Mirziyoyev Karimov nomini tilga olmasdan uning merosini ayovsiz tanqid qilmoqda.
http://www.bbc.com/uzbek/lotin-42626930?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovdan qolgan siyosiy meros-boshqaruv tizimi, ijtimoiy tartib va markazlashgan iqtisod hamda korruptsiya, shuningdek, ichki va tashqi siyosatni ayovsiz tanqid qilmoqda.
Karimovning komandasidagi ayrim mulozimlar Prezident tomonidan korruptsiyada baralla ayblanmoqda va "kalamushlar" deb atalmoqda.
Mirziyoyev hozirga qadar Islom Karimovning oʻzini shaxsan tanqid qilishdan tiyilgan.
Ammo aftidan, matbuotda Islom Karimov shaxsini tanqid qilish yoki u qabul qilgan qarorlarni savol ostiga olishga qoʻyilgan taqiq yumshayotgan koʻrinadi.
"Atrofidagilar adashtirgan"
Yangi yil arafasida hukumat nashrlari marhum prezident Islom Karimov meʼrosiga tanqidiy yondashilgan kamida ikki chiqishga oʻrin berdi.
20 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining "Pravda Vostoka" roʻznomasida Oʻzbekistonning birinchi va oxirgi Davlat kotibi Rahim Rajabovning maqolasi eʼlon qilindi.
Unda Islom Karimovning talabalik doʻsti va keyinchalik hukumatdagi safdoshi boʻlgan buxorolik nafaqaxoʻr Rahim Rajabov birinchi prezidentning xizmatlari haqida batafsil gapirgan.
Va suhbat nihoyasida quyidagi soʻzlarni aytgan:
"U xatolarga yoʻl qoʻyganmi? Kamchilik hammada bor, har qanday odam, kim boʻlishidan qatʼiy nazar, adashadi. Koʻpincha uni atrofidagilar adashtirishgan", - deb aytgan Oʻzbekistonning sobiq Davlat kotibi Rahim Rajabov.
Islom Karimovning vafoti kuni unga marsiya bagʻishlagan Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo 30 dekabr kuni OʻzAda eʼlon qilingan maqolasida birinchi prezidentni nafaqat eslamagan, balki Karimov nomini tilga olmagan holda, uning davrida ijod ahliga koʻrsatilgan munosabatni tanqid qilgan.
"Aytish kerak, orada adabiyotga boʻlgan eʼtibor biroz susaygan vaqtlar ham boʻldi. Hatto, adabiyot kimga kerak, degan botiniy savollar berila boshlandi. Qanday qaygʻuli buni eslash... Bas qildim. U kunlarni hozir eslamaylik, mavridi emas", deydi shoir va senator Iqbol Mirzo.
Ayni paytda u Shavkat Mirziyoyevning adabiyot va ijod ahliga munosabati haqida toʻlqinlanib soʻz yuritadi.
"Shavkat Mirziyoyev koʻp kitob oʻqigan, asl kitobxon. Shu bois adabiyotni sevadi, ijodkorlarni hurmat qiladi, qadrlaydi. Dastlab yosh ijodkorlarning Zomin seminari tashkil etilishi timsolida bu mehrni his qilganmiz...Keyinchalik Bosh vazir boʻlgan paytlarida ham ijodkorlar haqida koʻp qaygʻurdi. Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Erkin Vohidov (ruhi shod boʻlsin) betob boʻlib yotganida Shavkat Mirziyoyev hol soʻrab borgan, shoirning koʻnglini koʻtaradigan yaxshi gaplar aytgan. Erkin akaning sogʻligʻini shaxsan oʻzlari nazorat qilib turgan. Ijodkorga boʻlgan gʻoyat tahsinli eʼtibor edi bu", - deydi Xalq shoiri.
Noodatiy tanqidchi
Karimovning sobiq matbuot kotibi Azamat Ziyoning shu kunlarda Facebookdagi sahifasida eʼlon qilgan "Umid va qoʻrquvdan ishonch va raqobat sari" deb nomlangan maqolasi koʻpchilik oʻquvchilarning hayratlariga sabab boʻlgan.
Hech qachon ochiq yoki tanqidiy qarashlari bilan ajralib turmagan sobiq mulozim va tarixchi garchi Karimov nomini tilga olmasa ham, yaqin oʻtmishda yoʻl qoʻyilgan xatolar inqirozga olib kelishi muqarrar edi, degan fikrni ilgari suradi.
"Iqtisodiy koʻrsatkichlardagi aldamchilik usiz yashay va rivojlanolmaydigan tarmoqlarda ham aks sado berishi tabiiy edi. Shuning uchun ham tibbiyotda Yevropa mamlakatlaridan ham "oʻzib ketdik", demokratiyada butun dunyoga "ibrat boʻldik", Alisher Navoiyni ulugʻladik, u jon kuydirgan tilni oʻz holiga tashlab qoʻydik, jurnalist dadil boʻlsin, dedik, muharrirni esa halim qildik, innovatsiyalar zaruratini tan oldik, ammo ilm-fan tizimini tubdan oʻzgartirishdan qochdik, oʻzi yetishtirgan hosilini oʻzi sotolmasligini oldindan bilgan bobo dehqonni haqiqiy yer egasi, mehnat teri bilan topgan foydasini bankdan ololmaydigan, olganda ham uch-toʻrt tanga berishga majbur tadbirkorni haqiqiy mulkdor qilmoqchi boʻldik", - deya fikr yuritadi Karimovning sobiq matbuot kotibi.
Uning fikricha, "qoʻrqoqni botir, yalqovni gʻayratli, bilimlini aqlli, nochorni ijodkor, umumlashtirganda esa odamni shaxs, olomonni millat etuvchi ulkan kuch - har bir bandaning ichki "men"i toptalgani uchun shunday boʻldi".
"Oqibatda, - deb yozadi Azamat Ziyo, - qahramon shoiru dehqoni, serunvon olimu ulamosidan tortib oddiy (?) fuqarosigacha birdek bandaligicha qolaverdi. Negaki, boʻynidan bogʻlangan jonivor ovga yaramaganidek, tabiiy, aqliy qudrati nechogʻlik ulkan boʻlmasin, "men"i kishanlangan inson va jamiyat ham ulugʻ ishlar u yoqda tursin, hatto oʻz aravasini tortishni eplay olmaydi!".
"Aybsiz Parvardigor"
Uzoq yillar Oʻzbekiston televideniyesining asosiy informatsion dasturi boʻlgan "Axborot"da faoliyat olib borgan taniqli jurnalist va Oliy Majlisning sobiq deputati Muhammadjon Obidov Islom Karimov haqida mana bunday fikr yuritadi:
"Albatta, aybsiz Parvardigor deganlaridek, Islom akada ham kamchiliklar boʻlgan va u xatto mamlakat taraqqiyotiga ham salbiy taʼsir koʻrsatgan. Men ayrim davlatlar yutugʻini samimiy qabul qilmaslik, davlat rahbarlarini mensimaslik kabi oʻzim koʻrgan va bilgan holatlarni nazarda tutyapman. Ammo bular va yana boshqa holatlar hakida jar solish shartmi? U nima beradi? Menimcha, biz hozir Karimov yoʻl qoʻygan kamchiliklar haqida emas, balki uning oqibatini bartaraf etish choralari haqida oʻylashimiz va gapirishimiz toʻgʻri boʻladi, deb oʻylayman. Chunki Islom aka xalqi uchun bir mamlakat Prezidenti qilishi mumkin boʻlgan tarixiy xizmatni qilib qoʻygan.
Ammo afsuski, hayot men oʻylagandek yoʻldan yurmaydi. Nadomatlar boʻlsinki, Islom akani ochiq tanqid qilish boshlanib ketadi...
Qizigʻi shundaki, matbuotga bu haqida hech qanday koʻrsatma berilgani yoʻq. Asosiy moʻljal eng yuqori minbardan aytilayotgan gaplar boʻlayapti. Menimcha, uning ohangi yaqin orada yumshamaydi. Eslang, bir paytlar ... Yaxshisi, buni aytmay", - deydi jurnalist BBC bilan suhbatda.
"Sababchisi aytilmaydi"
Oʻzbek jurnalistlaridan birining aytishicha, yuqoridagi izhorotlarga joriy Prezidentning oʻz salafi merosini tanqid qilayotgani turtki bergan boʻlishi mumkin, ammo umumiyat-la Karimov shaxsiga teginish hanuz tabu hisoblanadi.
"Karimovni yomonlab material berolmasligimiz aniq", - deydi Oʻzbekistondagi yetakchi internet nashrlardan birining jurnalisti.
Uning fikricha, Karimov shaxsi va merosi tanqidiy tahlil qilingan materiallar bor, ammo "ularni bersak, litsenziyamiz olinadi. Albatta, boshqa sabab koʻrsatiladi", - deydi toshkentlik jurnalist.
Davlat telekanallaridan birining jurnalistiga koʻra, OʻzTVda tsenzura saqlanib qolmoqda, ammo Karimov davriga nisbatan "ancha erkinlik bor".
"100 foiz boʻlmasa ham, 98 foiz ijtimoiy mavzudagi tanqidlarni oʻtkazish mumkin", - deydi jurnalist.
Ammo uning soʻzlariga koʻra, "kamchiliklar aytilyapti, biroq ularning sababchisi kim ekani haqida gapirilmayapti".
Davlat televideniyesi jurnalistning aytishicha, Karimovni tanqid qilish mumkin yo mumnkimas, degan koʻrsatma yoʻq.
"Jurnalistlar Karimov davrida ham instinkt bilan ishlashardi, hozir ham shunday".
Unga koʻra, "kim haqida nima deb yozish va qanday yozish haqida hamma qatʼiy fikrga ega".
BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002
#bbcuzbek #Prezident #Shavkat #Mirziyoyev #Islom #Karimov #Oʻzbekiston #televideniyesi #OʻzTVda #tsenzura #matbuot #tanqid #PravdaVostoka #Axborot #iqtisod #korruptsiya #tashqi #siyosat
Комментарии 20