"Toshkent militsiyasi ukam va singlimni onamga eshittirib qiynagan"
http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-42123905?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit 13 va 16 noyabrda Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qoʻlga olingan dindorlar borasida BBCga yangi tafsilotlar maʼlum boʻldi.
Hisbda qolayotgan 51 yoshli Nasiba Uzoqova bilan uchrashgan qizi Aziza Uzoqovaning aytishicha, tergovchilar ukasi va singlisini boshqa-boshqa xonalarda dod-voyini onasiga eshittirib qiynashgan.
Uning taʼkidlashicha, Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi hibsdagi 29 yashar singlisining homilador boʻlib qolganiga shaʼma qilgan.
Toshkent IIBB dindorlarning hibsda ushlanib turilganligi haqidagi xabarlarni rad etmoqda.
"13 noyabr kuni Toshkent militsiyasi onam, akam, singlim va kelinimni ushlab ketgan. Kechroq kelinimizni qoʻyib yuborishgan. 14 kuni meni ham chaqirtirishdi. 1,5 yashar bolam bilan Terrorizmga qarshi kurashish boʻlimida ertalabdan kechgacha ushlab oʻtirishdi. U yerda oʻtirganimda onamni boshqa xonaga olib kirishdi va xonadan onamning baqirgan ovozlarini eshitdim. Avvaliga baqiriq kuchli chiqdi, keyin ogʻziga latta tiqilgandek boʻgʻiq chiqdi", - deydi Aziza Uzoqova.
BBC huquq faoli Surat Ikromovga tayanib Toshkent shahri va viloyatida 80 yaqin dindorning Toshkent shahar terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan ushlab ketilgani va ularning 7 nafari hamon hibsda saqlanayotgani haqida xabar bergan edi.
Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Doniyor Toshxoʻjayev kun.uz nashriga soʻroqning ikki soat davom etgani va hech kim hibsda ushlab qolinmagani haqida aytgan.
"1986 yilda tugʻilgan Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 159- (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244- (Ommaviy tartibsizliklar) moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va 2009 yilda Toshkent shahar Uchtepa tuman IIB tergov boʻlimi tomonidan qidiruvga berilgan. Ayni paytda G.Toʻxtaxoʻjayevani qoʻlga olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari uning qayerdaligidan xabardor, u bilan yaqin aloqada boʻlishi mumkin boʻlgan, lekin bu haqda ichki ishlar organlariga oʻrnatilgan tartibda xabar bermagan shaxslarni soʻroq qilmoqda", deyiladi xabarda.
Biroq hibsda ushlab turilganlarning yaqinlari Toshkent IIBB masʼuli aytgan gap yolgʻonligi 7 kishi hamon Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasida qolayotganini taʼkidlashdi.
"Yolgʻon, qanday toʻgʻri boʻlsin. Onamlar chiqsa uyga kelishmasmidi. Tem boleye, men yaqinda onamga, singlimga, kuyovimga, xoʻjaynimlarga palьto, qalin kiyimlarini olib borib berdim. Qachon chiqarasizlar desam, koʻramiz, bilmaymiz. zalogga olib oʻtiribmiz, deyishyapti", - deydi Aziza Uzoqova.
"Yaqinda jiyanchali boʻlasan"
BBC Oʻzbek xizmati Toshkent shahar IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi bilan bogʻlandi.
Goʻshakni koʻtargan navbatchi tergov ketayotganligi uchun ommaviy axborot vositalariga hech qanday maʼlumot berilmasligini bildirdi.
Uning aytishicha, hozir zamon oʻzgargan va militsiya idoralarida oldingidek boshboshdoqliklar yoʻq.
Biroq 1,5 yashar bolasi bilan Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasida kun boʻyi tergov qilingan Aziza Uzoqovaning aytishicha, onasi qiynoqqa tutilganini oʻz qulogʻi bilan eshitgan va yuzlashtirilganda onasi Nasiba Uzoqova hibsdagi oʻgʻli va qizining qiynashayotganini eshitib oʻtirganini aytgan.
"Jon qizim bular bizni kechasi bilan azob berib tergov qilishdi. Toʻxtashmadi. U yoqda ukang, bu yoqda singling hammasi baqirdi. Singling bilan ukangning baqirganiga chidolmadim, dedilar. Ularni alohida alohida xonalarda qilishgan. Bir-biriga koʻrsatishmagan, Faqat bir-birining ovozini eshitishgan", deydi Aziza Uzoqova.
Aziza Uzoqavaning aytishicha, yaqinlariga issiq kiyim-bosh olib borib berganida Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi unga singlisi Umida Uzoqovaning homilador boʻlib qolganiga shaʼma qilgan.
"Qalin kiyimlarni qoʻlimdan olgan oʻsha yerdagi xodim aytdiki, yaqinda jiyanli boʻlasan, dedi. Nima, deganimda boshqa qaytib gapirmadi. Singlimga shaʼma qildi.
Nimani nazarda tutganini oʻzim ham bilmay qoldim. U yerda singlimni qiynashganini oʻzim ham bilgandim. Onam singlimni qiynashganini aytgandi. Lekin qanaqa qiynashganini bilmaymiz", deydi Aziza Uzoqova.
Oʻzbekiston mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi chiqargan xabarda aytilishicha, Toshkent shahri va viloyatida 20 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan 79 nafar ayol va erkak dindorlar qoʻlga olingan.
Ularning aksariyati 8 soatlik savol-javobdan soʻng qoʻyib yuborilgan. 7 kishi hamon hibsxonada qolmoqda.
Toshkent shahar IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan 29 yoshli Umida Uzoqova, uning onasi 51 yoshli Nasiba Uzoqova, 25 yashar Muhammadamin Abdurahmonov hamda Umidaning turmush oʻrtogʻi Nodirlar 13 noyabr kuni ushlangan.
Oradan 3 kun oʻtib 16 noyabrda 35 yoshli Oyatulla Usmonov, 32 yoshli Muhammad Rashidov va 23 yashar Nasrullo Aʼzamovlar ushlab ketilgan. Yaqinlari ularning hamon hibsda saqlanayotganini va qiynoqlarga tutilayotganini aytmoqda.
Yaqinlarining taʼkidlashicha, Toshkent militsiyasi ulardan 2009 yil qidiruvga berilgan Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaning joyini maʼlum qilishni talab qilmoqda.
Uning hibsda saqlanayotgan turmush oʻrtogʻi Muhammad Rashidovning epilepsiya (tutqanoq) hamda yurak porogi (nuqsoni) xastaliklari bilan ogʻrishi aytiladi. http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-42123905?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit
Комментарии 23
Мусулмонликни даво килиши ярашмабди