1953-yil 9-mart kuni Moskvada Iosif Stalinni so'nggi yo'lga kuzatdilar. Marosim boshlanish arafasida shahar markazida fojiali vaziyat yuzaga keldi va rasmiylar bu haqda qayta qurish davriga qadar og'iz ochmadilar.
Vrachlar "xalqlar otasi"ning o'limini 5-mart soat 21.50 da qayd etgan edilar. Bu xabarni ertasiga soat 6.00 da suxandon Yuriy Levitanning hammaga tanish ovozi radio orqali o'qib eshittiradi. O'sha kunning o'zida tobuti Soyuzlar Uyining Ustunlar Zaliga joylashtirilgan dohiy bilan vidolashgani xalq oqib kela boshlaydi.
Dafn marosimi 9-mart tongida boshlanishi rejalashtiriladi. Bu vaqt ichida, taxminiy hisoblarga ko'ra, ikki millionga yaqin odam marhumni so'nggi bor ko'rish istagini bildiradi.
Vidolashuvning ikkinchi kuni, ya'ni 7-martda Ustunlar Zalini oddiy ziyoratchilar uchun yopib qo'yadilar, endi faqat rasmiy delegatsiya vakillari kirgazila boshlanadi. Oddiy fuqarolar sevimli hukmdorni so'nggi bor ko'rish ishtiyoqida bino atrofida ulkan tirbandlikni hosil qiladilar. 8-mart kuni kechga borib, oxirgi imkoniyatdan foydalanib qolish ilinjidagi katta olomon daryo bo'lib bino tomon oqa boshlaydi.
Olomonning asosiy oqimi Trubnaya maydoni orqali Bulvarniy xalqa yo'li bo'ylab Pushkin maydonidan o'tib, undan keyin Bolshaya Dmitrovka va Tver (o'sha paytda Pushkin va Gorkiy ko'chalari deyilardi) bo'ylab Oxotniy Ryadda joylashgan Ustunlar Zali tomon harakatlanardi.
Moskvaning markaziy ko'chalari bunchalik ko'p miqdordagi olomonni o'ziga sig'dira olmasdi. Rasmiylar olomon istagiga qarshilik bildirmadi, lekin ziyoratchilar oqimi faqat markaziy ko'chalar bo'ylab o'tishini nazorat qilish uchun yon ko'chalar harbiy texnikalar bilan yopib qo'yildi.
Orqadan kelayotgan odamlar oxiri ko'rinmas edi. Faqatgina markaziy ko'chalar bo'ylab yurish imkoni berilgan olomon go'yo qafasga tushib qolgandek bir-birini itarardi. Ko'pchilik siqilinchdan nafasi qisib va olomon oyog'i ostida toptalib halok bo'ldi.
Hukumatdan hech kim shaharning qoq markazida yuzaga kelgan bu talato'p haqida bosh qotirishni o'ylamas edi. Hech kim militsiyani olomon zichligini nazorat qilish uchun safarbar qilish, kichik ko'chalarni ham ochib yuborishni hayoliga keltirmas edi. Keyinchalik ham hukumat darajasidagi ushbu beparvolik aybdorlari jazoga tortilmasdan qolaverdi.
Moskvada o'xshash fojia 1896-yil 18-mayida ham kuzatilgan edi. O'shanda so'nggi rus podshohiga toj kiydirish marosimini ko'rish uchun Xodinskiy maydoniga yig'ilgan olomon bir-birini ezib-yanchardi.
Fojiadan so'ng podshoh Nikolay II va uning rafiqasi Aleksandra Fyedorovna qurbonlar qadrini nazar-pisandga olmaslik, to's-to'polonga guvoh bo'la turib keyingi marosimlarni to'xtatmaslik va mamlakatda milliy motam e'lon qilmaslikda ayblanadi. Biroq podshoh hukumati fojiani shunchaki e'tiborsiz qoldirmaydi: imperator oilasi jarohat olganlarni kasalxonalarga yotqizilishiga bosh-qosh bo'ladi, qurbonlar yaqinlariga o'sha davr uchun yaxshigina mablag' hisoblangan 100 rubldan yordam puli tarqatib chiqiladi.
Xodinskiy fojiasida zarar ko'rganlar soni esa aniq edi: 1,389 nafar odam qurbon bo'lgan va 1,301 nafari jarohat olgan.
Kommunistlar hukumati esa ikkinchi "Xodinskiy" fojiasi tafsilotlarini shunchaki yashirishga urinadi. Hodisa yuzasidan hech qanday tekshiruv o'tkazilmaydi, har qanday ma'lumot ommadan berkitilganidan halok bo'lgan va jarohatlanganlar sonini taxminan hisoblab ham bo'lmasdi. Turli taxminlarga ko'ra, qurbonlar soni 100 nafardan ikki mingga qadar yetar edi.
"Memorial" jamiyati o'sha kun fojiasiga o'z ko'zi bilan shohid bo'lganlar xotiralarini yig'ishga qaror qildi. Ularning aksariyati fojiada mo'jiza tufayligina omon qolgan edilar.
Yelena Vladimirovna Pasternak (1936-yil tug'ilgan), adabiyotshunos:
Yaqin tanishimiz Irina Glebovna Glinka o'sha kunlari Dmitrovka va Stoleshnikova ko'chasi kesishgan joydagi uyda edi. O'sha hududni yopib qo'yishgani uchun Irina bir necha kun uyda qamalib qoladi. U kun bo'yi ko'chadan baqir-chaqir, jarohatlaganlarning oh-vohi eshitilib turgani haqida aytib bergandi. Keyinroq uydagilar ko'chalardan kalishlar, boshmoqlar va odam tanasi bo'laklarini yig'ib olganlarini ko'radilar.
______________________________________________________________
Yuriy Antonovich Borko (1929-yil tug'ilgan), iqtisodchi:
Shafaqli mart tonggi edi. Biz Birinchi shahar kasalxonasida joylashgan o'likxona tomon jim yurib borardik. Men urush ko'rgan mushakdor Tolya olomon ichidan omon chiqqan bo'lsa kerak, deb umid qilardim.
Uzoqdan o'likxona atrofi odamga to'lib ketganini ko'rdik. Ular ham talato'pda halok bo'lgan yaqinlarini izlab kelgani ko'rinib turardi. Tolyani bu o'likxonadan topa olmadik.
Nihoyat, Tolyaning murdasi keyingi o'likxonadan topildi. Bu yerda ham yaqinlaridan ajralgan, g'ussaga botgan odamlarni ko'rish mumkin edi.
Jasadni aniqlash jarayoni tez kechdi. Patologoanatom uni Trubnaya maydonidagi uylarning biri yaqinidan topishganini aytdi. Olomon Tolyani uy oldidagi panjaraga shunchalik yopishtirib tashlagan ekanki, ko'krak qafasi yorilib ketibdi.
Keyinroq Moskva o'likxonalariga o'lim sabablarini yolg'on ma'lumotlar asosida rasmiylashtirish haqida buyruq kelganini eshitdik.
Lyudmila Ivanovna Dashevskaya (1930-yil tug'ilgan), kimyogar:
Bolshaya Dmitrovka ko'chasi bo'ylab joylashgan 32 va 20-raqamli uylar orasidagi qisqa masofani kechki soat oltidan 12 ga qadar zo'rg'a bosib o'tdik. Ko'p yosh yigitchalar olomondan tezroq chiqib olish uchun uylar tomiga osilib chiqar va u yerdan yana odamlar ustiga qular edi.
Bosh prokuratura binosi oldida kimdir boshim tepasida nafas olayotgandek tuyildi. Yuqoriga qarasam, bir ot boshimga tumshug'ini tirab turibdi.
Ot mingan kishi menga: "Qizaloq, tezda mashina ostiga kirib, odamlar o'tishini kut," dedi. Men: "Keyinchi?" deb so'radim. "Hozir bu yerda tursang, omon qolmaysan," javob berdi u.
Men mashinalar ostidan emaklay-emaklay, hamma joyim shilingan holda Stoleshnikov ko'chasiga chiqdim. U yerda hech kim ko'rinmas, yaqinimda axlat qutilar turar edi.
Men qutilardan biriga o'tirdim. Xayol surib, paltoyimning barrali yoqasi uzilib tushganligi va bir oyog'imda begona kalish paydo bo'lib qolganini payqadim. Kalish oyog'imga qanday kiyilib qoldi? Boshqa payti, o'zim xohlagan taqdirda ham, bunday qila olmas edim.
Ertasiga biz, zavod ishchilarini Strastnoy bulvariga supurgi va belkuraklar bilan chiqishimizni aytishdi.
Biz yerda sochilib yotgan har narsani yig'ib olardik. Narsalar ichida yo'q narsaning o'zi yo'q edi. Biz sharflar, kalishlar, botinkalar, qalpoqlar va yana boshqa har xil narsalarni yig'ib oldik.
Yelena Vladimirovna Zaks (1934-yil tug'ilgan), jurnalist:
Men bu kunlar tarixiy ekanligi, imkoniyati bor har bir odam bu kunni xotirasiga muhrlashi lozim, deb o'ylardim. Shunday qilib, ko'chaga chiqishga qaror qildim.
Aynan qaysi ko'chada olomonga qo'shilganimni aniq eslolmayman. Esimda qolgani - biz Pushkin maydonidan o'tadigan bulvar bo'ylab yurib borardik.
Odamlar ko'paygandan ko'payardi. Qimirlashga imkon yo'q edi. Biroz to'xtab, dam olish haqida gapirmasa ham bo'lardi. Hali olomon quturmagan, hech kim halok bo'lmagan edi. Men hamon ozodlikka chiqib ketolmasdim.
Olomon meni panjara tomon surib bordi. Panjara bo'ylab harbiylar turardi. Ular MGBdan edilar. Sababi ularning formasi yashil emas, ko'kish kulrang edi. Shunda cho'zinchoq yuzli, ko'rkam bir yigit yoqam va belimdan tutib, meni panjara ortiga irg'itib yubordi.
Igor Borisovich Kaspe (1934-yil tug'ilgan), muhandis-quruvchi:
Mayakovskiy maydonidan Gorkiy ko'chasi tomon burilib, zich olomon ichiga tushib qoldim. Kun quyoshli, lekin juda sovuq edi.
Inqilob muzeyi yonida yo'lni to'sib turgan otliq militsiyaga duch keldik. Olomon jim bo'lgancha otlar yonidan o'tib borardi. Hech qancha vaqt o'tmay, umrida buncha ko'p odam ko'rmagan otlardan birining asabi dosh bermadi. U pishqirgancha old oyoglarini baland ko'tardi. Qo'rqib ketgan odamlar ortga tisarildi. Shunday qilib tartibsizlik boshlanib ketdi.
Odamlar ortga tomon surilardilar, ko'pchilik oyoq ostida qolib ketdi. Mendan bir necha qadam narida bir qiz qoqilib, yiqildi. Yaxshiyam, yigitlar uni sochidan sudrab, odamlar oyog'i ostidan qutqarib oldilar. Odamlar oqimi go'yo dahshatli dengiz to'lqiniga o'xshardi.
Pushkin maydonidagi ko'chalar yuk mashinalari bilan to'sib qo'yilgan edi. Kuzovlarga o'rnashib olgan askarlar mashinalarga o'rmalab chiqmoqchi bo'lgan odamlarni etigi bilan tepib, tushirib yuborar edi.
Mo'jiza bilangina vitrinasi singan ayollar kiyimi do'koniga kirib oldim. Keyin uzoq vaqt, har safar jonimni saqlab qolgan ushbu do'kon yonidan o'tganimda unga minnatdorchilik ko'zlari bilan qarab qo'yardim.
Do'kondan turib, g'alati tovushlarni eshitdim. Avvaliga tushunmadim - xuddi tormoz berayotgan mashina shinasidan chiqadigan tovushga o'xshardi. Olomon itarishi oqibatida yuk mashinalari surilib borar edi. Ko'pchilik mashinalarga yopishib qolgan, og'riq zo'ridan dod solar edi.
Belorus vokzali tomondan esa yana va yana yangi odamlar kelib, olomonga qo'shilardi.
Men "Bu yerga nega keldim o'zi?" deb o'ylay boshladim.
Do'kondan chiqib, amallab olomon orasidan o'tib, uyimga yetib olganim hayotimda qilgan eng to'g'ri qarorlardan biri edi.
Ertasi kuni kechagi voqealar "Xodinskiy fojiasi"danda dahshatli bo'lgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Biroq odamlar bu haqda og'iz ochishdan qo'rqar edilar.
Boris Sergeyevich Rodionov (1934-yil tug'ilgan), jurnalist:
Adashmasam, soat kechqurungi 11 edi. Men markazga borishim kerak edi. Men Sretenskiy darvosidagi bulvardan zo'rg'a o'tib oldim. Bulvar bo'ylab adoqsiz olomon Trubnaya maydoni tomon harakatlanardi. Bunday yoqimsiz holatga hech guvoh bo'lmagandim.
Odamlarning ko'rinishi ham tund edi. Bilishimcha, Ustunlar Zaliga kirishga ertalab ruxsat berilarmish, degan gap tarqalgani sababli odamlar tunda manzilga yetib olishga intilardilar.
Atrofda birorta militsiya xodimi ko'rinmasdi. Olomon butunlay nazoratsiz, tashkillanmagan edi.
Oxir-oqibat Trubnaya maydonida o'sha dahshatli fojia yuz berdi. Maydonga har tomondan olomon oqib kelardi. Nomi ko'klarga ko'tarilgan Stalin askarlari va militsiyasi esa bu holatga shunchaki tomoshabin bo'lib turdi.
Nikolay Viktorovich Persov (1944-yilda tug'ilgan), filolog:
Stalin tobutini maqbara tomon ortishni boshlaganlarida hammayoqni qo'ng'iroq ovozi egallaganini eslayman.
Fabrikalardagi sirenalar ham ularga jo'r bo'lardi. Juda ham qo'rqinchli vaziyat yuzaga kelgandi.
15 yashar opam maktabdan to'g'ri dafn marosimiga ketgan edi.
U ha deganda uyga qaytavermadi. Keyinroq qurbonlar haqida eshitdik. Butun uy tashvishga tusha boshladi.
Yaxshiyam, maktabdan dafn marosimiga yetakchilik qilib borganlar olomonni ko'rib, bolalarni ortga qaytargan ekan.
Vera Davidovna Zvonareva (1941-yil tug'ilgan), kutubxonachi:
Stalin vafotini eshitgan xolam "Endi qanday yashaymiz?!" deb joni uzildi. U atigi 43 yoshda edi.
Chaqirilgan tez yordam umuman kelmadi. Ehtimol, shuncha yordamga muhtojlar turganda biz eslariga kelmagan bo'lsak kerak.
Natalya Mixaylovna Leontovich (1934-yil tug'ilgan), matematik:
Oilamizda dafn marosimiga borish hech kimning hayoliga ham kelmadi.
Otamning tug'ilgan kuni 7-mart va aynan 1953-yil u 50 yoshga to'lgan edi. U "Yubileyimga sovg'amni olib bo'ldim," dedi.
Keyinroq Stalin vafot etgan 5-martni ham bayram qilishni odat qildik. Bu an'anani ancha yil davom ettirdik. O'sha kuni do'stlarni uyga taklif qilar, chiroyli dasturxon yozar edik. Stalin portretini oyoq ostiga tashlab qo'yardik. Bayramdagi asosiy qadah so'zi "Tirilib kelmasligi uchun!" bo'lardi. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
https://www.bbc.com/uzbek/lotin-68883516 Xonanda o'zini kamsitib, haqorat qilganlar kimlar ekanligi haqida nima dedi?
...https://www.bbc.com/uzbek/world-68892546 Тафсилотлари учун илова қилинган линкимизни босинг.
https://www.bbc.com/uzbek/central-asia-68890816
https://www.bbc.com/uzbek/world-68883259 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68883259 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/central-asia-68875576 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/central-asia-68875576 Тафсилотлари илова қилинган линкимизда.
https://www.bbc.com/uzbek/world-68874640 Tafsilotlari ilova qilingan linkimizda.
https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-68740545 Батафсил илова қилинган линкимиз орқали танишинг.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1