Topmoq yo`qotmoqdir, yo`qotmoq – topmoq,
Sen so`lib, men yashnab, to`lishimga boq.
Sensiz topganimdan ko`proq
yo`qotdim, Sen meni yupatding, seni yig`latdim,
Sen meni yaratding, seni tugatdim,
Uyalmay ona deb kelishimga boq.
Sog`inch haqda she`rlar yozdim o`zimcha,
Mendan peshonangda dog`lar tizimcha.
O`g`ling bo`lmay o`lay, attang, ming attang,
Qiz tug`sang netardi, ko`proq qiz tug`sang?
Tirgak bo`lolmadim bitta qizingcha,
Uyalmay shoirman deyishimga boq.
Joningdan aylanay, turgil jonajon,
Yo`l qarab bo`ldimi jigarginang qon?
Boqma ko`zlarimga bemajol, hasta,
Mening topganlarim gulmi bir dasta?
Yo`qotganim senmi endi, onajon?
O`z etimni o`zim yeyishimga boq