Oshxoʻr blogi: Osh, koʻtarma bosh!
http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41390901?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Bilasiz, oʻzbekning oshi yaqinda Ginnesning Rekordlar kitobiga kirdi.
Toʻgʻrisi, dunyoda qaysinisi mashhur, bilmayman, Ginnesmi yoki oʻzbek palovimi? Rahmatli Hojiboy Tojiboyev tirik boʻlganida, albatta "Ginnesga osh berish keark!" deb aytgan boʻlardi.
Ammo oʻsha kuni osh yeyman, deb Sayilgohga chopayotganlarning aqlida Ginnesdan koʻra koʻproq osh boʻlganiga shubham yoʻq.
Ishoning, men ularning orasida Husayn Boltga oʻxshab chopayotganlarni koʻrdim. Ammo oʻzbek Ginnesning Rekordlar kitobiga kirish uchun afriqolikka oʻxshab tili osilib qolguncha chopmaydi. Chordona qurib, osh yeb ham bu maʼlumu mashhur kitobga kirish mumkin. Bu endi, milliy oʻziga xoslik.
Fikrni yanada rivojlantirsak, xalqaro diplomatiyaga qadar borishimiz tayin.
Oshma-osh yurib, xalq diplomatiyasini ancha oʻrganib qoldim emasmi, menga qolsa, palovni Oʻzbekistonning "yumshoq kuchi" (soft power) deb atagan boʻlardim. Istagan davlatingizga boring, sizdan "oʻzbek palovini pishirishni bilasanmi?", deydigan bir oshxoʻr topiladi. Vaholanki, shunday tayyor brendimiz turib, "Yumshoq kuch oʻttizligi" reytingida birinchilikni baliq va chipsidan boʻlak hech narsasi yoʻq, taombozlik bobida uquvsiz inglizlarga berib qoʻyibmiz.
Istehzo qilmayapman, aslo. Mensiz ham internetda oʻzbekning betakror oshini malomat qilganlar koʻp boʻldi. Men oshning yangi, taʼbir joiz boʻlsa, yanada ijtimoiyroq qirrasini kashf etganim haqida yozmoqchiman.
Ish va osh
Saharda osh, tushlikda osh, kechga yana osh-choyxonada...
Ishlashga umuman vaqt yoʻq. Avvallari ish qolib ketadi, deb ancha narsa yoʻqotganimni anglayapman hozir. Oshga borsang, amri-maʼrufda ancha-muncha hikmatli gaplarni eshitarkansan kishi.
Bu osh degani nafaqat moddiy, balki maʼnaviy ozuqa ham ekan. Qolaversa, men kabi ishsiz yurgan bekorchi insonga tushkunlikka tushmaslikda dalda boʻlmoqda. Chunki qoriakalarning maʼruzalarida asosiy urgʻu shukrona qilishga beriladi. Oʻzbekiston haqiqatan ham jannatmakon yurt. Mana, bir yil boʻlyapti qip-qizil bekorchi ekanligimga, ochimdan oʻlganim yoʻq. Xudoga shukur, har kuni toʻyxonalarda osh bor. Asosiy qoida - toʻy bilan maʼrakani adashtirib qoʻymaslik, borgan joyda oʻzini toʻgʻri tuta bilish.
Shunday boʻlsa-da, bu "biznes" ham kasod boʻlayotgandek... Hukumatning soʻnggi qarori - oshlarda odam sonini cheklash... Kamina kabi kutilmagan mehmonlarga jiddiy zarbadek tuyulmoqda. Aslida esa, oshlar ahli muslimning holisona duosi uchun beriladi. Demoqchimanki, biz kabi notanish "oshxoʻr"ning duosi haqiqatan ham holis boʻlishiga shubha yoʻq.
Koʻpgina mulozimlar berayotgan oshlarida ishtirok etish sharafiga musharraf boʻldim, lekin nazarimda ular hali-hanuz hukumatning qarorini bepisand qilayotgandek. Sababi, 500 va undan-da ortiqroq mehmon kelyapti. Balki ularning aksari kamina kabi kutilmagan mehmondir?!
Xullas, shu qarorning toʻliq, rosmana ishlashi uchun va aytilmagan "mehmonlarni" filtr qilishning samarali yoʻlini topishda menda bir taklif bor. Hozir texnika asrida yashayapmiz. Osh beruvchi shaxs oʻz mehmonlarini onlayn roʻyxatdan oʻtkazsa va bu yagona portalda aks etsa... Nomi koʻrsatilmagan shaxslarni aniqlash oson kechardi. Bu ishning monitoringini kaminaga topshirsangiz, malakali "oshxoʻrlardan" respublika miqyosida kommissiya tuzib, kutilmagan mehmonlarni fosh etib, televideniye orqali sharmanda qilardik. Kommissiya, bu qoʻshimcha ish-joylar degani. Yana kimdir belgilangandan koʻproq kishini taklif etilgani aniqlansa, 100 barobar minimal ish haqi miqdoridagi jarimani davlat byudjetiga undirish demakdir. Qolaversa, bu qonun ijrosini soʻzsiz taʼminlash ham degani.
Taklifim baʼzilarga kulgili tuyular, lekin bu oʻta jiddiy. Shuni amalga oshirsak, "super osh"dagi yoki "super lavash"dagi kabi ur-yiqitdek sharmandali holatlarning oldi olinardi. Bu ish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 2-bosqichda toʻyxonalar oldida elektron tabloda mehmonlar oʻz ismlari tagida barmoq izlarini qoldirib, shaxslarini identifikatsiya qilgan holda oshga kiradilar. Nomi chiqmagan insonga robot "kechirasiz, siz roʻyxatda yoʻqsiz, katta koʻcha" deb javobini berib turadi.
Oʻzimning fuqarolik burchimni ado etgan holda, yangi texnologiyalarni milliy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirishga kamtarona hissamni qoʻshmoqchiman. Oʻzligimizni anglagan ravishda yangilikdan qoʻrqmay yashaydigan dorulomon zamonlar keldi, axir.
Yana aytar gapim koʻp-ku, biroq soat 11 boʻlay deb qoldi, taraddudimni koʻray. "Tantana"da osh bor edi, tagʻin kech qolmay, asosiy olomon-qudalar orasida kirib olmasam, begonaligim sezilib qoladi. Ha aytgancha, "kasb"ning yana bir siri - qudalar bilan kirsang, hurmating ham baland, dasturxoning ham oʻzgacha boʻladi.
Mayli, hozircha xayr! Qolgan sir-asrorlarni keyingi oshgacha boʻladigan tanaffusda yozib yuboraman.
Blog mualliflarining fikri tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02 http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41390901?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit
Комментарии 8