"Oilamni IShID changalidan xalos qilish uchun $90,000 toʻladim"
Lizzi Rorter
Iroq
Holid Taolo Hudhur al-Ali 2014 yili Iroqdagi ona shahriga Islomiy Davlat jangarilari hujum qilganda rafiqasi va bolalari bilan qochib qolishga muvaffaq boʻladi, lekin uning 19 nafar boshqa oila aʼzolari asirlikka tushib qoladi. Oʻtgan toʻrt yil davomida u $90,000 tovon toʻlab, yaqinlarining 10 tasini garovgirlar qoʻlidan qaytarib olishga erishdi. Biroq Islomiy Davlatning yakson etilishidan soʻng u qolgan oila aʼzolarini qutqarish ehtimoli kamligidan tashvishga tushmoqda.
Oʻtgan yilning 26 sentyabr kuni qizil rangli pikap Iroq shimolida joylashgan kurdlarga qarashli Sharyaga kirib boradi.
Uning ichida 16 yoshli Shoyima ketib borardi. Mashina kichik qishloqning chang koʻchalariga kirib borganda Shoyimaning doʻstlari va yaqinlari xursandchilikdan boshlari koʻkka yetgancha uni oʻrab olishdi.
Shoyima Islomiy Davlat qoʻlidagi uch yillik asirlikdan soʻng, nihoyat, uyga qaytgan edi. Ushbu davr davomida bu yoshgina qiz bir jangaridan ikkinchisiga pullanib, Iroq va Suriyadagi jihodchilar qarorgohlarida sargardon boʻlib yurishga majbur boʻldi.
Amakisi Holid Taolo Hudhur al-Ali uni $16,000 evaziga asirlikdan qutqarib oldi.
Holid IShID jangarilari Sinjor shaharchasiga bostirib kelgan kunni yaxshi eslaydi. 2014 yil 2 avgust tunini shahar ahli mijja qoqmay oʻtkazib chiqqan edi.
"Shaharning janubiy chetlarida janglar boshlanib ketdi. Biz qoʻrquvdan qaltirar edik", deydi qoʻlbola qurilgan uyining polida chordona qurib oʻtirgan Holid.
"Ertasi kuni ertalab, nonushtadan oldin, koʻchadan kelayotgan yigʻi va chinqiriq ovozlarini eshitdik. Men tashqariga chiqib, koʻcha boʻylab yugurib ketayotgan odamlardan "Nima boʻldi?" deb soʻradim. Ular: "IShID shu yerda", deyishdi. Hamma qoʻrquvda, mashinasi borlar togʻga qochib ketgan edi. Mening esa mashinam yoʻq edi."
Shunda Holid elektr generatoridan toʻrt litr yonilgʻi olib, u, homilador ayoli va bolalarini mashinada xavfsiz joyga qadar olib ketishga rozi boʻlgan qoʻshnisiga beradi.
Sinjor togʻiga yetganda esa, Holid azbaroyi shoshilganidan, noutbuki, hujjatlari va pulini uyda qoldirganini eslab qoladi. Ular mashinadan tushib, uyda qolgan kerakli narsalarni qanday qaytarib olish haqida bosh qotira boshlaydilar.
Ayoli Holidning ortga qaytishini istamaydi, lekin ogʻillaridan biri uyga borib-kelishiga bazoʻr rozi boʻladi. Yoʻlda bola amakisi Doxilni uchratib qoladi. Doxil Sinjor tomon qochib ketayotgan karvonga kechikib qoʻshilgan edi. Doxilning oʻgʻillaridan biri amakivachchasi bilan birga ortga qaytishga qaror qiladi. Ushbu qaror Holid va Doxilning oʻgʻillarini falokatdan asrab qoladi: ular shaharcha tomon ketgandan soʻng Doxil va oilaning boshqa aʼzolari IShID jangarilari changaliga tushadi.
"Togʻga chiqib boraverishdagi yoʻldan turgan hamma odam asirga tushdi. Togʻga chiqib ketganlargina qutilib qoldi", deydi Holid.
Holid Doxilning uyali telefoniga tinmay qoʻngʻiroq qilaverdi. "Nihoyat bir odam goʻshakni koʻtarib: "Biz Islomiy Davlatmiz", dedi va aloqani uzib qoʻydi", eslaydi Holid.
Uyda qolgan kerakli narsalar bilan ortga qaytgan oʻgʻli va jiyanini qayta uchratgan Holid egasiz yotgan traktorga duch keladi va oilasi bilan unda Islomiy Davlat yaqinda nazoratiga olgan aholi maskanlari oralab, Suriya chegarasi tomon yoʻlga tushadi.
Minomyot va snayperlarning daydi oʻqlari ostida oila shimoliy-sharqiy chegara tomon 24 soat tinimsiz yoʻl bosadi va ular Iroq Kurdistonidagi Sharya qishlogʻiga kirib keladilar.
Ukasining oilasi boshiga tushgan kulfat Holidni azoblar edi. Holid va uning yaqinlari, Sinjorning qolgan ahli kabi, Yazidiy diniy ozchiligiga mansub. IShID esa yazidiylarni shakkoklikda ayblaydi. Yazidiy boʻlgan ukasi va uning oilasi taqdiri esa qullik yoki oʻlim tugashi muqarrar edi.
Kelasi yilning may oyida Holid kontrabanchilardan Islomiy Davlat ayollar va bolalardan iborat tutqunlarni Suriya tomon olib oʻtgani haqida eshitadi. Bu vaqtga kelib Islomiy Davlat jangarilari ijtimoiy tarmoqlar va boshqa xabar xizmatlariga tutqunlarning suratlarini joylashtirib, ularga qoʻyilgan tovon puli miqdorini eʼlon qila boshlagan edi.
Oʻsha vaqtda ichki qochqinlar lagerida biologiya oʻqituvchisi sifatida ishlayotgan Holid ushbu savdo orqali yaqinlarini qaytarib olishi mumkinligini anglaydi va kontrabandachilar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻya boshlaydi.
Agar oʻtgan yili IShID parchalab tashlanmaganda uning yana bir necha yili uyqusiz tunlar, jirkanch kimsalar bilan savdolashishlar va oxiri koʻrinmas moliyaviy qiyinchiliklarda oʻtgan boʻlar edi. Shu vaqtga qadar oʻz mablagʻi, qarz va xayriya pullaridan iborat $90,000 evaziga 10 nafar jigargoʻshasini qullikdan ozod qilishga erishdi. Shoyima Holid tomonidan qutqarilgan oʻninchi oila aʼzosi boʻldi. U uyga qaytgungacha IShID tutqunligidagi soʻnggi kunlarini Suriya sharqidagi Dar Uzor shahrida oʻtkazdi. Uyga qaytgandan bir necha kun oʻtib, Islomiy Davlat parchalab tashlandi.
Holid yaqinlari hayoti ustida kechgan savdolar davomida jangarilar bilan bevosita muloqotga kirishmagani haqida aytadi. Buning oʻrniga u son-sanoqsiz oʻrtakashlarning chuvalashib ketgan tarmogʻidan foydalangan.
Ularning aksariyati toʻlanayotgan tovon ichidan ulush talab qilar edi. "Ular bilan ishlash juda xavfli edi", deydi Holid. Berilayotgan tovon puliga toʻla egalik qilish uchun tutqunlarni oʻzboshimchalik bilan qutqarmoqchi boʻlgan kontrabandachilarning aksariyati esa IShID qoʻlida halok boʻladi.
Shoyimani qutqarib olish uchun Holid uch oydan koʻp urindi.
Tutqunlikdagi yazidiylar
•Yazidiy faoli Mirzo Dinoyining soʻzlariga koʻra, 2014 yilda IShID tomonidan asirga olingan 6,500 yazidiydan 3,150 nafarining taqdiri hanuz nomaʼlum - Dinoyi jangarilar ularni hali ham internet orqali sotishga urinayotganligiga ishonadi;
•Qancha yazidiy tutqunlikda oʻlim topgani toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar mavjud emas;
•Sinjor dashtida yazidiylar koʻmilgan ommaviy qabrlar topilgan - biolog Holid esa yazidiylarni ushbu qabrlardan kovlab olingan jasadlar shaxsi yuzasidan DNK testi oʻtkazishga undamoqda;
•Asirlikdan xalos boʻlganlarning koʻpi maxsus yollanma kontrabandachilar tomonidan ozod qilingan yoki Holid kabi yaqinlari tomonidan sotib olingan.
_____________________________________________________
Ikki oʻrtakashning yordami bilan Holid jiyani Shoyimaga Whatsapp orqali xabarlar joʻnatib, tez orada ozod boʻlishini aytgancha uni yupatib turdi. Belgilangan $16,000 ni toʻplab, qachon jiyanini qaytarishlarini kutdi.
Biroq oʻrtakashlardan darak boʻlmadi. Uch kunlik sukunatdan soʻng u sovuq xabar oldi.
"Bizning vositachilarimiz IShIDning tuzogʻiga tushib qolgani haqida eshitdik. Jangarilar ularni rosa qiynabdi", deydi Holid.
Shundan soʻng u boshqa vositachilar guruhi bilan kelishuv tuzadi.
"Iroqlik oʻrtakash kelishilgan pulni Doxukka olib borishimni aytdi. Bir haftadan soʻng xuddi shu kimsaning oʻzi menga qoʻngʻiroq qilib, jiyanim yetti kundan soʻng mening yonimda boʻlishini aytdi. Ishoning, bir haftani uyqusiz oʻtkazdim."
Tovon uchun pul yigʻish yaqinlarini ozod qilishdagi eng qiyin masala boʻldi.
Masalan, Holid kelini, singlisi va jiyanlarini sotib olish uchun $38,500 topishiga toʻgʻri keldi. Keyin oʻgʻlining ayolini qutqarish uchun $29,000 toʻladi. Ammo buncha pul osonlikcha qayerdan ham topilar edi?
"Mening deyarli pulim yoʻq edi. Doʻstlarimdan qarz oldim. Kimdir $50 berdi, kimdir $100", hikoya qiladi Holid. "Parlamentda deputat boʻlib ishlaydigan tanishim $3,000 berdi. Kelinimning Germaniyadagi aka-ukalari ham pul joʻnatib turishdi. Shunday qilib, kerakli mablagʻni toʻpladim."
Umumiy hisobda Holid $90,000 yigʻdi va 10 nafar oila aʼzosini qaytarib oldi. Ularning toʻqqiztasi qiz va ayollar, faqat bittasigina singlisi Layloning kichik oʻgʻilchasi edi.
Holid vositachilar orqali IShIDga pul berib, terrorizmni moliyalash bilan ayblanishi mumkinligiga qaramay, u oilasini qutqarib olishning bundan boshqa imkoni yoʻq, deb katta tavakkalga qoʻl urdi.
Mahalliy hokimiyat esa Holid va boshqa yazidiylarning bu amalini toʻgʻri qabul qildi. Agar yazidiy oilalardan birortasi yaqinlari uchun Suriyaga tovon puli joʻnatishiga toʻgʻri kelib qolsa, xavfsizlik xizmati xodimlaridan ruxsat olishiga toʻgʻri kelar edi. Holid sarflagan mablagʻning maʼlum qismi tutqunlarni qaytarib olish ishlarini moliyalash uchun Shimoliy Iroqda tashkil qilingan hukumat idorasi tomonidan toʻlab berildi.
Islomiy Davlatning parchalab tashlanishi ortidan Holid qolgan oila aʼzolarining izini yoʻqotib qoʻydi.
Ular Holidning ukasi Doxil va Doxilning toʻrt oʻgʻli; Doxilning kelini va ikki nabirasi; va singlisi Layloning turmush oʻrtogʻi.
Ular IShID tomonidan yoki havo hujumlari ostida halok boʻlgan boʻlishlari mumkin, deb oʻylaydi Holid. Biroq ularning baʼzilari hamon jangarilar qoʻlida yoki jihodchilar yashirinib olgan kimsasiz hududlarda boʻlishi ham mumkin.
"Har narsani taxmin qilish mumkin, lekin biror taxmin 100 foiz asosga ega emas", deydi Holid.
"Agar yaqinlarim oʻlgan taqdirda ham biz ular shaxsini DNK testi orqali aniqlashimiz lozim."
"Oʻgʻirlab ketilgan yaqining halok boʻlsa, bu haqida biror narsa bilolmasliging senga azob beradi. Ular halok boʻlgan boʻlsa ham, murdalarini koʻrishni, ular chindan boqiy dunyoga ketganlariga ishonch hosil qilishni istayman." BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/world-43728431
Нет комментариев