizda: "Gapiringlar!.. Tanqid qilinglar!.. Taklif beringlar!.." deb talab qoʻyyapsiz. Bular toʻgʻri talablar! "Bu kunlar" kitobim mening gapim, mening tanqidim, mening taklifimdir. Shu xolos.
Men yozuvchiman. Vatanimni, xalqimni qattiq sevganimdan, uning ogʻirini yengil qilish niyatida bir kitob yozdim. Davlatim oldida ham, xalqim oldida ham, bolalarim oldida ham yuzimni yerga qaratadigan aybim yoʻq. Oʻgʻrilik qilmadim, davlat mulkini talon-taroj etmadim, milyardlab tugul, bir doʻllar ham pul oʻmarmadim.
Men bor-yoʻgʻi bir kitob yozdim! Kitob yozish, kimlarnidir haqli tanqid qilish jinoyat boʻlmasa kerak.
Shu ayb boʻlsa, aybim ‒ jim oʻtirishni oʻzimga ep koʻrmadim, Vatanim va xalqim taqdiriga jonim kuydi! Menga desa palon boʻpketmaydimi deb qoʻl siltab keta olmadim! Ezguliklar uchun jon kuydirishni oʻzimga sharaf deb bildim!
Muhtaram Prezident janoblari!
Tepada aytilganlarni hisobga olib, mening ishimga shaxsan aralashishingizni, masalamni uzil-kesil ijobiy tomonga hal etib berishingizni soʻrayman. Hech boʻlmaganda bir-ikki xolis tahlilchiga topshirib, "Bu kunlar" kitobimni bugungi koʻz bilan qaytadan baholatsangiz deyman.
Ertaga, inshaolloh, Vatanga qaytaman. Olloh umr bersa, kuch-quvvat ato etsa, vatanimning hartomonlama ravnaqi yoʻlida hali koʻp xizmat etish niyatim bor. Ammo safar oldidan meni bir narsa oʻylantirib qoʻydi: Vatanga davlat tomonidan nomi oqlangan, aybsiz bir inson boʻlib kirib boramanmi yoki "qidirilayotgan jinoyatchi" maqomida kirib boramanmi?
Harholda bu ikkinchisi boʻlmas deb umid qilaman.
Davlat tepasiga Siz kelishingiz bilan xalqimiz va dunyo hamjamiyati koʻzida endi-endi qaytadan ishonch qozona boshlagan, mustabidlik jandasi oʻrniga hurlik va ozodlik libosini kiyayotgan davlatimizga birinchisi yarashadi, albatta!
Hurmat va ehtirom ila
Nurulloh Muhammad Raufxon.
2017 yil sentabirining 17-kuni, yakshanba. http://nurullohuz.com/prezidentga-xat/
https://www.bbc.com/uzbek/world-68975778 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68975778 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68972633 Би-би-си мавзуни ўрганишга ҳаракат қилди.
...https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68972633 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68950293 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 3