Qil ustida turibdi dunyo,
Bisotida ne bor, omonat.
To hayotmiz dahri dun aro,
Baxt omonat, ozor omonat.
Toshqin daryo umrimga qiyos,
Ardoqlasang gullagay qiyg‘os,
Erkin qushdek qilurmiz parvoz,
Yoshlik degan bahor omonat.
Oy dog‘ini artib bo‘lmaydi,
Dil dardini aytib bo‘lmaydi,
Ishqda ortga qaytib bo‘lmaydi,
Ko‘ngil otli chiltor omonat.
Bir tugun bor yechilmas sira,
Buzrukvordan kechilmas sira,
Sadoqatni onangdan so‘ra,
Duosin ol ming bor, omonat.
Shayton yo‘ldan urmasin dedim,
Allohim yuz burmasin dedim,
Bolam muhtoj bo‘lmasin dedim,
Beshikdagi ifor omonat.
Yurak toshar yozganim sayin,
Yozmay desam yashamoq qiyin.
Siz qadrimga yetmaysiz tayin,
Mening umrim, ey yor, omonat.