General Doʻstumning "taqdiri" kun tartibida...
Poytaxt Kobuldan olingan xabarlarga koʻra, Afgʻoniston hukumati hozir xuddi shu narsani - mamlakat birinchi vitse-prezidentining ortga qaytishi-qaytmasligi masalasini koʻrib chiqmoqda.
General Abdulrashid Doʻstum, qariyb bir yildirki, Turkiyada.
Rasman general Abdulrashid Doʻstumning Anqaraga tibbiy tekshiruv va davolanish uchun joʻnab ketgani aytilgan.
Ammo Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining Turkiyaga kutilmagan safari uning mamlakat prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniga qarshi yangragan ustma-ust keskin tanqidlari va siyosiy muxolifining jinsiy tajovuzga oid iddaolari manzarasida kuzatilgan.
General Abdulrashid Doʻstumning tanqidlari u Afgʻoniston shimolida soʻnggi bor boshchilik qilgan yirik harbiy amaliyot ortidan, 2016 yil oxirlarida yangragan.
Harbiy karvoni kutilmaganda pistirmaga duch kelarkan, yangi boshlagan amaliyotlaridan ikki hafta ham oʻtmay, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti Faryobdan Juzjon markazi - Shibirgʻondagi uyiga qaytib ketgan.
Toliblarning pistirmasi natijasida general Doʻstumning yaralanganiga oid xabarlar olingan, ammo uning devoni bu kabi xabarlarni keskin rad etib chiqqandi.
Buning ortidan, Shibirgʻonda ekan, Doʻstum Afgʻoniston prezidenti va ijroiy raisiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan.
Ikkovlonni "millatchilik", prezident Gʻanini bunga qoʻshimcha qudratparastlikda ham ayblagan.
Ayni shu sabablar tufayli ham, mamlakat xavfsizlik kuchlari oʻrtasida hamohanglik yoʻqligini aytib, mavjud holatni ham jiddiy tanqid ostiga olgan.
Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti tezda Loya Jirga chaqirilishi va qudratni mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq taqsimlanishini talab qilgan.
Prezident Gʻani ham uzoq kuttirib oʻtirmagan, bunga qarshi keskin bayonot bilan chiqqan.
General Doʻstumning tanqidlari masʼul idoralar tomonidan tekshirilishi lozimligini aytgan.
Ammo buning ortidan ham, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti oʻzi-da yuqori martabali aʼzosi boʻlgan mamlakat rahbariyatiga qarshi tanqidlarini toʻxtatmagan.
Bunga oʻxshash tanqidlar afgʻon hukumatining boshqa ayrim yuqori martabali mulozimlari tomonidan ham yangrarkan, mamlakatda siyosiy boʻhron yuz berishi va koalitsion hukumat parchalanishiga oid jiddiy xavotirlar paydo boʻlgan.
Yangi daʼvolar
Oradan qisqa vaqt oʻtmay, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining asli juzjonlik siyosiy muxolifi Ahmad Ishchi general va uning tan qoʻriqchilariga qarshi jinsiy va jismoniy zoʻravonliklarga oid iddaolar bilan chiqqan.
Orada prezident Muhammad Ashraf Gʻanining idorasiga qaytmaslik buyrugʻiga boʻyin egmagani bois, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining Kobuldagi uyi atrofiga katta sondagi politsiya kuchlari va harbiylar safarbar etilishgani va Doʻstumning "uy hibsida" ekaniga oid xabarlar olingan.
Voqealarning xuddi shu kabi rivoji manzarasida Doʻstumning Anqaraga joʻnab ketganiga oid xabarlar olingan.
Bu esa, tahlilchilar orasida generalning Turkiyaga oʻz ixtiyori bilan muhojiratga yuz tutgan boʻlishi mumkinligiga oid talqinlarga ham sabab boʻlmay qolmagan.
Generalning oʻnga yaqin tan qoʻriqchisiga nisbatan sirtdan jinoiy ish ochilgan, ularning barchasi sirtdan sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ammo partiyasi voizi ortidan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham general Abdulrashid Doʻstumning Anqaraga odatiy tibbiy tekshiruvdan oʻtish va dam olish uchun kelganini aytib chiqqan.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining oʻzi istagan paytda bemalol ortga - Afgʻonistonga qaytishi mumkinligini bayon qilgan.
Orada general Abdulrashid Doʻstum Anqarada yana Afgʻonistondagi ikkita yirik siyosiy partiya liderlari bilan birga "Afgʻonistonni qutqarish koalitsiyasi"ga asos solishgan.
Buning ortidan, oʻtgan yil iyul oyida "koalitsiyani rasman tanishtirish" maqsadida Turkiyadan Afgʻonistonga qaytmoqchi boʻlganida, u "tushgan samolyot ortga qaytarilgan"iga oid xabarlar olingan.
Ammo Doʻstumning idorasi bu samolyotda Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining boʻlmaganini aytib, ayni mazmundagi xabarlarni keskin rad etishgandi.
Gap-soʻzlar va xabarlar
Qariyb bir yildirki Turkiyada qolarkan, generalning Afgʻonistonga qaytish masalasi prezident Gʻanining Oʻzbekiston va Turkiya rahbariyati bilan muzokaralari chogʻida ham muhokama etilganiga oid gap-soʻzlar oʻrtaga chiqqan.
Ammo Turkiya Bosh vazirining bundan ikki haftacha burun Kobulga qilgan safari va nihoyat bu masalaga biroz oydinlik kiritgandek boʻlgan.
Turkiyalik hamkasbi bilan birga bergan qoʻshma matbuot anjumani chogʻida Afgʻoniston ijroiy raisi doktor Abdulla Abdulla birinchi vitse-prezidentning ortga qaytishi mavzusiga toʻxtalgan.
Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim ushbu masalani Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani bilan muzokaralari chogʻida muhokama qilishini bildirgan.
Ammo, Kobuldagi muxbirimiz Fazl Ahmad Yolgʻuzning aytishicha, bu muzokaralar tafsilotlari hali-hanuz matbuotga rasman eʼlon qilinmagan.
Bugun poytaxt Kobulda matbuot anjumani bergan Afgʻoniston ijroiy raisining matbuot voizi BBCning savoliga javoban yana shu mavzuga toʻxtalib oʻtgan.
Doktor Mujib Rahimiy Afgʻoniston hukumati allaqachon bu masala muhokamasiga kirishganligini maʼlum qilgan.
Matbuot voizi Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining yoʻqligi hukumatning faoliyatiga salbiy taʼsir qilganligini ham qoʻshimcha qilgan.
Doʻstumga yaqin rasmiy manbalar esa, BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida hozircha ayni mazmundagi xabarlarni sharhlamasliklarini bildirishdi.
Oxirgi haftalarda boʻy koʻrsatayotgan bu kabi yangiliklar borasida Afgʻoniston prezident saroyi ham jim.
Ammo, lekin, biroq...
Ammo, taʼkidlash joiz, birinchi vitse-prezidentning ortga qaytishi-qaytmasligi bilan bogʻliq voqealarning soʻnggi rivoji Afgʻoniston rasman parlament va prezident saylovlariga hozirlik ishlarini boshlab yuborgan bir manzarada kuzatilmoqda.
Kuni-kecha general Doʻstum Anqarada Afgʻoniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan uchrashgani, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh mamlakat shimolidagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyatdan tashqari, aynan saylovlar masalasini ham muhokama etishganiga oid xabarlar olingan.
Navbatdagi Afgʻoniston prezident saylovining kelasi yil - 2019 yilda boʻlib oʻtishi rejalangan.
General Doʻstum Afgʻonistonning asosan oʻzbeklar yashovchi va Oʻzbekiston bilan ham bevosita chegaradosh shimolidagi eng qudratli siyosatchilardan biri sanaladi.
Sobiq kommunist va afgʻon oʻzbeklari yetakchisi ham sanalgan Abdulrashid Doʻstum uzoq yillar Tolibonga qarshi urushib kelgan.
General Doʻstumning kuchlari AQSh boshchiligidagi xalqaro ittifoq qoʻshinlarining dastagi bilan 2001 yilda Afgʻonistonda Tolibon tuzumini qulatishda muhim oʻrin tutgan.
Buning ortidan, yangi afgʻon hukumatidagi rasmiy amali u qadar baland boʻlmasa-da, ammo amalda taʼsiri juda kuchli boʻlgani eʼtirof etib kelingan.
Orada prezidentlikka oʻz nomzodini ham qoʻygan, maʼlum muddat Afgʻoniston Qurolli kuchlariga boshchilik ham qilgan.
Afgʻoniston prezidentligiga nomzod siyosatchilar hamisha shimoliy sakkiz viloyatda zich yashovchi koʻp millionli Oʻzbeklarning ovozini olishga urinib kelishgan.
Tahlilchilar general Doʻstumning dastagi nomzod siyosatchining saylovlarda gʻalaba qozonishi uchun yetarlicha ovoz yigʻib berishi mumkinligini aytishadi.
General Abdulrashid Doʻstum Afgʻoniston tarixida vitse-prezident maqomini egallay olgan birinchi oʻzbek siyosatchisi boʻladi. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/central-asia-43821267
Комментарии 2