Hijronlar qalbimni buncha ezadi, Armonlar orzuning qasrin buzadi. Yuragim bir senga zorlik sezadi, Men seni judayam, juda sog‘indim. Armondir dardimni aytolmaganim, G‘ururni yiroqqa haydolmaganim, Armondan og‘irdir qaytolmaganim — Men seni judayam, juda sog‘indim. Ko‘ngilning ming bitta zori bo‘lsa ham, Imtihon dunyoning kori bo‘lsa ham, Iqrordan dilimning ori bo‘lsa ham — Men seni judayam, juda sog‘indim. Dardimni aytmadim, tishladim tilni, Hijrondan ming karra g‘ashladim dilni, Topmadim sen tomon boshlagan yo‘lni — Men seni judayam, juda sog‘indim. Yillarki izlayman bosgan izingni, Ko‘zimda ko‘raman qora ko‘zingni, Qaniydi, bir bora ko‘rsam o‘zingni, Men seni judayam, juda sog‘indim.