Saudiya Arabistonida qatllar soni ikki karraga ortdimi?
Iddao: Soʻnggi olti oy ichida Saudiya Arabistonidagi qatllar soni ikki martaga ortgan.
BBC Haqiqat Tekshiruvi: Yuqoridagi iddaoni tilga olgan Britaniya Muxolifat tashqi ishlar vaziri Emili Tornberrining idorasi BBCga, aslida, soʻnggi sakkiz oydagi holat nazarda tutilganini maʼlum qildi. Saudiya Arabistoni mamlakatda amalga oshirilayotgan qatllar borasida rasmiy raqamlarni oshkor qilmaydi. Shunday boʻlsada, obroʻli inson huquqlari tashkilotlariga koʻra, Tornberri xonimning soʻzlari haqiqatga yaqin.
Britaniya Muxolifat tashqi ishlar vaziri Emili Tornberri oʻtgan hafta Saudiya voris shahzodasi Muhammad bin Salmon uch kunlik tashrifi davomida Buyuk Britaniya hukumati tomonidan "ortiqcha izzat ila" kutib olinganligi borasida oʻz noroziligini bildirar ekan, BBC Radio 4 bilan suhbatda yuqoridagi soʻzlarni tilga oldi.
Shundan soʻng BBC Haqiqat Tekshiruvi (BBC Reality Check) Tornberri xonimning ofisi bilan bogʻlanib, u tilga olgan faktning manbasini bilishga urinib koʻrdi. Soʻrovga javoban Tornberri xonim "olti oy ichida", deb biroz adashganligi, aslida 2017 yil iyul oyidan buyon oʻtgan 8 oylik holatni nazarda tutganligi aytildi.
Shahzoda Muhammad bin Salmon oʻtgan yilning iyun oyida taxt vorisi, deb eʼlon qilingan edi.
Qatllar soni
Saudiya hukumati oʻzi amalga oshiradigan qatllar soni haqida rasmiy raqamlarni eʼlon qilmaydi, lekin mamlakat matbuoti qatllar haqida tez-tez xabarlar tarqatadi.
Tornberri xonim tilga olgan raqamlar manbasi "Reprieve" nomli inson huquqlari tashkilotidir. Tashkilot keltirgan mazkur raqamlar Saudiya Arabistoni matbuoti tomonidan tarqatilgan ochiq maʼlumotlarga asoslangan. BBC Haqiqat Tekshiruvi tashkilotning manbasini oʻrganib koʻrdi.
"Reprieve"ga koʻra, Saudiya Arabistonida 2017 yil iyul oyi va 2018 yil fevral oyi oraligʻida 133 qatl amalga oshirilgan. Bu raqam 2016 yil oktyabr oyi va 2017 yil may oyi orasida oʻtgan sakkiz oy ichida amalga oshirilgan 67 qatldan deyarli ikki barobarga koʻpdir.
Musulmonlar uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyi oʻtgan yili iyun oyiga toʻgʻri kelgani sababli tashkilot 2017 yil iyunida amalga oshirilgan qatllar borasida biror maʼlumot topmagan.
"Reprieve" keltirgan raqamlar mustaqil ravishda Saudiya matbuotini tahlil qilgan Human Rights Watch tashkiloti raqamlariga deyarli mutanosibdir.
Human Rights Watch 2017 yil iyuli va 2018 yil fevral oyi oraligʻidagi qatllar soni 138 ta, undan oldingi sakkiz oylik muddat ichida amalga oshirilganlari esa 68 ta, demoqda.
Xalqaro qiyoslov
Dunyo boʻylab amalga oshiriladigan qatllar borasidagi raqamlar shaffof emas - ular haqida, asosan, "Reprieve" va Amnesty International abi inson huquqlari tashkilotlari maʼlumotlariga tayaniladi. Har ikki tashkilotning mazkur masalaning 2016 yilgi holati haqida keltirgan raqamlari deyarli bir xil.
Raqamlarga qaraganda, Saudiya Arabistoni qatllar soni boʻyicha dunyoda, Xitoy va Erondan keyin, uchinchi oʻrinda turadi.
Inson huquqlari tashkilotlari Xitoy qatllar soni boʻyicha dunyoda peshqadam, deydi. Biroq bu masala borasidagi raqamlar Xitoy hukumati tomonidan davlat siri sifatida muhofazalanadi. Tashkilotlarning ishonishicha, Xitoy matbuotida eʼlon qilinadigan qatllar haqidagi xabarlar asl vaziyatni toʻliq aks ettirmaydi va bu boradagi ochiq raqamlar "dengizdan tomchi"dir.
Eron boʻyicha ham har ikki tashkilot keltiradigan raqamlar deyarli oʻxshash: "Reprieve" oʻtgan yili Eron hukumati 534 nafar mahbusni qatl qilgan, desa, Amnesty International bu raqam 567 ga teng, deydi. "Reprieve"ning qoʻshimcha qilishicha, asl raqam hukumat amalga oshiradigan maxfiy qatllar hisobiga bundan ziyod boʻlishi mumkin.
Yaqinda eʼlon qilingan bayonotida "Reprieve"ning taʼkidlashicha, qatllar soni koʻpaygani shahzoda Muhammad bin Salmonning taxt vorisi etib tayinlanishi ortidan qirollikda boshlangan islohotlarga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Rays universiteti qoshidagi Beyker Ijtimoiy Siyosat institutidan doktor Kristian Kotes Ulriksen BBC bilan suhbatda Saudiyadagi qatllar soni 2015 yildan keskin oshib ketganini maʼlum qildi.
"Mening kuzatishimcha, mazkur holat Saudiya rasmiylari qirol Abdulloh boshqaruvi davrida hukm qilingan, lekin amalga oshirilmagan qatllarni hozirga kelib amalga oshirishga qaror qilganliklari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin", deydi.
"Oxirgi sakkiz oy ichida qatllar soni nega bunchalik ortib ketganligini yagona sabab bilan izohlab berish mushkul", qoʻshimcha qiladi doktor Ulriksen.
Human Rights Watch'da faoliyat yurituvchi tadqiqotchilardan biri Saudiya hukumati barcha faoliyatini noshaffof tutishga harakat qilgani tufayli mazkur masala borasida "kalavaning uchini topish qiyin".
Saudiya Arabistonining doimiy inson huquqlarini poymol qilishda ayblanishi tufayli, voris shahzodaning oʻtgan hafta mamlakatga tashrifi davomida, muxolifat rahbari Jeremi Korbin bosh vazir Tereza Meyga bosim oʻtkazishga urinib koʻrdi.
Mey xonim esa shahzoda bilan suhbatda inson huquqlari masalasini oʻrtaga qoʻyishini maʼlum qildi.
BBC Haqiqat Tekshiruvi mazkur masala boʻyicha Saudiya Arabistonining Londondagi elchixonasiga izoh soʻrab murojaat qildi, lekin maqola nashrga tayyorlanayotgan paytgacha hech qanday javob olinmadi.
BBC Haqiqat Tekshiruvi jamoasi
BBC News BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
Комментарии 1