Qachon o‘z qo‘shig‘ing aytasan, elim,
Qachon o‘z aslingga qaytasan, elim?
O‘zing Buxoriyni tug‘asan, biroq,
Umrining so‘ngida qilasan “taloq”.
Yassaviyni tug‘ib yovning qasdida,
Yashashga bermaysan yerning ustida.
Kubroni tug‘asan holin bilmakka –
Qarilik holida shahid bo‘lmakka...
Hindlar Boburingni duolar qilar,
Mirzo shoh ko‘ksini ayriliq tilar...
Davoga ko‘msa-da butun dunyoni,
Farqi yo‘q, siltaysan ibni Sinoni.
Buyuk Beruniyni boqqan o‘zingsan
Va mo‘’jaz asarin yoqqan o‘zingsan.
Termiziyni eslab yig‘laydi arab,
“Yo‘qol yurtdan”, deysan sen unga qarab.
Yolg‘iz Mashrabingni g‘amga to‘ldirib,
O‘kirib yig‘laysan o‘zing o‘ldirib.
Qodiriy kuylaydi o‘tgan kuningni,
O‘lsa chiqarmaysan ammo uningni.
Sen deya tushadi Cho‘lpon yo‘liga,
Sibir deb tutasan chipta qo‘liga.
Mayli-ku, ularni oqlay olmaysan,
Go‘dak Usmonni ham saqlay olmaysan...
Bir bolang yig‘laydi Furqatman deya,
Sen uchun bu holat oddiy voqea!
Sog‘uniy qanchalar chirmashsa senga,
Uni itarasan shunchalar Chinga.
Tarixingga sig‘mas daholaring bor,
Ajab, sening faqat jafolaring bor.
Avvalda yomg‘iru, keyin selginam,
G‘alat odatlaring bordir, elginam.
Bu bobda andoza olma tarixdan,
Sho‘r suvlar ichmagin taxir ariqdan.
Yangi Boburlaring safi ortmasin,
O‘zga diyorlarning rohi tortmasin,
Elim, quchog‘ingda ko‘zga dunyo tor –
Yangi Mashrablarga ilinmasin dor.
Yangi Usmonlar zor tug‘ilmasinlar,
O‘ttizga kirmasdan bo‘g‘ilmasinlar.
Yangi Qodiriylar kelgaylar albat,
Lokin kelmasin hech ularga navbat.
Yoshligi ardoqda o‘tsa-da sirtdan,
Yangi Buxoriylar bezmasin yurtdan.
Elim, bundan buyon o‘zni tiyaqol,
Qadriga yetmasang, tug‘may qo‘yaqol!
Xayrulla Hamidov


Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Комментарии 1
Укириб йиглайсан узинг улдириб..."