
Qani endi to'lin oy bo'lsam,
Nurlarimni senga sochardim.
Sochlaringga yulduzlar taqib,
Muhabbatga keng yo'l ochardim.
Qani endi, shabboda bo'lsam,
Sochlaringni o'ynardim suyib.
Qani endi zilol suv bo'lsam,
Jamolingga qarardim to'yib.
Qani endi ko'z yoshing bo'lsam,
Kiprigingga qo'nardim asta.
Yuzlaringdan sekin o'rmalab,
Aylar edim dilingni hasta.
Qani endi kamaring bo'lsam,
Bellaringdan mahkam quchardim.
Ertakdagi humo qush misol,
Sening bilan ko'kka uchardim.
Qani endi dugonang bo'lsam,
Yuzlaringdan o'pib olardim.
"Shu yigitga qaray qol" deya,
Aldab seni yo'lga solardim.
Bo'lsam edim sening yulduzing,
Charaqlardim senga kunlari.
Kitob bo'lib qolsam sen sevgan,
Uxlatmasdim seni tunlari