MENI UYDA ONAM KUTADI
Ishga shoshib ketaman doim,
Tong otgandan kunim botadi.
Dilda ajib shodlik muloyim,
Meni uyda onam kutadi.
Yigit kishi ko‘chanikidir,
Turfa yumish qo‘lin tutadi.
Xoh erta-yu, xoh qoq kechqurun,
Meni uyda onam kutadi.
Kunim o‘tar shu xayol bilan,
Gohi sabr toshib ketadi.
Kelsam hamki ming malol bilan,
Meni uyda onam kutadi.
Ko‘zin yo‘lda qaratib qo‘yib,
Ming bir xayol zahrin yutadi,
Kech qolsam-u sog‘inib kuyib,
Meni uyda onam kutadi.